Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Mo‘minjonov: «Har uchrashuvda jamoamdan tajovuzkor o‘yin talab qilaman»

Mo‘minjonov: «Har uchrashuvda jamoamdan tajovuzkor o‘yin talab qilaman»

Baho:
+ | -
"Navbahor” jamoasi ikkinchi davrada yaxshi natijalar ko‘rsatayotganiga e’tibor qaratayotgandirsiz. Ayniqsa, ushbu mavsumda o‘z maydonida yutqazmagan yagona jamoa bo‘lib turgani diqqatga sazovordir.

Bosh murabbiy Ilhom Mo‘minjonov birinchi davrada ko‘ngildagidek natija ko‘rsata olmagandi, qolaversa, yozgi seleksiyada yana tarkibda katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Lekin hozirgacha uning ushbu o‘zgarishlari o‘zini oqlab kelayotganini ko‘rib turibmiz. Ayniqsa, ikkinchi davrada mag‘lubiyatsiz odimlab kelayotgan “Paxtakor”ning Namanganda qoqilishi ham Mo‘minjonovning samarasi o‘laroq deyishimiz mumkin. Aytish mumkinki, “Navbahor” ustoziga beriladigan bir qancha savollarimiz bor edi va Ilhom Ibragimovich taklifimizni qabul qildi.   

“Paxtakor”ga qarshi o‘yinda jamoangiz katta shijoat ko‘rsatib muhim g‘alabaga erishgan holda namanganlik muxlislarning kayfiyatini yanada ko‘tarib yubordi. Biroq o‘yindan keyingi matbuot anjumanida yuz bergan yoqimsiz vaziyat tufayli PFL “Navbahor”ni jarimaga tortdi. Bo‘lib o‘tgan voqeadan so‘ng ayting-chi, “Paxtakor”ni mag‘lubiyatga uchratish jamoa uchun qimmatga tushmadimi?

Yo‘q. G‘alaba qozonganimizdan futbolchilar, rahbarlar, stadionga yig‘ilgan muxlislar, umuman hamma xursand bo‘ldi. PFL bizga to‘g‘ri jarima soldi. Chunki matbuot anjumaniga muxlislar kirishi mumkin emas. Afsuski, uchrashuvdan so‘ng ishqibozlarning janjal chiqarishgani “Navbahor”ning obro‘si uchun minus bo‘ldi. Shuning uchun PFLning chiqargan qaroriga e’tirozim yo‘q. Klub moliyaviy tomondan jarimaga tortilganining ta’siri bo‘ladi. Albatta, qo‘lga kiritilgan bunday yutuqdan keyin 10 million so‘m ham ko‘zga ko‘rinmaydi. Lekin boya aytganimdek, bo‘lib o‘tgan ishlar jamoamiz uchun minus. Baribir jamoamiz uchun yo‘q joydan qo‘shimcha chiqim bo‘ldi. 

 

“Paxtakor”ga Shota Arveladze kelganidan keyin uning jamoasini hech kim mag‘lubiyatga uchrata olmayotgandi. Lekin Namanganga kelib ularning mag‘lubiyatsiz yurishi tugadi. Ilhom Mo‘minjonov “Paxtakor”ni mag‘lub etish sirini qanday topdi?

