Yaqinda aralash janglar ustasi Konor Makgregor boks ustasi Floyd Meyvezerga qarshi ringgga chiqdi. Jangning 10-raundida texnik nakautga uchragan Konor mag‘lubiyat alamini totib ko‘rdi.
E’tiborli tomoni, Makgregor bir paytlar futbolchi bo‘lishni istagan ekan. Buni Irlandiyaning «Luders» jamoasi ustozi Devid Glennon rossiyalik jurnalistlar bilan bo‘lgan suhbatda aytib o‘tdi.
- Keling asosiy masaladan boshlaymiz: nahotki, Konor Makgregor jiddiy tarzda futbol o‘ynagan bo‘lsa?
- Ha, bu haqiqat. Britaniyada futbol eng ommabop sport turi. Bolalar ko‘chalarda to‘p tepishni kanda qilishmaydi. Konor ham shular jumlasidandir. Avvaliga boshqalar kabi u ham ko‘cha maydonchalarida o‘ynagan. Keyin esa bizning futbol seksiyamizga tashrif buyurgan.
- Makgregorni shug‘ullantirgan klub haqida ko‘proq ma’lumot bersangiz...
- Klub «Luders Seltik» deb ataladi. Aniqrog‘i, bu bolalar va o‘smirlar futbol maktabi. Bizning katta jamoamiz bo‘lmagan. Asosiy maqsad irlandiyalik yosh futbolchilarni tayyorlash bo‘lgan.
- «Luders Seltik»ning shaxsiy homiylari bo‘lganmi yoki klub davlatnikimi?
- Bu Angliyaning «Manchester Yunayted» klubi loyihasi. Ular har yili ma’lum miqdorda pul ajratishadi va butun Irlandiya bo‘ylab iqtidorlarni topishni talab qilishadi.
Kelajakda ular «Yunayted»ning asosiy tarkibida o‘ynashga qodir bo‘lishlari kerak. Bunday birinchi loyiha Fergyuson tug‘ilgan Shotlandiyada paydo bo‘lgandi. Keyinchalik Irlandiya, Daniya, Portugaliya kabi mamlakatlarda ham bunday maktablar ishga tushdi.
- Konor o‘z intervyularida «Manchester Yunayted»ga muxlislik qilishini aytadi. Endi tushunarli.
- 90-yillar va 2000-yillarning birinchi yarmida Fergyuson jamoasi butun Britaniyada mashhur bo‘lgan. Jamoa hammadan ko‘p Angliya chempionligiga erishgan, Chempionlar Ligasida zafar quchgan va albatta, jamoa tarkibida ajoyib futbolchilar o‘ynardi.
Konorning «Yunayted»ga muxlislik qilishining asosiy sababi klub filialida o‘ynagani bilan bog‘liq bo‘lmasa kerak, deb o‘ylayman. Uning bunga Kin, Giggz, Bekxem, Van Nistelroy kabi futbolchilarning o‘yinlari majbur qilgan, hoynahoy.
- MMAning bo‘lajak yulduzini tarbiyalash qanday bo‘lgan?
- O‘shanda Makgregorning MMAda bunchalik nom qozonib, jahon darajasidagi yulduzga aylanishini hech kim xayoliga keltirmagandi. «Luders»da Konor kamtar yigit edi.
Lekin o‘shandayoq uning ko‘p o‘qishga, shug‘ullanishga ishtiyoqi baland edi. Futbol taktikasi borasida ko‘p savollar berardi. Hattoki, mashg‘ulotlardan keyin qolib, zarbalarni mashq qilardi.
- Konor qaysi pozisiyada o‘ynardi?
- Makgregor strayker bo‘lgan. Uni hamisha hujumga qo‘yardik va ko‘p gollarni urardi. U chempionatda «Luders» to‘purari bo‘lgan.
- Nimaning hisobiga o‘z gollarini urardi?
