Kirish Ro'yxatdan o'tish
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli 1-2 Jenoa
28/12 19:00 Parma 2-1 Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter
29/12 00:45 Lasio - Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul

Qurbon Berdiyev - «Qozonlik Venger»

Qurbon Berdiyev - «Qozonlik Venger»

Baho:
+ | -

Qurbon Berdiyev qaysi ta’rifga ko‘proq munosib - «Rostovlik Fergyuson»gami yoki «Qozonlik Venger»ga?

Asli turkmanistonlik mutaxassisning ma’lum muddatli ayriliqdan so‘ng «Rubin» klubiga qaytganiyu, hayratlanarli faoliyati davomidagi eng katta natijalarga aynan Tatariston poytaxtida erishganini hisobga olsak, unga ikkinchi laqab yaqinroq.

Har holda, Berdiyev Rostovda u qadar ko‘p ishlagani yo‘q, garchi qisqa vaqtda qo‘l ostidagi jamoani mutlaqo yangi darajaga olib chiqqan bo‘lsada. Demak, quyida rus futbolidagi eng tajribali murabbiyning «Rubin»ga qaytgani munosabati bilan uning ish yo‘liga birrov nazar solamiz.

Prezidentdan qutlov

64 yoshli Qurbon Berdiyev rus futbolida alohida o‘rin tutadigan murabbiylardan biridir. Birinchidan, u hattoki, mamlakat miqyosida ham kamtarin hisoblanadigan jamoani ketma-ket ikki marta chempionlik sari yetakladi. Ikkinchidan, o‘ziga xos uslubi bilan «Barselona» va «Bavariya»dek grandlarni ham mag‘lubiyat ko‘chasiga boshladi. Shuning barobarida 10 yildirki, uni o‘zi boshqargan klubning moliyaviy jarayonini mutlaqo «bo‘ysundirish»­ga urinishda ayblashmoqda. 2009 yil - Barak Obama AQSH prezidenti sifatida ish boshladi, «Vayronadan chiqqan millioner» eng yaxshi kartina o‘laroq, «Oskar» mukofotiga loyiq ko‘rildi, «Rubin» esa o‘zining yarim asrlik tarixida ilk bora Chempionlar Ligasida ishtirok etdi. Qozonliklar bunga qadar «sensasion» tarzda Rossiya chempionligini qo‘lga kiritgandilar. Tatariston jamoasi o‘sha yilning 20 oktyabr oqshomi Yevropadagi eng katta stadionlardan biri «Kamp Nou»da turnirning amaldagi g‘olibi - «Barselona» mehmoni bo‘lishdi. Xosep Gvardiola boshqaruvidagi, Lionel Messi yetakchiligidagi qudratli «Barsa» Rossiya chempionini «yanchib» tashlaydigan holatda edi. To‘g‘ri, «Rubin» bitta tur oldin «Inter» bilan uchrashuvda durang natija qayd etgandi, biroq muxlislar  jamoadan hech narsa kutishmayotgandi, baribir. Voqealar esa mutlaqo boshqacha rivojlandi. Deylik, 2-daqiqadayoq yarim himoyachi Ryazansev 30 metrlar chamasi uzoqlikdan darvoza to‘qqizligini nishonga oldi, keyin mezbonlar bir amallab hisobni tenglashtirishdi va uchrashuvning so‘nggi choragi o‘tib borayotgan payt Karadeniz chin «sensasiya»ga yo‘l ochgan gol muallifiga aylandi. «Barsa» qolgan vaqt davomida to‘xtovsiz hujum uyushtirdi, ammo Qurbon Berdiyev yo‘lga qo‘ygan himoya juda metin edi. Hakamning final hushtagi yangragach, Qurbon Bekiyevich maydonga cho‘kkalab o‘tirgancha qo‘llarini osmonga uzatib, shukrona aytdi. Oradan yana bir necha daqiqa o‘tgach esa, o‘sha vaqtdagi Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedevning klubga yuborgan tabriknomasini qabul qildi. Aytgancha, «Barselona»ga qarshi kechgan javob uchrashuvi chog‘i havo ancha sovuq edi, shunga qaramay, Berdiyev omad keltiruvchi pidjagida o‘tirdi va «Rubin» yana yengilmadi.

