Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Muzaffar Muzaffarov: «Yoshlikdan «Neftchi» safida o‘ynashni orzu qilganman»

Muzaffar Muzaffarov: «Yoshlikdan «Neftchi» safida o‘ynashni orzu qilganman»

Baho:
+ | -

Futbolimizda iste’dodli  yoshlar ko‘p. Avvalo, ularni izlab topish, keyin esa yuzaga chiqarish muhim. Asosan natijaga e’tibor qaratadigan murabbiylar yoshlarga imkoniyat taqdim etishga shoshilishmaydi.

Biroq tavakkalchilikdan cho‘chimaydigan ustozlar ham yo‘q emas. Tabiiyki, bu o‘z samarasini uzoq kuttirmaydi.

Mavsum avvalida «Neftchi» safiga qo‘shilgan yarim himoyachi  Muzaffar Muzaffarovni aynan murabbiy ishonchi shu darajaga olib chiqdi. Darvoqe, suhbatimizda uning bosib o‘tgan yo‘li xususida so‘z boradi.

-  Muzaffar, futbol - o‘g‘il bolalarning yoshlikdagi eng sevimli o‘yini. Aniqki, futbol sizni ham esingizni tanir-tanimas o‘ziga sehrlagan bo‘lsa kerak...

-  Bilasiz, dadam Murod Ismoilov- futbol odami. Juda yosh paytimdanoq, u kishi meni o‘z o‘yinlariga olib borardi. Mashg‘ulotlarini, to‘pni mahorat bilan o‘ynatishini ko‘rib, millionlar o‘yiniga mehrim tushgan.

6 yoshga to‘lar-to‘lmas Marg‘ilondagi futbol maktabiga qatnay boshlaganman. Birinchi murabbiyim Valeriy Sidinov.

-  Marg‘ilon futbol maktabida yurgan bolakay birdaniga «Paxtakor» akademiyasiga  borib  qoldimi yoki kimdir tavsiya etgan?

-  2005 yilda Toshkentda yosh futbolchilar o‘rtasida birinchilik bo‘lib o‘tgandi. O‘sha musobaqada «Paxtakor» tarbiyalanuvchilariga qarshi  to‘p surgandik.

Aynan mana shu o‘yinda «Paxtakor» akademiyasi murabbiylari  har bir bolani diqqat bilan kuzatishgan ekan. Mening harakatlarim ularga ma’qul kelib, akademiyaga taklif qilishgan. Shu tariqa  «Paxtakor»da 2012 yilga qadar shug‘ullandim.

- Siz avvaldan  yarim himoyachi pozisiyasida o‘ynaysizmi? Murabbiylar sizni boshqa chiziqlarda ham sinab ko‘rishmaganmi?

- Yoshligimdan to‘p bilan ko‘proq harakatlanishni yoqtirardim. Shu sababli murabbiylar meni boshidanoq maydon markazida o‘ynata boshlashgan. 

- Yoshlik paytingizda qaysi mashhur futbolchilarga havasingiz balan edi? Kimlardan o‘yin payti bajaradigan harakatlarini o‘rganishga harakat qilardingiz?

-  Menga  Pol Skoulzning o‘yinlari zavq ulashardi. Uning  maydonda erkin harakat qilishi, jamoadoshlarini uzun va qisqa paslar bilan juda mohirona tarzda ta’minlashi meni lol qoldirardi.

Ayniqsa, kutilmaganda raqib darvozasiga xavf solishini o‘zlashtirishga va o‘yinlarda sinab ko‘rishga uringanman. Hozirgi paytda esa «Real» a’zosi Luka Modrichga havasim baland. Imkoni boricha, uning har bir o‘yinini qoldirmaslikka,  har harakatini o‘rganishga urinaman.

- Ilk professional faoliyatingizni Jizzaxning «So‘g‘diyona» jamoasida boshlagansiz.  Shundaymi?

- Aslida ilk bor «Neftchi»dan taklif olgandim.  Bir muddat farg‘onaliklarning o‘rinbosarlari  safida o‘ynadim. Keyin esa Bahrom Haydarovning maslahati va taklifi bilan «So‘g‘diyona» safiga borib qo‘shildim.

Bu o‘z vaqtida qabul qilingan to‘g‘ri qaror ekanligiga keyinchalik amin bo‘ldim. Zero, «So‘g‘diyona»da menga ko‘proq o‘yin amaliyoti berishdi.

- Jizzaxda o‘ynab, ancha o‘sishgaerishdingiz. Eski jamoani tark etish oson bo‘lmagandir...

- Ha. Davron Fayziyev yoshlarga qo‘rqmasdan imkon berar edi. Meni  avvaliga zaxiradan o‘yinga qo‘shardi. Ishonch hosil qilgach esa, tez-tez asosiy tarkibda maydonga tushiradigan bo‘ldi.

Agar futbolchi qancha ko‘p o‘yinda ishtirok etsa, uning harakatlari, maydonni ko‘ra bilish qobiliyati hamda sheriklarini tushinishi takomillashib boradi. Shuning uchun ham «So‘g‘diyona»dagi faoliyatimdan ko‘nglim to‘ldi, deya olaman.

- «Neftchi» safiga kelib qo‘shilishingiz sababi Davron Fayziyevning «So‘g‘diyona»dan ketishiga bog‘liq emasmi?

- Yo‘q, aslo.  Farg‘onalikman. Qolaversa, «Neftchi» yaqin-yaqingacha ham yurtimizning eng nomdor jamoasi sanalardi.

Har bir yosh futbolchi  ushbu jamoa safida o‘ynashni orzu qilgani, shubhasiz. Men ham o‘shalar safida edim. Bir kun kelib «Neftchi» jamoasi libosini kiyishni juda xohlaganman.

- Biroq shonli tarixga ega  «Neftchi» bu mavsumni juda yomon o‘tkazmoqda...

- Afsuski, shunday. To‘g‘risi, jamoamiz o‘yin bobida raqiblaridan ancha ortda emas. Faqat aksariyat uchrashuvlarda omad bizdan ochiqchasiga yuz o‘girmoqda. 

Ba’zilarida esa umuman kutilmagan vaziyatlarda gol o‘tkazib yuborib, mag‘lubiyatga uchrayapmiz. Biroq hali hammasi o‘z o‘rniga tushib ketishiga ishonaman.

Jamoa o‘yini sekin-asta takomillashmoqda. Nasib etsa, «Neftchi» oliy ligadagi o‘z o‘rnini, albatta, saqlab qoladi.

- Dadangiz e’tiboridan har bir harakatingiz chetda qolmasa kerak. U kishi bilan o‘yiningiz xususida suhbatlashib turasizmi?

- Dadam bilan futbol haqida suhbatlashish juda maroqli. Dadam mening - birinchi tanqidchim va maslahatchim. Har bir o‘yindan keyin albatta, o‘z fikrini bildiradi: qayerda xatoga yo‘l qo‘ydim, qaysi vaziyatda qanday qarorga kelishimgacha aytadi.

- Muzaffar, futbolchi sifatida o‘z oldingizga qanday maqsad qo‘ygansiz?

- Hozirda 22 yoshdaman.  Ayni kuchga to‘lgan va mahoratimni sayqallashtiradigan paytim. Buning uchun kunni tunga ulashga ham tayyorman.

Maqsadim aniq: bir kun albatta, milliy terma jamoamiz libosida maydonga tushishni istayman. Va bosh jamoamiz safida jahon chempionatida ishtirok etishni orzu qilaman.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 16:59, 24.10.2017.
O'qildi: 1994 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.