“Navbahor”da ishlayotganimga bir yilcha bo‘lib qolyapti. Biz har bir uchrashuvga jiddiy tayyorlanamiz. Shogirdlarim bilan raqibni puxta o‘rganib chiqamiz. Har doim ularning o‘yin uslubini ko‘ramiz. Har bir o‘yinga bo‘lgani kabi “Paxtakor”ga qarshi ham shunday hozirlik ko‘rdik. Ularning chiziqlarida qaysi futbolchilar to‘p surishini va nimalarga qodirligini yaxshi bilardik. Raqib kim bo‘lishidan qat’iy nazar hamma vaqt bir xil munosabatda bo‘lamiz, jamoa tanlamaymiz. O‘ylaymanki, yaxshi tayyorgarlik ko‘rganimiz uchun ham g‘alabaga erishdik. Futbolchilarim ham mening nimani talab qilishimni bilishadi. Doim raqibga nisbatan tajovuzkor o‘yin ko‘rsatishimizni xohlayman. Har bir uchrashuvda futbolchilarga katta talablarni qo‘yyapman va buni yigitlarimiz yaxshi bilishadi. Hatto, mashg‘ulotlarda ham qo‘l ostimdagilardan jiddiy va katta ishtiyoq bilan ishlashini talab qilaman. Mening xarakterim va ish uslubimni ko‘plab murabbiylar ham bilishadi. Aynan ushbu o‘yinimiz bilan bugungi kundagi natijalarimizni ko‘rsatib kelyapmiz. Bundan keyin ham tajovuzkor tarzdagi o‘yinlarimizni ko‘rsatishga harakat qilamiz. 23 ta o‘tkazgan barcha o‘yinlarimizga bir xil tarzda tayyorgarlik ko‘rib kelganmiz va bundan keyin ham shunday davom etadi. To‘g‘ri, “Paxtakor”ning nomi bor. Uning safidagi o‘yinchilarining individual mahorati bir bosh baland bo‘lishi mumkin. Bu xalq jamoasi bo‘lgani uchun u yerdagi futbolchilar o‘zlarini ko‘rsatgisi va hamma o‘yinlarda yutgisi keladi. Bu klubda to‘p surishni xohlaydiganlar talaygina. Buning ustiga jamoani taniqli mutaxassis boshqaryapti. Arveladzening u yerda ishlayotganiga ikki yarim oy bo‘ldi va ayni paytda “Paxtakor” o‘yin sifati borasida ko‘tarilib boryapti. “Neftchi”ga bejizga oltita gol urmadi yoki “Lokomotiv”ni yutgani ham o‘z-o‘zidan bo‘lib qolgani yo‘q. “Paxtakor”ni kuchliligini bilamiz. Lekin futbolchilarimizning g‘alabaga bo‘lgan kuchli ishtiyoqi ham uch ochkoni qo‘lga kiritishimizga turtki berdi. Qarshi hujum taktikasini qo‘llab g‘alabaga erishdik. Bizga omad ham kulib boqdi.

Qo‘l ostingizda iqtidorli futbolchilar bor. Ulardan biri Abbos Maxstaliyev hisoblanadi. Uning “Paxtakor” klubi tarbiyalanuvchisi ekanini barcha biladi. Bu futbolchini birinchi davradan so‘ng “Neftchi”dan taklif etgansiz, ammo huquqiy jihatdan “Paxatkor”ga tegishlidir. Shunga qaramay, uni mazkur o‘yinda zaxiradan maydonga tushirdingiz. Demak, shartnomasida uni maydonga tushirmaslik bo‘yicha band yo‘qmidi?

“Paxtakor”dan ijaraga ikkita o‘yinchi olganmiz. Bular – Abbos Otaxonov bilan Abbos Maxstaliyev. Bu futbolchilarni “Paxtakor”ga qarshi maydonga tushirmaslik haqida gap-so‘z yo‘q. Agar shunday bo‘lganida uchrashuvdan bir-ikki kun oldin klub vakillari bizga ularni o‘ynatmaslik haqida aytib ogohlantirgan bo‘lardilar. Lekin bunday bo‘lmadi. “Paxtakor” bu ishni qilmasdi ham. Chunki ular hozirgi kunda shundoq ham kuchli jamoa. Otaxonov bilan Maxstaliyevni ushbu uchrashuvda maydonga tushirganim terma jamoamiz uchun foydali bo‘ladi. Bunday yuqori saviyadagi bellashuvlarda o‘ynashda o‘yinchilarning tajribali ham oshib boradi. O‘ylaymanki, “Paxtakor” rahbariyati bu qarorimizga qarshi bo‘lishmaydi. Baribir ular ilg‘or jamoa va bu kabi holatlarga qarab o‘tirishmaydi. Bu yilgi chempionatimiz juda qizg‘in o‘tyapti. Oldingi yilgiga qaraganda o‘sish bor. “Bunyodkor”dan ham ikkita o‘yinchi olganman, Sardor Azimov va Dilshod Hamroyev. Ularni ham sobiq jamoasiga qarshi maydonga tushiraman.

 

Yana bir ajoyib statistika bor. “Navbahor” deganda aksariyat muxlis va mutaxassislarda uy jamoasi degan ibora paydo bo‘lardi. Biroq oxirgi paytlarda uy jamoasi atamasi klubga nisbatan qo‘llanilmay qo‘ygandi. Ammo joriy mavsumda sizning boshchiligingizda o‘z maydonida yutqazmagan jamoa birgina “Navbahor” bo‘lib turibdi. Bu bilan namanganliklar yana uy jamoasi iborasini o‘ziga qaytarib olayotgandek.

