«PSJ» KLUBI VA FRANSIYA LIGASI BRAZILIYALIK YULDUZ TRANSFERI ORTIDAN QANCHA TOPISHI MUMKIN?
Parijda Neymarning xaridi bo‘yicha debet va kredit hisob-kitobini keyinroq chiqarishadi, albatta. Ammo ushbu olamshumul loyiha chakki boshlanmadi.
«PSJ» prezidenti Nosir al Xelayfi boshidayoq futbol olamini larzaga solgan 222 million yevrolik transferdan ko‘zlangan asosiy maqsad «Neymar markasi» va «PSJ» brendini birlashtirish ekanligini yashirgan emasdi.
Qat’iy vazifa sifatida belgilangan ish shu qadar keskin tus oldiki, asti qo‘yaverasiz...
Parij brazilcha sariq rangda
RMC radiostansiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Parij klubi Braziliya terma jamoasi yetakchisi transferi rasmiylashtirilgan ilk kuniyoq o‘zining rasmiy sayti orqali 500 ming yevrolik mahsulot sotdi. Tushunarliki, gap avvalo, orqasiga «Neymar» yozuvi tushirilgan jamoa futbolkalari haqida ketmoqda.
Aniq raqamlar asosida aytsak, birinchi kuni Neymarning naq 10 ming dona formasi sotildi. Bir dona libosning bahosi - 140 yevro.
Mahsulotni ishlab chiqarish va yetkazib berish uchun ketgan xarajat, soliq to‘lovi va savdo tarmoqlari ulushini chiqarib yuborsak, bitta futbolkadan «PSJ» g‘aznasiga 30 yevro tushadi.
Familiyasiz libosning narxi esa 85 yevro va bunisidan klubga 15 yevro tegadi. Oddiy matematik amalga solsak, 222 millionni «yuvish» uchun «ismli» futbolkalardan 7 million dona sotish kerak. «2016 yili ekipirovka ishlab chiqaruvchi firma «PSJ»ning o‘yinchilar familiyasi yozilgan va oddiy futbolkalaridan umumiy hisobda 700 ming dona sotdi,- deya xabar berdi sport marketingi sohasidagi ekspert Virjil Kaye L~Express saytiga.
- Tarkibga Neymarning qo‘shilishi savdo hajmini keskin oshirishi va bu borada millionlik marra zabt etilishi aniq. Biroq aynan qancha forma sotilishini aytish ilojsizdir.
Faqat shuni e’tiborga olish kerakki, Neymar jahon darajasidagi megayulduz va butun yer yuzida yetarlicha muxlislari bor. Tabiiyki, ular birgina futbolka xarid qilish bilan cheklanmay, «PSJ» belgisidagi to‘p, sochiq va krujka kabi matohlarga ham pul sarflashadi».
Diqqatga sazovor tomoni, Parij jamoasi joriy mavsum mutlaq sariq tusli futbolkalardan ham foydalanadi. Aniqrog‘i, zaxira libosi xuddi Braziliya termasinikiday. Tushunarliki, bu ham o‘ylangan aksiya.
Deylik, ko‘plab muxlislar Fransiya chempionati startida «Amyen»ga qarshi kechgan o‘yinga aynan sariq rangli liboslarda tashrif buyurishdi. Aytgancha, Neymarni shu o‘yin chog‘i keng jamoatchilikka rasman tanishtirishdi.
Ijtimoiy tarmoqda nima gap?
LCI axborot telekanalida chiqish qilgan sport iqtisodchisi Vensan Shodelning aytishicha, ayni payt «PSJ» «Feysbuk»da 30 million obunachiga ega, Neymarning sahifasiga esa 60 million kishi yozilgan.
Demak, parijliklar braziliyalik futbolchi yordami bilan klubning «savdo maydoni»ni ancha kengaytirishadi. «Tvitter»dagi farq esa yanada katta: hujumchida 30,8 million, jamoada esa 4,8 million obunachi bor. «Fransiya oliy divizionida o‘ynaydigan 20ta klubni umumiy holatda olsak ham, ular ijtimoiy tarmoqlarda birgina Neymarchalik og‘ir tosh bosmaydilar.
Taxmin qilish mumkinki, braziliyalik yigit liga o‘yinlariga qiziqish darajasini keskin oshiradi, xususan, televizion kompaniyalar e’tiborini ham. Deylik, uning bu masaladagi ta’siri Zlatan Ibragimovichnikidan ham kuchli bo‘lishiga shubha yo‘q»,-deydi Virjil Kaye.
Qo‘shimcha qilish o‘rinli, shved hujumchisi manmanlikka berildi, oliftagarchilik qildi, biroq o‘xshatolmadi. Boz ustiga, mahalliy hakamlikdan norozi bo‘laverishi va yakunda Fransiya futbolini kamsitib gapirgani tufayli fransuzlar ko‘nglidan qoldi.
Qolaversa, Shvesiya va Braziliya terma jamoalari o‘rtasida katta farq bor. Ya’ni sayyoramizda Neymarning milliy jamoasiga qiziqish kattaroq, baribir. Yana bir tomoni, Neymar tig‘iz paytlar jamoadoshlariga Ibra kabi baqirolmasa kerak.
