Oliy liga 22-turidan o‘rin olgan «Dinamo» - «Bunyodkor» (0:2) uchrashuvidan keyin, «Dinamo» bosh murabbiyi Oleg Tyulkin jurnalistlar savollariga javob qaytardi.
- Oleg Pavlovich, navbatdagi muvaffaqiyatsizlikni qanday izohlaysiz?
- Bugun faqat g‘alabani ko‘zlagan edik, ammo «Bunyodkor» bizdan ustun ekanligini bugun ko‘rsatdi. Bizda kurashuvchanlik yetishmadi deb o‘ylayman. Oddiy vaziyatlarda tajribasizlik ham pand berdi. Qolaversa, har ikki bo‘lim boshidagi tezkor gollar jamoamizni ruhiy og‘ir ahvolda qoldirdi. Eng katta muammoimiz – gol ura olmayapmiz. Vaziyatlar yaratayapmiz, ammo yakuniy nuqtani qo‘ya olmayapmiz. Gol ura olmasak g‘alaba qozonish, ochko yig‘ish qiyin.
- Jamoa so‘nggi bor 13-turda gol urgandi. Hech bo‘lmasa murabbiylar tunnel yakunidagi yorug‘likni ko‘ra olishayaptimi, ya’ni bu vaziyatdan chiqib ketish yo‘llari bormi?
- Albatta, harakat qilayapmiz, mashg‘ulotlarda tushuntirayapmiz. Aksariyat futbolchilarda oddiygina mahorat yetishmayapti o‘yin davomida. O‘ylaymanki, yigitlar ham vaziyatni tushunib turishibdi.
- Vaziyatdan chiqib ketish uchun qanday choralar ko‘rmoqchisiz?
- Qo‘l ostimizdagi futbolchilarimiz bilan vaziyatni to‘g‘irlashimizga ishonaman.
- Jamoa gol ura olmayapti. Davralar oralig‘ida hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun golurar hujumchilarni taklif etish varianti yo‘qmidi?
- Bilasiz, davralar oralig‘ida o‘yinimiz uchun muhim bo‘lgan ijara asosidagi futbolchilarni o‘z klublariga qaytarib berishga majbur bo‘ldik. Ular o‘yinimizga moslashgan edilar. Shundan keyin o‘yinimizni bir maromda barqarorlashtira olmayapmiz. Yangi kelgan to‘rt futbolchimizga esa to‘liq kirishib ketish uchun vaqt kerak bo‘layapti.
- Bugungi o‘yin tarkibda rotasiya qilish lozimligini ko‘rsatmoqda. Jarohat olgan futbolchilar, zaxiradan foydalanish, qolaversa Temur Jo‘rayev, Orif Mamajonovlar qachon safga qaytishadi?
- Keyingi o‘yindayoq tarkibimizdan to‘liq foydalana olamiz. Temur Jo‘rayev, Orif Mamajonovlar oilasida musibat bo‘lgani uchun ularni qisqa vaqtga javob bergan edik. Keyingi «So‘g‘diyona» bilan o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz. Bugun ham mag‘lubiyatga qaramay, stadionda bizni qo‘llab turgan, bizga ishongan muxlislarga minnatdorchilik bildiramiz.