Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

«Chelsi»ning «taxt»ga qaytishi

«Chelsi»ning «taxt»ga qaytishi

Baho:
+ | -

So‘nggi uch yil ichida Londonning ko‘k qismi bir qator o‘zgarishlarni boshdan kechirdi. Dastlab Joze qaytdi va darhol oltin medallar qo‘lga kiritildi. Xursandchiliklar ortidan esa omadsizlik seriyasi keldi va shu tariqa «Chelsi» Mourinyo bilan ikkinchi marta xayrlashdi. Shundan so‘ng klubni qayta tiklashga ehtiyoj tug‘ildi va yangi mavsumga yangi mutaxassis qo‘l ostida tayyorgarlik boshlandi. Konte portugaliyalik hamkasbining aksi - yuz ifodasida sovuqlikdan asar ham yo‘q, haqiqiy olov, qolaversa, zaxira o‘rindig‘ida jim o‘tirishdan ko‘ra, ehtiroslarini oshkor etishni xush ko‘radi.

Hozirgi «Chelsi» «benazir» qo‘l ostida chempionlikni qo‘lga kiritgan jamodan keskin farq qiladi. Va tan olish kerakki, undan kuchli. Bir yil avval «aristokratlar» boshqarib bo‘lmaydigan holatga kelgandek edi, tiklanishning iloji yo‘qdek tuyulgandi. Kontening tashrifidan so‘ng esa bu klub o‘ziga xos tarzda xotirjamlik va ishonch bilan sovrin tomon dadil intildi. Aynan shu «Chelsi»ni XXI asrdagi APLning eng kuchli chempioni, desak bunga qarshi chiqadiganlar ko‘p topilmasa kerak.

Italiyalik «maestro» atigi bir mavsumda yirik transferlarsiz butun klubni tubdan o‘zgartirib yubordi. Endi murabbiy kerakli kuchaytirishlarni amalga oshirsa, raqiblar xavotiri yanada oshishi shubhasiz. Ehtimol, «Tottenxem»ning yosh va tezkor futbolchilari harakatlaridan zavqlangandirmiz, ammo yakunda shohsupadagi o‘rin «Chelsi»ga nasib etdi. Tarixdan esa faqat g‘oliblar joy olishini unutmaslik darkor.

His-tuyg‘ularni bir chetga surib, musobaqa jadvali va statistikaga nazar tashlasak, «aristokratlar»ning 30ta g‘alabasi darhol ko‘zga tashlanadi. «Sanderlend» ustidan qozonilgan yirik hisobdagi yubiley g‘alabadan so‘ng «ko‘klar» APL tashkil etilganidan buyon birinchi bo‘lib ushbu ko‘rsatkichni qayd etgan jamoaga aylanishdi. Bularning bari Angliya premyer-ligasida raqobatbardoshlik oshgani ko‘p ta’kidlanayotgan davrga to‘g‘ri kelganiga nima deysiz? Bilasizmi, bir mavsumda eng ko‘p ochko jamg‘argan jamoa qaysi?.. Yana o‘sha «Chelsi» 12 yil avval Mourinyo boshqaruvida 95 ochko to‘plagandi, g‘alabalar soni esa kamroq bo‘lgan.

Eng yaqin ta’qibchi - «Tottenxem»ga ham tan berish lozim. Maurisio Pochettino shogirdlari mavsumdagi bir ko‘rsatkich bo‘yicha eng yuqori o‘rinni egallashdi. «Shporlar»da 86 ochko, to‘plar nisbati: 86-26.

Mazkur raqamlar «Chelsi» boshqalardan kuchliroq ekanligiga yana bir dalil, albatta. Zero bunday ta’qibchi bilan jamoa o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi va haqli ravishda APL bosh sovrinini qo‘lga kiritdi. 7 ochkolik farq 1992 yildan buyon kuzatilgan natijalarni hisoblab chiqilsa, o‘rtacha 6,52 ballga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, «Chelsi» mavsum davomida ajoyib rekordni takrorladi - ketma-ket qozonilgan 13 g‘alaba. «Aristokratlar» 1 oktyabrdan yangi yilgacha hech kimga ochko ulashishmadi. «Chelsi» g‘alabasining asosiy omili kerakli paytda tashabbusni qo‘lga ola bilishidadir. Ular 38 uchrashuvning 30tasida birinchi bo‘lib hisobni ochishgan, mavsum davomida esa atigi 457 daqiqa hisobda orqada borishdi. Yana bir fakt kishini hayratga soladi. Konte futbolchi almashtirib, o‘yinga ta’sir qilgandan so‘ng «Chelsi» deyarli gol o‘tkazmagan. Londonliklar faqat 4 fevral kuni zaxira imkoniyatidan foydalangandan keyin qo‘shimcha daqiqalarda «Arsenal» hujumchisi Olivye Jirudan hech narsani hal etmaydigan golni o‘tkazib yuborishgan, xolos.

Tanqidchilar yevrokuboklardan chetda qolish «Chelsi»ga yordam berdi, deyishmoqda. Tabiiyki, ular haq bo‘lishlari mumkin. Angliya kubogi finali «aristokratlar» uchun mavsumdagi 47-o‘yin bo‘ldi. Ular bu borada APL tarixida «Lester»dan (43ta o‘yin) keyingi o‘rinni egallashdi. Tulkilar o‘tgan mavsumni ajoyib tarzda o‘tkazganliklarini yodga olish darkor. «Chelsi» safida to‘qqiz futbolchi bir mavsum davomida 30 uchrashuvda boshlan-g‘ich tarkibda maydonga tushdi - Kurtua, Aspilikueta, Luis, Kexill, Alonso, Matich, Kante, Azar va Kosta.

Aspilikueta chempionat tarixida barcha uchrashuvlarni to‘liq o‘tkazgan to‘rtinchi futbolchiga aylandi. Bu ko‘rsatkichga avval Gari Pallister (1992|1993), Jon Terri (2014|2015) va Ues Morgan (2015|2016) erishishgan. Kurtua chempionat davomida 16ta «quruq» o‘yin o‘tkazib, eng yaxshi darvozabon sovrinini qo‘lga kiritdi. Himoya chizig‘i ham yaxshi natija ko‘rsata oldi, o‘tkazib yuborilgan to‘plar soni 33tani tashkil etdi.

Kontening «Hali «Chelsi» yanada kuchayadi», deb baralla gapirgani raqiblarni zir titratishi aniq. Badavlat rahbarning jamoaga to‘liq ishonishi va Yevropa Chempionlar Ligasiga qaytish yozgi transferlar mavsumida yirik xaridlarning amalga oshishini kafolatlaydi. Ko‘raylik-chi, Antonio Konte yangi mavsum bundanda kuchliroq jamoa tuza olishni uddalarmikan?!

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 17:29, 20.06.2017.
O'qildi: 6488 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.