Bugun O‘zbekiston futbol federasiyasida hisobot-saylov konferensiyasi o‘tkazildi.
Konferensiya yakunida O‘FFning sobiq prezidenti Mirabror Usmonov ham so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda olib borilgan ishlar, bo‘lib o‘tgan kamchiliklar borasida to‘xtalib, yangi rahbariyatning ishiga omad tiladi.
“Bunday uchrashuvlar kam bo‘ladi. Hozir futbol o‘sayotgani haqida ko‘p gaplar bo‘ldi. Ammo kamchiliklar haqida hech kim hech narsa demadi.
Avvalo meni O‘FF rahbarligiga taklif etishganiga mana 12 yil bo‘ldi. Qurilgan stadionlar, shart sharoitlar, bularning barchasi mening xizmatim emas.
Bu avvalo O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimov va o‘sha vaqtlarda Bosh Vazir lavozimida bo‘lgan Shavkat Mirziyoyev janoblarining xizmatlari hisoblanadi.
Lavozimiga kelganimda aytgandim: “Mendan hech narsa kutmanglar. Mendan jahon chempionatiga olib chiqishni so‘ramanglar. Buni va’da bera olmayman.
Sakkiz, o‘n yildan so‘ng jahon chempionatiga chiqib, nimadir ko‘rsatishimiz mumkin. Bizda poydevor yo‘q”, degandim.
“Hukumatimiz sportga katta e’tibor qaratmoqda. Endi sportchilarimiz g‘olib chiqsa, bir umr maosh oladi. Osiyoda kimga shunday sharoit yaratib berilmoqda?
Bizning maqsadimiz nima? Cho‘qqilarga chiqish hali nasib etadi. Hozirgi maqsadimiz esa - sog‘lom avlod qoldirish. Agar o‘zimizdan sog‘lom avlod qoldirsak, Davlatimiz kelajagi ham porloq bo‘ladi.
Mana O‘FFga yangi rahbar saylandi. Ularga katta omad tilayman. Duo qilamiz, o‘z oldiga qo‘yilgan maqsadga erishsin. Yangi rahbariyatga maslahatim - hech qachon tanqiddan qochmanglar. Ishlamagan odamni birov esga ham olmaydi, tanqid ham qilmaydi.
Ammo tanqid ham har xil bo‘ladi. Yuzta tanqid bo‘lsa, shundan 20 tasi to‘g‘ri bo‘ladi. Mana shu yerda jurnalistlarimiz ham o‘tiribdi.
Ular vaqtida bizni tergab turishdi, o‘z fikrlarini berishdi. Biz esa ularni e’tiborga oldik. Demak sportning rivojlanishida jurnalistlar va muxlislarning ham katta xizmati bor. Shuning uchun tanqid yaxshi narsa. Undan qochmaslik va unga e’tibor berish kerak.
Albatta har bir odamning o‘ziga yarasha armoni bo‘ladi. Men ham bir armon bilan ketyapman. Shu jahon chempionatiga chiqsak ham yomon bo‘lmas edi.
O‘ylaymanki keyingi 4 yilda albatta O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatiga chiqadi va u yerga borganda bizni uyaltirib qo‘ymaydi.
Hammaga omad tilayman. O‘ylab qo‘ygan niyatingiz ro‘yobga chiqsin. Sog‘ bo‘linglar”, - deya so‘zlarini yakunladi Mirabror Usmonov
Mirabror Usmonov O‘zbekiston futboliga qo‘shgan ulkan hissasi uchun tantanali ravishda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.