Real futbol

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, gap faqat omadda emas ekan. Oradan bir yil o‘tgach, «Rubin» o‘z maydonida «Barselona» bilan yana durang natija qayd etdi (to‘g‘ri, bu safar mehmonda mag‘lubiyatga uchradi). Keyinchalik Qurbon og‘a kamtarona  imkoniyatga ega yana bir klub - «Rostov» boshqaruvini qo‘lga oldi. Qarangki, bungacha biror sov-rin yutishni hattoki, o‘ylamagan klub turkman mutaxassisi yetakchiligida chempionlik sari dadil qadam tashlay boshladi. Muhimi, rostovliklar ham ichki arenadagi natijalar bejiz emasligini xalqaro maydonlarda isbotlashdi. Misol uchun, CHL saralash raundida «Ayaks» shunchaki, tor-mor qilindi - keyinchalik YELda katta shov-shuv ko‘targan golland klubi Rossiya safarini anchagacha unutolmasa kerak - 0:4. 2016 yilning 23 noyabrida esa «Rostov» endi CHLning asosiy raundida Germaniya chempioni - «Bavariya»ni dramatik tarzda yengdi - 3:2. Shu tariqa Berdiyevga haqli ravishda Rossiya zamonaviy futbolida mo‘’jiza yaratishga qodir inson sifatida qaraydigan bo‘lishdi.

Turkmanistondan Qozonga

Berdiyev Turkmanistonning Ashxobod shahrida tug‘ilgan va futbolga aynan jonajon yurtida qadam tashlagan. U futbol o‘ynash barobarida temiryo‘llar ustasi mutaxassisligini oldi. Darvoqe, Qurbon og‘a vaqtida Rostovning 2ta klubi sharafini himoya qilgan. Murabbiylik faoliyatini esa Qozog‘istonda boshlab, keyin ma’lum muddat Turkiyada ishladi va 1999 yili hattoki, Turkmaniston termasini boshqarishga ham ulgurdi. Murabbiy sifatida Rossiya futboliga yurishi esa 2000-yillar avvalida boshlandi — yaqin do‘sti Yuriy Dzyuba taklifi bilan Smolenskda «Kristall» boshqaruvini qo‘lga oldi. Notanish Berdiyev yana bir yildan so‘ng Qozonga ko‘chib o‘tib, «Rubin» bosh murabbiyiga aylandi. Mazkur klub sobiq sardori Sergey Xarlamovning aytishicha, jamoa o‘sha vaqt 90-yillardagi yo‘qchilik holatidan endi-endi chiqa boshlagan, ammo hamon ahvoli ancha tang edi. Natijalarga kelsak, Qurbon Bekiyevich deb-yut mavsumida «Rubin»ni birinchi divizionda olib qolish vazifasini uddaladi. Ikkinchi yili esa jamoa premyer-liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. «Natijalar keskin yaxshilanganiga qaramay, ko‘pchilik «Rubin»ga xuddi bir kunlik jamoadek qarardi. Men esa Qozonda orzularga yetishishga ishonib, ulkan rejalar tuza boshladim: shunday infratuzilma yaratish kerak-ki, klub vaqti kelib, yetakchilar safidan o‘rin olsin»,—xotirlaydi murabbiy.

Berdiyevga o‘z qarashidagi infratuzilmani bunyod etishda Konstantin Sarsaniya yaqindan ko‘maklashdi. Kuchli seleksiya samarasi o‘laroq, «Rubin» tarkibi qator saviyali legionerlar hisobiga raqobatbardosh holatga keldi va jamoa tartibli futbol ko‘rsata boshladi. Murabbiy harakatlari o‘laroq, qozonliklar qarshi hujum va standart vaziyatdan ko‘p gol urishni o‘zlashtirishdi: buning ustida haftasiga 4 marta alohida mashg‘ulot olib borildi. To‘kilgan terlar besamar ketmadi - «Rubin» o‘yinlarida to‘p xuddi pult bilan boshqarilayotgandek tasavvur uyg‘onardi. «Biz uchun eng muhimi - natija. Biroq bunga hujumkor futbol orqali erishish qiyin»,-degandi Berdiyev. Natija ko‘p kuttirmadi: klub premyera-ligadagi debyuti oxirida 5-o‘rinda borayotgandi. Ammo Qozonda yanada ko‘prog‘ini xohlashardi — klub prezidenti Kamil Isxakov turkman mutaxassisiga «bronza» uchun kurashishni tavsiya etdi. Jamoa buning uchun qatorasiga g‘alaba qozonishi shart edi. Rahbariyat topshirig‘i uddalandi, ammo SSKAga qarshi kechgan so‘nggi hal qiluvchi o‘yin atrofida turli-tuman gap-so‘zlar urchidi. Gap shundaki, hakam xatosi tufayli belgilangan burchak zarbasidan so‘ng moskvaliklar himoyachisi o‘z darvozasiga to‘p kiritib qo‘ygandi. Tabiiyki, Berdiyev o‘yin kelishilgan tarzda o‘tgani haqidagi farazlarni qat’iy ohangda rad etdi: «Yo‘q, biz shunchaki, boshimizdan baland sakradik». Xullas, «Rubin» elitadagi ilk urinishda bronza medalini yutgach, klub infratuzilmasini yanada yaxshilash imkoniyati ortdi. Murabbiyning aytishicha, chempionat yakunidagi tadbirda Tatariston prezidenti Mintimer Shaymiyevning shaxsan o‘zi ham ishtirok etgan va jamoa uchun muhim sanalgan alohida loyihani tasdiqlashga rozilik bergan. «Rahbarlar mendan yopiq futbol maneji qanchaga tushishi haqida so‘rashdi?-xotirlaydi Berdiyev. — Agar rostini aytganimda, Qozonda manej qurish xomxayolga aylanardi. Shuning uchun 2 baravar kam summani aytdim va yakuniy qaror ijobiy bo‘ldi. Yaxshilik uchun aytilgan yolg‘on shu...».

