Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Mishel Oneke terma jamoamizga foyda keltira oladimi?

Mishel Oneke terma jamoamizga foyda keltira oladimi?

Baho:
+ | -

JCH-2018 saralash bahslarining o‘ta ahamiyatli ikkita o‘yini oldidan O‘zbekiston milliy jamoasi murabbiylar shtabida o‘zgarish ro‘y berdi.

Bir qarashda, bu yangilikni anchadan buyon kutayotgandik, desak to‘g‘ri bo‘lsa kerak. Ayniqsa, ushbu mutaxassisning xorijlik ekani ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.

Xullas, endilikda termamizda jismoniy tayyorgarlik bilan Chima Mishel Oneke shug‘ullanadi.

Ushbu murabbiyning ta’rif-u tavsifi O‘zbekiston futbol federasiyasi rasmiy saytida yetarlicha keltirildi. Oneke - Nigeriya terma jamoasi sobiq futbolchisi bo‘lib, o‘z vaqtida Rossiyaning «Anji» klubida Gus Xiddinkka yordam bergan. Aniqrog‘i, dog‘istonlik futbolchilarning jismoniy tayyorgarligiga mas’ul bo‘lgan. Aynan shu ish 42 yoshli murabbiyning faoliyatida eng taniqli davr hisoblanadi. Bundan tashqari, «Shtutgart» va PAOKda fitness-murabbiy sifatida faoliyat olib borganini ham alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Chima Mishel Oneke haqida bilishimiz lozim bo‘lgan asosiy ma’lumotlar shulardan iborat.

Albatta, shunday tajribali mutaxassisning O‘zbekiston bosh jamoasida ish boshlagani o‘z mevasini bermay qolmaydi. Ammo masalaning bosh-qa tomoni ham bor. Onekega bo‘lgan barcha hurmatni saqlagan holda bir savolni o‘rtaga tashlasak - o‘ta muhim uchrashuvlar o‘tkazilishiga oz muddat qolgan bir pallada, boz ustiga, termamiz tarkibi yig‘inlarda boshqa, rasmiy uchrashuvlarda esa umuman o‘zgacha ko‘rinish olishini inobatga olsak, bu murabbiy jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha sezilarli o‘zgarishga qo‘l ura olarmikan?

Misol uchun, bosh jamoamizning Turkiya safariga asosan oliy ligadagi futbolchilar olib ketildi. Mazkur yig‘in jarayonida ichki chempionat vakillarining Onekedan nimanidir o‘rganishganiga shubha yo‘q. Ammo bu Xitoy va Janubiy Koreya termalariga qarshi bahslarda shu o‘yinchilarning aksariyati maydon chetida qoladi-ku. Mayli, Chima Mishelning salohiyatidan to‘g‘ri foydalana bilsak, bu narsa kelgusida bizga asqotishi ta-yin. Asosiysi, futbolchilarimiz tajriba to‘plashadi, jismoniy imkoniyatlarida o‘sish kuzatiladi. Va albatta, xorijlik mutaxassisning mehnatlari samara berib, mundial sari yo‘limiz muvaffaqiyatli yakunlanishidan umidvormiz. Bir so‘z bilan aytganda, mazkur tayinlov futbolimizga foyda keltirsin.

Aslida, termamizga xorijlik mutaxassis jalb etish zarurati haqida so‘nggi paytlarda ko‘p gapirilayotgandi. Xususan, O‘FF rahbariyati ham bu ishga jiddiy kirishishi natijasida murabbiylar shtabida serbiyalik Deyan Jurjevich ish boshladi. Ammo bu mutaxassisning bugungi kungacha bo‘lgan faoliyati nechog‘li samara keltirgani faqat milliy jamoamiz murabbiylarigagina ayon. Zero O‘zbekiston termasi o‘ynayotgan pallada Jurjevich raqiblar o‘yinini kuzatish uchun safarga jo‘nagan bo‘ladi. Uning qanday ma’lumotlar bilan qaytgani esa, odatda, oshkor etilmaydi.

Serbiyalik murabbiydan farqli ravishda Onekening ishi maydonda yaqqol ko‘rinadi. Ya’ni, agar u haqiqatan futbolchilarning jismoniy tayyorgarligiga ijobiy ta’sir o‘tkaza olsa, vakillarimizda lat yeyish xavfi kamayadi, charchoq alomatlari bartaraf etiladi yoki o‘yinchilarning tiklanish jarayoni tezlashadi.

Yaxshi bilamiz, terma jamoa ixtiyorida futbolchilar nari borsa 10-15 kun bo‘lishadi. Yirik musobaqalar o‘tkazilgan taqdirda bu muddat ikki barobar ortishi mumkin. Demak, shu vaqt ichida fitness-murabbiy zimmasiga jismoniy tayyorgarlik borasida katta o‘zgarishlar qilish mas’uliyati yuklatiladi. Aynan shu sababga ko‘ra, klub va terma jamoadagi ish jarayoni turlicha kechadi. Klublar bir necha oy davomida futbolchilarning tayyorgarligini shakl­lantirishadi, terma jamoa esa faqat eng yaxshi formadagi o‘yinchilarni chaqiradi. Shu bois ham odatda termada jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha kuchli mutaxassisga ehtiyoj katta emas. Onekening faoliyatiga nazar tashlasak, hali birorta milliy jamoada ishlamaganini ko‘rishimiz mumkin. Demak, bunaqasi uning tajribasida ilk marta ro‘y bermoqda. Kim biladi deysiz, ayni turdagi debyut murabbiyni yanada jiddiyroq ishlashga undar?! Demak, bu ham bizning foydamizga ishlashi mumkin bo‘lgan faktorlardan yana biri.

Albatta, Oneke termaga yordam berishni istaydi. O‘z navbatida, undan 3-4 kun ichida Vitaliy Denisovni maydonga qaytarishni talab qilmaymiz. Bunga ishonish qiyin. Axir u fitness-murabbiy, sehrgar emas. O‘FF rasmiy saytidagi xabarda keltirilishicha, «milliy terma jamoada jarohatlar epidemiyasi tarqalganligi sababli, qolaversa, keyingi ikki o‘yinga yuqori jismoniy tayyorgarlik ko‘rish maqsadida» murabbiylar shtabiga Oneke taklif etilgan. Demak, xorijlik mutaxassisdan talab etiladigani - jismoniy holatni mukammal holga keltirish.

O‘zbekiston milliy jamoasi 31 avgustda safarda Xitoy termasiga qarshi maydonga tushadi. 5 sentyabrda esa Janubiy Koreya Toshkentda mehmon bo‘ladi. Bu uchrashuvlar o‘zbek futbolining yaqin kelajagini belgilab beradi. Albatta, biz faqat g‘alabaga umid bog‘laymiz. Hal qiluvchi pallaga juda oz muddat qolmoqda. Bu vaqtda Oneke nimalarni o‘zgartira oladi? Bu haqida endi sentyabrda gaplashamiz...

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:03, 03.08.2017.
O'qildi: 9498 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.