Boyagi aytgan gapimni yana takrorlashim mumkin, biz har bir uchrashuvga juda jiddiy tayyorlanamiz. Safarda ham, o‘z maydonimizda ham futbolchilarimizdan bir xil tajovuzkor o‘yinni xohlayman. Shuning uchun nafaqat uyda yutqazmayapmiz, balki safardagi bellashuvlarda ham ochkolarni qo‘lga kiritib kelyapmiz. Biz tomondan maksimal darajada tayyorgarlik bo‘lyapti, qolgani Xudodan. Bilasizlar, Namanganda “Bunyodkor”ni ham, “Lokomotiv”ni ham to‘xtatdik. Hozircha jamoamizda moliyaviy tomondan ahvol ham yaxshi, yomon emas. Uyda devorlar ham yordam beradigan degan gap bor. Shu sababli o‘z maydonimizda minglab muxlislarimizning qo‘llab-quvvatlashi ham jamoamizga dalda bo‘lyapti.

Siz ham statistikaga qiziqib, e’tibor berib turibsizmi?
E’tibor beraman. O‘yinga va mashg‘ulotlarga berilib ketgan paytlarimda klub vise-prezidenti Akrom Dadaboyev, jamoa boshlig‘i Nosir Sultonov namanganlik bo‘lgani uchun klubning tarixini yaxshi bilishgani sababli menga hammasini eslatib turishadi. Ular menga o‘z maydonimizda yutqazmayapmiz, rahmat Ilhom aka deb aytib turishadi. Shuningdek, viloyatimiz rahbari Xayrulla Xayitboyevich Bozorov ham o‘z uyimizda yutqazmayotganimizni va oldin bunaqasi bo‘lmayotganini aytib minnatdorchilik bildirmoqda. Rahbarlarning jamoamizga e’tibor berib turishgani albatta bizga asqotyapti. To‘g‘ri, to‘p yumaloq, maydon tekis. Hali oldimizda jiddiy o‘yinlar turibdi. “Buxoro”, “Mash’al”, “So‘g‘diyona” kabi jamoalarni qabul qilamiz. 

Sizni murabbiy rolida kuzatish bizga ham qiziq bo‘lyapti. O‘zingizdagi g‘alabaga bo‘lgan chanqoqlik va qiziqqonlik futbolchilarga ham o‘tyapti. Murabbiy sifatida boshqalarga o‘zingizni isbotlash niyati bordek tasavvur paydo bo‘lmoqda. Bu fikrda adashmadimmi?

Har bir mashg‘ulotimizda yigitlardan jon-jahdlari bilan ishlashlarini talab qilaman. O‘yin 90 daqiqa davom etadi va futbolchilarimizdan jonini berib o‘ynashlarini istayman. Jamoam har doim yutishini xohlayman. Shuning uchun bo‘lsa kerak, uchrashuv davomida o‘zimdan qanday energiyalar chiqqanini sezmay qolaman. Yordamchilarim gol urilgan vaziyatlarda juda kuchli xursand bo‘lib ketishim haqida gapirib turishadi. Hattoki, xursandligimdan shogirdlarimni turtib yuborgan paytlarim ham bo‘lgan. Masalan, birinchi davrada “Sho‘rtan”ni qabul qilgandik. 82-daqiqada Oybek Qilichev standartdan chiroyli gol urgandi. O‘sha paytda zaxira o‘rindig‘imizda ikkinchi darvozabon Akmal Ortiqov bor edi va hozirda u o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun “Andijon” jamoasi sharafini himoya qilyapti. Oybek gol urgan mahalda juda xursandligimdan Akmalni kuchli tarzda turtib yuborgan ekanman. Ertasi kuni Ortiqov agar o‘rnimda boshqasi bo‘lganida ko‘kragi sinib ketardi degandi. Futbolchilar o‘yin paytida mening qanday holatda bo‘lishimni yaxshi bilishadi. Chunki men yigitlardan tajovuzkorlikni talab qilyapmanmi, bu narsa o‘zimda ham sezilib turadi. Natijada hech nimani o‘ylamasdan o‘yinga berilib ketaman.

Ikkinchi davrada hujumchingiz Ro‘zim Ahmedov gol urish borasidagi samaradorligini oshirdi. Ammo Nemanya Yovanovichga nisbatan bunday fikrni ayta olmaymiz. 