«Rubin» premyer-ligada o‘z o‘rnini mustahkamlagach, oldiga navbatdagi vazifani qo‘ydi — chempionatda g‘olib bo‘lish. Muhimi, bu vazifa klubning yarim asrlik to‘yi nishonlanadigan 2008 yili uddalanishi lozim edi. Bu borada aniq maqsad belgilangan o‘sha 2006 yili jamoa sport direktori lavozimiga Rustam Saymanov tayinlandi. Loyihaning moliyaviy jihatlari bilan aynan u shug‘ullana boshladi va sa’y-harakatlari evaziga «Rubin» bir qator ko‘zga ko‘ringan futbolchilar bilan shartnoma imzoladi: Sergey Rebrov, Gekdeniz Karadeniz, Sergey Semak... Muhimi, bu yigitlar Qozon jamoasining chempionatda birinchi bo‘lishiga katta hissa qo‘shishdi. Shu hamkorlik natijasida Saymanov va Berdiyev o‘zaro do‘stlashishdi. «Rustam - ko‘ngli toza yigit, u odamlar orqasidan sira gapirmaydi,-maqtardi Berdiyev «Rubin» menejerini. — U meni ancha tashvishlardan xalos etdi». Ammo Saymanov mehnatlari natijasini panjara ortidan ko‘rdi. U 2008 yilning may oyida 90-yillar sodir etilgan bir qator qotilliklarda daxldor sifatida ayblanib, 8,5 yil muddatga qamaldi (to‘g‘ri, 2014 yili muddatidan oldin ozodlikka chiqarildi). Saymanovdan tashqari, Eduard Safonov va Irakliy Gegechkori kabi «Rubin ma’muriyati vakillari ham kelishilgan o‘yinlar uyushtirishda gumon ostiga olinishdi. Berdiyev esa har qanday vaziyatda ham, hamkasblari va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlashda davom etdi. Deylik, Saymanov qamoqda o‘tirgan vaqt uning oilasidan muntazam xabar olib turdi. Rustam ozodlikka chiqarilgach esa, uni jamoaga qaytarishni istadi. «Rubin»ning tiklanishida Saymanov alohida rol o‘ynagan, xuddi Eduard Safonov va Irakliy Gegechkori kabi,—degandi bosh murabbiy o‘z qarorini izohlab. — U qanday shaxs bo‘lmasin, futbol nuqtai nazaridan qarasak, sidqidildan ishladi, klubga foyda keltirdi». Jamoa 2008 yilning kuzida chempionlikni naqd qilgach, Berdiyev kiyinish xonasida raqs tushayotgan payt futbolchilar Saymanov sharafiga «Rustam chempion!»-deya hayqirishdi.