Uni hal qiluvchi lahzalarda jamoani o‘z ortidan ergashtiradigan murabbiy maslahatchisi rolida tasavvur qilish to‘g‘riroq. Misol tariqasida JCH-2014 1|8 finalini eslang: yosh hujumchi Chili termasiga qarshi uchrashuvning penaltilar seriyasida oxirgi zarbani amalga oshirishdan cho‘chimagan va jamoasiga g‘alaba keltirgandi.
Homiylik shartnomalarini qayta ko‘rib chiqishga asos
Neymarni reklama beruvchilar ham yoqtirishadi. U yosh, ko‘rinishi binoyidek. 2016 yili bejiz Krishtianu Ronalduni ortda qoldirib, sport ekipirovkalari ishlab chiqaruvchi mashhur kompaniyaning bosh «yuzi»ga aylanmadi. Lozannadagi sport iqtisodiyoti xalqaro markazi jozibadorlar reytingi 1-o‘rnini aynan Neymarga munosib ko‘rdi.
Taqqoslash uchun aytsak, Lionel Messi bu ro‘yxatda 4-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Krishtianu Ronaldu 11-qatordan joy oldi. Braziliyalik yulduz 25 yoshda va 2015 yili jahonning eng yaxshi futbolchisini aniqlash uchun o‘tkazilgan so‘rovda Messi va Ronaldudan so‘ng 3-o‘rinni band etdi.
Argentinalik va portugaliyalik yulduz tegishlicha, 30 va 32 yoshni «urib» qo‘yishganini inobatga olsak, Neymar uchun «Oltin to‘p» yig‘ish vaqti yaqinlashayotganini aytish mumkindir, balki. Xullas, marketolog Kayening ishonchi komil: «PSJ» Neymar tufayli homiylar bilan tuzilgan kelishuvlarni qaytadan ko‘rib chiqishi mumkin, albatta, manfaatdorlik darajasini yaxshilash maqsadida.
Qolaversa, yangi homiylarni o‘ziga qaratadi». Misol uchun, amaldagi bitimga ko‘ra, bosh homiy hozir yiliga 25 million yevro to‘laydi. Buni boshqa grandlar ulushi bilan solishtirsak, o‘rtada katta farq bor. Xususan, «Barselona» Yaponiya kompaniyasidan 55 million, «Manchester Yunayted» esa avtomobil korporasiyasidan 80 million yevro oladi.
Stadionlardagi holatga ta’sir
Umuman, braziliyalikni Fransiyada to‘p surishi Liga 1 uchun ajoyib yangilik. Endilikda «PSJ»ning har qaysi safar o‘yini joylarda alohida voqelikka aylanib, tribunalar muxlislar bilan to‘lsa, ajabmas. Klublar shuning barobarida chiptalar narxini oshirishi mumkin.
Demakki, liga ishtirokchilari iqtisodiy holati yaxshilanishini kutishga asos yo‘q emas. Yaqqol misol, braziliyalik futbolchi xarid qilingani bilan Gengam («PSJ» 2-tur o‘yinini shu shaharda o‘tkazdi)da erkin savdoga chiqarilgan chiptalar uchun kassalar oldida ertalabki soat 5dan uzun nav-bat yuzaga keldi.
«Ochig‘i, bu kabi iqtisodiy ko‘tarilishni orzu ham qilolmasdik,-dedi Fransiya ligasi prezidenti Natali Bua de lya Tur Le Republicain Lorrain nashriga bergan intervyusida. - Avvalgi mavsum stadionlarimiz 70 foiz to‘ldi. Endigi vazifa aniq - bu borada Angliya va Germaniyadagi 90 foizlik ko‘rsatkichga yaqinlashish.
Shuni nazarda tutsak, Neymarning kelishi ayni muddao bo‘ldi».To‘g‘ri, «PSJ»ning uy stadioni - «Park de Prens»da katta siljish kuzatilmaydi. Gap shundaki, Neymar yo‘qligida ham bu arena 90 foiz to‘lardi.
Televizion bozor ravnaqi
Eng muhimi, Neymar Fransiya ligasiga beixtiyor yangi televizion bozorlarni o‘zlashtirishda katta yordam berishi mumkin. Qarabsizki, translyasiyalar sotuvidan klublarga tegadigan ulush miqdori ko‘payadi. Ayni payt 2016-2020 yillarga mo‘ljallangan shartnomaga asosan, liga yiliga 748,5 million yevro oladi.
Le Man iqtisodiyot universiteti professori Jan-Paskal Gayan hozirdan liga rahbariyatiga navbatdagi muhlat uchun hozirdan savdo e’lon qilishni maslahat beryapti.
Uning taxminicha, yangi kelishuvda yillik daromadni milliard yevrodan oshirishni ko‘zlash kerak. Biroq bitta nozik tomoni shuki, «PSJ» prezidenti Nosir al Xelayfiga tegishli Qatarning BeIn Sports telekanali Fransiya chempionati mijozlaridan biridir.
Shunday ekan, u shartnoma bahosi oshirilishiga osongina ko‘nmasa kerak. Ammo mohiyatan olganda, bu «PSJ» uchun qo‘shimcha daromad olish va «Feyr-pley» qoidalariga amal qilish imkoniyati hisoblanadi.