«Barselona» yetakchisi Neymar «PSJ» safini to‘ldirish haqida o‘ylamoqda. Unga nima bo‘ldi o‘zi?
Bombardir.ru sayti aynan shu savolga javob izlashga urinib, Neymarning kutilmagan qarori qanday yuzaga kelganini ko‘rib chiqdi.
Voqelik qanday rivojlanmoqda? Avvalgi dushanba kuni «PSJ»ning Neymar transferi uchun aql bovar qilmas darajada katta pul to‘lashga tayyorligi xususida gap-so‘z tarqaldi. Ispan matbuoti esa shu zahoti qiziqarli ma’lumotni taqdim etdi. Unga ko‘ra, bu masalada futbolchining yaqinlari tashabbus ko‘rsatishgan.
Ya’ni ular Neymarga jiddiy maslahat solishgan: «Agar «Barselona»da Messi soyasida qolishni istamasang, ketishing kerak...». Keyingi kuniyoq Kataloniya klubi vise-prezidenti Jordi Mestre maxsus bayonot orqali braziliyalik hech qayerga ketmasligi xususida qat’iy ishonch bilan gapirdi.
Biroq gap-so‘zlar kuchayganidan kuchaydiki, ko‘pchilik Neymarni Parij klubi libosida tasavvur qila boshladi. Hafta oxirida esa nihoyat, braziliyalik futbolchi ham o‘z munosabatini bildirdi - «Barselona»da hammasidan qoniqayotganini ta’kidladi. Ammo Globo Esporte xabariga ko‘ra, u do‘stlaridan Parij tomon yuzlanayotganini yashirmagan emish.
Shartnoma nimadan dalolat beryapti?Neymar va «Barselona» o‘rtasidagi shartnoma o‘tgan yili yangilangan. 2021 yilgacha mo‘ljallangan kelishuvga asosan, futbolchining 12 oylik maoshi 32,5 mln. yevroga teng. Badal puli summasi esa vahima uyg‘otadi - 222 million yevro. Biroq bu shuni anglatadiki, qaysidir xaridor 200 «limon»dan ko‘proq to‘lashga rozi bo‘lsa, «Barselona»dan alohida ruxsat olmasdan turib, futbolchi bilan bevosita kelishuvga erishishi mumkin.
Avvalgi mavsum ta’siri bormi?Neymar oxirgi mavsumni ajoyib tarzda o‘tkazdi. Ha, uning faolligi deylik, «Gol}pas» tizimiga bog‘liq statistikasida o‘z aksini topgani yo‘q. Zero, braziliyalik bu borada atigi 24 ochko yiqqan bo‘lsa, Luis Suares va Lionel Messi tegishlicha 42 va 46 ball to‘plashdi.
Ammo Neymar Whoscored baholash tizimiga ko‘ra, Ispaniya chempionatidagi barcha futbolchilar o‘rtasida mutlaq 1-o‘rinni egalladi. Braziliyalikning ayniqsa, o‘yinni tashkil etish xususiyati munosib baholandi. U yana muvaffaqiyatli dribling bobida ham barcha raqiblaridan ancha o‘zib ketdi. Qolaversa, keskinlashtiruvchi uzatmalar soni ham aynan Neymarda ko‘p bo‘ldi. Braziliyalik yulduz shuning barobarida jarima zarbalari ishlashni ham qoyillatdi - ispan ligasi bo‘yicha eng yaxshi natija.
«Barselona» nega qarshi emas?Ha, Kataloniya klubi o‘z yetakchilaridan birini osongina qo‘yib yuborishga moyildek ko‘rinmoqda. Agar «PSJ» chindan ham, uning uchun 222 million yevro berishga ko‘nsa, hech kim transfer sababini ortiqcha so‘ramasa kerak.
Shuning barobarida kataloniyaliklar afsuslanmaydilar ham. Birinchidan, olingan mablag‘ni juda effektli sarflash imkoniyati bor (misol uchun, Kilian Mbappe hamda Marko Verratti transferi ancha istiqbolli va foydali ko‘rinmoqda).
Ikkinchidan, klub rahbariyati Neymarning doimiy tarzda tungi klublar va shunga o‘xshash kechalarda o‘zini alohida «namoyon etishi»dan ancha zerikkan.
Uchinchidan, murabbiy Karles Unsue bilan yuzaga kelgan janjal futbolchiga ruhan ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Eslasangiz, «Barsa» ustozi unga Ronaldinyoning tashqi xatti-harakatlar oqibatida yuqori saviyani tezda yo‘qotganidan to‘g‘ri xulosa chiqarish haqida maslahat bergandi.
Qiziq...
Neymar transferi «PSJ» uchun jami chamasi 600 mln. yevroga tushishi mumkin. 222 «limon» - transfer to‘lovi, 175 «limon» - 5 yillik maosh, 50 «limon» - futbolchi va otasiga bonus (shartnomaga imzo chekilgani uchun).
Aytish joiz, Fransiyada «boylar uchun soliq» qoidasi mavjudki, serdaromad kishilarga 75 foizli tarif belgilangan.
Demak, «PSJ»ning Neymarga va’da qilingan maosh (haftasiga 670 ming yevro)ni to‘liq berish uchun 5 yil davomida qo‘shimcha 130 million sarflashiga to‘g‘ri keladi. Xullas, agar umumiy summani 100 yevrolik kupyura bilan o‘lchasak, 6 tonna puldan ulkan xirmon yuzaga keladi.
P.S.: turli manbalarda transferni amalga oshish muddati to‘g‘risida turli sanalar keltirilmoqda. Deylik, ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Neymar masalasi 25 iyul (bugun) kuni hal etilishi mumkin edi.
Xususan, Radio Catalunya Neymarning «PSJ»ga o‘tishi 95 foiz hal etilgani va parijliklar uning uchun shartnomasida ko‘rsatilganidek, 222 million yevro to‘lashlarini ma’lum qilgandi. Biroq so‘nggi xabarlarga ko‘ra, UYEFAning munosabati ushbu transferning amalga oshishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.
Gap shundaki, Yevropa futbol uyushmasi parijliklarga moliyaviy «Feyr-pley» qoidalarini eslatib, ularni Neymar uchun 200 million yevrodan ortiq to‘lash bunga mos kelmasligi xususida ogohlantirdi. Bordiyu, «PSJ» umumiy qoidalarga amal qilmasa, hattoki, CHLdan chetlatilishi mumkin. Demak, deyarli hal bo‘lgan transferning rasmiylashtirilishi katta shubha ostida qoldi.