- Makgregorning texnikasi yaxshi bo‘lgan. Albatta, Ronaldinyonikiga o‘xshamasdi. Biroq Irlandiya darajasida ajralib turardi. Bizning futbolchilar atlet bo‘lishadi, pressing va bosh bilan o‘ynashni yaxshi o‘zlashtirishadi.
Konorda ham bunday jihatlar yaxshi rivojlangandi. Qo‘shimchasiga u to‘p bilan binoyidek muomala qilardi. Men Makgregorni Aleks Fergyusonning «Manchester Yunayted»i uchun tayyorlardim. Lekin buning o‘rniga u jang va «qafas»ni tanladi.
- Konor Makgregorning «MYU»ga emas, balki MMAga yo‘l olishiga kim sababchi?
- Uning o‘zi kuchini shu sport turida sinab ko‘rishga qaror qildi. Avvaliga «Luders» va yakkakurash mashg‘ulotlarini teng olib borishga harakat qildi. Bu esa futbolga o‘z ta’sirini o‘tkaza boshladi.
U mashg‘ulotlarga kam kela boshladi. Keyinchalik Konorning to‘purarlik xususiyati pasayib ketdi. Natijada bittasidan voz kechishga qaror qildi.
- Makgregorning futbolni tugatishini qachon his qildingiz?
- U haftada bir marta mashg‘ulotlarga kelishni boshlaganida. Konorning oilasi boy bo‘lmagan. Otasi sportni tashlab, o‘qish va ishlashini talab qilgan. Keyinchalik shunday ham bo‘ldi.
Makgregor ishlashni boshladi va nafaqat futbol, balki yakkakurashlarni ham tashlab qo‘ydi. Vodoprovodchi bo‘lib ishlayotganida shunchaki o‘zi uchun zalda shug‘ullanardi. Futbol uchun esa vaqti va kuchi qolmagandi.
- U futbolni tashlab, MMAga o‘tib to‘g‘ri qaror qabul qilganmi?
- Menimcha, ha. Chunki u bo‘lmaganida hozir meni izlamagan bo‘lardinglar.
- MMA Irlandiyadan terma jamoa futbolchisini o‘g‘irlab oldimi?
- To‘g‘risi, bu savolga javob berish qiyin. Konorning Irlandiya terma jamoasi darajasidagi futbolchi bo‘lib yetishishi yoki yetishmasligini oldindan aytib bo‘lmasdi. Hammasi uning o‘ziga bog‘liq edi. Ammo ishonchim komilki, u Irlandiya chempionatida bemalol o‘ynagan bo‘lardi.
- Makgregor futbol o‘ynaganida qiziqarli voqealar bo‘lganmi?
- Biz safarda juda qo‘pol jamoaga qarshi to‘p surganmiz. Burchakdan to‘p tepilayotganda, raqib hujumchisi darvozabonimizga atayin tashlanib, unga jarohat yetkazdi. Konor shu zahoti undan qasdini oldi.
Unga yana uch nafar raqib futbolchisi tashlandi. Ularni ham yer tishlatdi. O‘shanda Makgregor yakkakurashlarga jiddiy e’tibor qaratib, futbolni deyarli tashlab qo‘ygandi. Esimda, o‘yinda bir nechta qizil kartochkalar ko‘rsatilgan.
«Luders»da «Terminator» o‘ynayotgani to‘g‘risidagi xabar boshqa jamoalarga ham tez yetib bordi. O‘shandan keyin safar o‘yinlarini bemalol o‘tkazardik. Chunki raqiblar bizdan cho‘chib qolishgandi.
- Ayni paytda u futbolni kuzatib boradimi?
- Albatta. O‘tgan yili Irlandiya terma jamoasining Yevro-2016ga ketishidan oldin maxsus videomurojaat yo‘llagandi. Agar futbolni kuzatmaganida bu rolik uchun vaqtini sarflamasdi.