Menda yilning boshidan uchta markaziy hujumchim bor. Ro‘zim Ahmedov, Ravshan Xursanov va Nemanya Yovanovich. Men doim bir hujumchi va to‘rtta yarim himoyachi bilan o‘ynayman, bu mening taktikam. Yovanovichni birinchi davrada o‘ynatdik va gollar urdik. Ro‘zim esa zaxiradan o‘yinga qo‘shilib jamoani kuchaytirib turdi. Lekin u oyog‘ini sindirib oldi va ikki oy gipsda yurdi. Natijada yana Yovanovichga asosiy e’tibor qaratildi. Ahmedov esa birinchi davra oxirlariga kelib o‘ziga keldi. Kim gol uraversa, o‘sha o‘yinchini maydonga tushiraman. Hozirda esa Ro‘zimni to‘xtatish juda qiyin, u oliy darajadagi o‘yinni ko‘rsatyapti. Futbolchilar mening xarakterim va talabimni yaxshi bilishadi. Agarda kimdir borini berib o‘ynamaydigan bo‘lsa, uni zaxiraga o‘tkazaman. Yovanovich birinchi davraning yarmidan keyin gol urmadi. Lekin uning tajovuzkor o‘yini tufayli maydonga tushiraverdim. Endi esa Ro‘zimda men istagan o‘yinni ko‘ryapman. Gol urmagan taqdirda ham futbolchi maydonda jonini berib o‘ynayapti. Har bir to‘p uchun oxirigacha kurashadigan, raqibga doim bosim o‘tkazadigan faol o‘yinchi har doim mening asosiy tarkibimda o‘ynaydi. Ha, Yovanovich ajoyib hujumchi. U bilan keyingi yili ham ishlash niyatim bor. Birinchi davradan keyin unga ikki-uchta klublardan jiddiy takliflar tushdi. Hattoki, Nemanya bizdan olgan mablag‘ini ham berib ketishga tayyor edi. Lekin Yovanovichni hech kimga bermasligimni aytib, o‘ziga ham menga kerakligini tushuntirdim. To‘g‘ri, hozirgi kunda u zaxirada qolyapti. Murabbiy va ruhshunos sifatida uning bu vaziyatdan xafa bo‘layotganini bilib turibman. O‘ylaymanki, u ham o‘z o‘rnini topadi. 

Bundan tashqari, sizning kiyinish madaniyatingizga ham e’tibor qaratamiz. Ko‘pincha o‘yinlar chog‘ida kostyum-shim kiyasiz. Aytmoqchimanki, o‘yin paytida qanday kiyinish siz uchun jiddiy ahamiyatga egami?   
Mening o‘zimga yarasha kiyinish uslubim bor. “Navbahor” oliy ligada qatnashyapti va har bir o‘yin biz uchun bayram. Shuning uchun har doim bayramga xos tarzda kiyinib chiqaman. Bundan keyin ham shuni davom ettiraveraman. Menga shunday kiyib yurish yoqadi. Futbol kuni bayram va buni har bir inson bilishi kerak.

Bayramda muxlislarimizga bayramona kayfiyat ulashishimiz kerak. Viloyat hokimining klubga qaratayotgan katta e’tibori tufayli ham “Navbahor”ning mavqei yana ko‘tarilib boryapti. O‘yinlardan keyin viloyat hokimi sizni chaqirib qo‘shimcha mablag‘ bilan ta’minlagan holda jamoani yanada ruhlantirib turgani haqida ham eshityapmiz...

Har bir o‘yinga viloyatimiz hokimi kelib, jamoamizni qo‘llab-quvvatlab turadi. Albatta, uchrashuvlardan keyin tabrik eshitamiz. Qo‘llaridan kelganicha mukofot pullarini jamoamizga yetkazib beryapti. Shunday jonkuyar viloyat hokimi bor ekan, Namanganda futbol cho‘kmaydi, aksincha o‘sadi. Xayrulla Xayitboyevichning orzusi “Navbahor”ni cho‘qqilarga olib chiqish va Osiyo maydonlarida ko‘rish. Baribir hamma narsani pul hal qilmaydi. To‘g‘ri, ayrim qarzdorliklar bor. Lekin bular katta muammo emas va hammasi hal qilinadi. Shu o‘rinda muxlislarimizga minnatdorchilik bildiraman. Iloji bo‘lsa safar uchrashuvlariga ham borib jamoamizni olqishlab turishsa yanada xursand bo‘lardik. Biz bundan keyin ham ishqibozlarimizni stadionga qaytarishga harakat qilamiz.  

Futbol Ekspress gazetasidan olindi

Manba: www.lochinlar.uz
Kiritildi: 13:29, 14.10.2017.
O'qildi: 2834 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.