O‘zbekiston milliy terma jamoasining JCH–2018 turniriga saralash bosqichi “A” guruhidagi raqibi – Xitoy terma jamoasi bugun, 7 iyun kuni Filippinga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushdi.
Gollarga boy kechgan bellashuvda xitoyliklar 8:1 hisobidagi yirik g‘alabaga erishdi. Avvalroq Avvalroq saralash bosqichi “A” guruhi ishtirokchilaridan Suriya terma jamoasi Yaponiya bilan (1:1), Qatar futbolchilari KXDR bilan (2:2) durang o‘ynagani, Eron termasi esa Chernogoriyani 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgani haqida xabar berilgandi.
O‘z navbatida O‘zbekiston terma jamoasi Toshkentda Tailand futbolchilari bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazib, 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Yuqoridagi barcha o‘yinlar JCH–2018 “A” guruhi 8-turiga tayyorgarlik vazifasini o‘tadi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston terma jamoasi saralash bosqichi 9-turida safarda Xitoy mehmoni bo‘ladi. Mazkur o‘yin 31 avgust kuniga belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, JCH–2018 saralash bosqichi “A” guruhi 7-turidan keyin Eron 17 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, 13 ochko jamg‘argan Janubiy Koreya ikkinchi pog‘onada bormoqda. O‘zbekiston terma jamoasi 12 ochko bilan uchinchi o‘rinni band qilgan. 4–6 o‘rinlarni mos ravishda Suriya (8 ochko), Xitoy (5 ochko) va Qatar (4 ochko) termalari egallagan.