Murabbiy atrofidagi mish-mishlar

Turli jinoyatlarda ayblangan shaxslar bilan aloqada bo‘lish Berdiyevga nisbatan salbiy munosabat shakllanishiga olib keldi. Xususan, 2009 yili mamlakat chempioni bo‘lgan va «Barselona» ustidan g‘alaba qozongan klub bosh murabbiyini korrupsiya hamda jamoa byudjetini o‘zboshimcha ishlatishda ayblashdi. «Berdiyev o‘zgalarda ijobiy tasavvur qoldirish yo‘lini yaxshi biladi. Misol uchun, har gal duch kelganda, hol-ahvol so‘rashdan erinmaydi: «Ishlaring qanday, uydagilar omonmi, muammo yo‘qmi?» Aslida esa uning eng sevgan matohi - bu janob Franklin tasviri tushirilgan 100 dollarli kupyura,-degandi 2006 yili «Rubin»da to‘p surgan, ammo murabbiy bilan kelishmovchilik sabab, jamoadan ketgan Roman Shirokov. — Berdiyevni avvaldan bilganlar uni aynan pul aynitganini tasdiqlashadi. Jamoada haddan ortiq ko‘p legioner o‘ynagani - bu unga xos «byudjetni yo‘lga qo‘yish» formulasi». «Biznes Onlayn» nashri sport bo‘limi rahbari Ayrat Shamilov esa «Rubin»ning moliyaviy oldi-berdilari haqida yozgan maqolasida Berdiyevni oshkora ravishda ayblagandi: «Karlos Eduardoning transferi Qurbon Bekiyevich qanday insonligi va shaxsiy manfaat yo‘lida hech narsadan qaytmasligiga isbot». Darhiqiqat, klub braziliyalik yarim himoyachining Qozonga kelishi (2010 yilning yozida) yo‘lida 20 mln. sarflab, o‘zining transfer rekordini yangilagandi. Karlos Eduardo birinchi bahsda «dubl» qayd etdi va keyin jarohatlanib safdan chiqdi. U shu asnoda Rossiya chempionatidagi navbatdagi golini 4 yil kuttirdi. Shamilovning aytishicha, qimmatbaho transferning o‘zini oqlamaganiga faqat Berdiyev aybdor: «Murabbiy Eduardoni sotib olishga shunchalik shoshildiki, hattoki, oddiy tibbiy xulosa olishni ham ortiqcha bildi». Ayblovchining xulosasiga ko‘ra, Berdiyev bu borada ayrim agentlar bilan til biriktirgan holda, ish olib borgan. Deylik, Leonid Istrat «Berdiyevning asosiy muzokarachisi» sifatida tilga olinardi. Chunonchi, bu agent faoliyatidagi asosiy transferlar «Rubin» bilan bog‘liq: Noboa, Natxo, Rondon... Umuman, «Biznes Onlayn» ma’lumotlariga ko‘ra, Istratning 10 nafar mijozi «Rubin»da to‘p surgan. Tushunarliki, u klubdagi oldi-berdilar evaziga yaxshigina haq olgan. Misol uchun, ekvadorlik Kristian Noboaning «Rubin»dan «Dinamo»ga o‘tishini tashkillashtirgani uchun (transfer narxi - 8 million yevro) bir million yevro ulush olgan. Tabiiyki, bu Rossiyaning 2ta jamoasi o‘rtasidagi kelishuv uchun juda katta gonorar. Vaholanki, Berdiyev agentlarga har bir o‘tish uchun o‘rtacha hisobda 3,5 foiz, ko‘pi bilan 10 foiz summa berilishini aytgandi.

2015 yili Berdiyev qo‘l ostida o‘ynagan futbolchilardan biri - Andrey Strelsov sports.ru saytiga bergan intervyusida «Rubin» murabbiyi har bir shartnoma va futbolchilar maoshidan maxsus ulush olishini aytdi: «Tan olaman, men ham Berdiyevga pul berardim, chunki maydonga tushishning yagona yo‘li shu edi. Ammo u menga aytarli imkoniyat taqdim etmadi, baribir». Oradan 2 kun o‘tgach, Berdiyev futbolchini sudga berishini aytganida, u so‘zlarini qaytarib oldi va jurnalistlarni noto‘g‘ri ma’lumot tarqatganlikda aybladi. Albatta, bu kabi voqealar Berdiyev shaxsiga nisbatan turlicha fikrlar uyg‘otadi: u jamoada korrupsiya illati ildiz otishiga aybdorday. Ikkinchi tomondan, Qurbon og‘a kamtarin jamoalar vositasida mo‘’jiza ko‘rsatishga qodir insondir. Korrupsiyaga bog‘liq ishlardan farqli o‘laroq, bunisi to‘la isbotlangan. Qurbon Bekiyevich «Rubin»dagi ikkinchi davrida ham mo‘’jizakor murabbiy sifatida gavdalansa, ajabmas.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:43, 03.07.2017.
O'qildi: 4099 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.