Kirish Ro'yxatdan o'tish
14/05 00:00 Aston Villa 3-3 Liverpul
14/05 00:00 Barselona 2-0 Real Sosyedad
14/05 19:00 Lokomotiv 0-2 OKMK
14/05 22:30 Osasuna 1-1 Malyorka
15/05 00:00 Tottenhem 0-2 Manchester Siti
15/05 00:30 Real Madrid 5-0 Alaves
15/05 01:00 Jirona 0-1 Vilyarreal
15/05 22:30 Sevilya - Kadis
15/05 22:30 Rayo Valyekano - Granada
15/05 23:45 Brayton - Chelsi
16/05 00:00 Man. Yunayted - Nyukasl
16/05 00:00 Reyms - Marsel
16/05 00:00 Nissa - PSJ
16/05 01:00 Selta - Atletik Bilbao
16/05 01:00 Xetafe - Atletiko
16/05 22:30 Las-Palmas - Betis

O‘FFning 100 kunlik faoliyatiga nazar

O‘FFning 100 kunlik faoliyatiga nazar

Baho:
+1 | -

O‘zbekiston Futbol Federasiyasi sentyabr oyida katta islohotlar sari qadam tashladi. Oyning 12-sanasida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Federasiyaning hisobot-saylov konferensiyasida Umid Ahmadjonov delegatlar tomonidan prezident etib saylandi.

Konferensiyada, shuningdek, federasiyaning boshqa rahbarlik organlariga ham saylov bo‘lib o‘tdi. Umid Ahmadjonov O‘FF Konferensiyasi tugashi bilan o‘z vakolatini bajarishga kirishdi. Islohotlarni amalga oshirish guruhi ishni boshlash uchun qulay nuqta – ustuvor masalalarni aniqlab olib, futbolni rivojlantirish maqsadida ana shu nuqtadan yangi manzil sari yo‘lga tushdi.

“Ishonchingiz uchun minnatdorchilik bildiraman. Xudo xohlasa keyingi xalqaro musobaqalarda va Olimpiya o‘yinlarida birgalikda, maslahatlashgan holda, o‘zbek futbolini ko‘tarishga va’da beraman. Bundan buyon muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev va xalqimizni xursand qilib, futbolimizni birgalikda ko‘taramiz degan umiddaman”, - dedi Umid Ahmadjonov.

O‘zbekiston Futbol Federasiyasi mamlakatimiz futbolini yanada ko‘tarish uchun o‘z oldiga ustuvor vazifalarni belgilab oldi. Federasiyaning yangi jamoasi 12 sentyabrdan buyon ana shu vazifalar ustida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Konferensiyadan 2 kun o‘tib federasiyasining yangi rahbariyati dastlabki bayonot bilan chiqdi. Unda bolalar-o‘smirlar va ommaviy futbolni yanada rivojlantirish, milliy terma jamoalarning faoliyatini tubdan isloh qilish, futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati saviyasini ko‘tarish, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, xalq va ishqibozlar bilan muloqot ko‘priklarini yanada ko‘paytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilganligi haqida e’lon qildi.

Federasiya prezidentining ishga kirishishi bilan etibor qaratgan muhim masalalardan biri bu O‘FF faoliyatining maksimal ochiqligini taminlash bo‘ldi. Bu borada federasiya xalqaro tajribaga etibor berishi zarur edi. Umuman olganda, O‘FF bu borada asosan FIFA, OFK, UYEFA va boshqa konfederasiyalar, hududiy federasiyalar, milliy federasiyalar bilan o‘zaro hamkorlik va hamjihatlik aloqalarini kuchaytirish, muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan xalqaro tajribalarni o‘zlashtirish masalalariga e’tibor qaratishni boshladi.

Bevosita xalqaro munosabatlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 100 kun ichida Umid Ahmadjonov bir qator nufuzli tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashishga muvaffaq bo‘ldi. Xususan, O‘FF prezidentining ilk xorijiy safari FIFAga bo‘ldi. Umid AhmadjonovShveysariyaning Syurix shahrida Xalqaro futbol federasiyasi raxbari Janni Infantino bilan uchrashdi. 

Tashrifdan ko‘zlagan asosiy maqsad FIFA tasnifidagi xalqaro tadbir va musobaqalarni O‘zbekistonga olib kelish bo‘lib, O‘FF Prezidenti Infantino bilan o‘zaro suhbat chog‘ida o‘smirlar hamda yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati, 17 va 20 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi jahon chempionatini O‘zbekistonda o‘tkazish masalasini ko‘tardi.

Shu bilan birga, Umid Axmadjonov O‘zbekistonbugungi kunga kelib, FIFA Kongressi, shuningdek, FIFAning ixtisoslashgan forumlaridan biriga mezbonlik qilishgatayyor ekanligini ma’lum qildi. Federasiyaning barcha turdagi faoliyatini, ayniqsa, moliyaviy jihatdan shaffoflashtirish bo‘yicha yangi strategik reja barpo qilayotgan Umid Ahmadjonov FIFA rahbari bilan “Forvard” loyihasi bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Natijada 2018 yilning oxirigacha O‘zbekiston futboliga 3.5 million AQSH dollari, 2019 yilda esa yana 1.5 million dollar O‘FF hisobiga o‘tkazib beriladi.

Umid Ahmadjonov shundan so‘ng Dubayga tashrif buyurdi. Bu yerda u BAA Futbol Uyushmasi rahbariyati bilan uchrashdi. Tomonlar o‘zaro hamkorlik memorandumiga imzo chekishdi. Xususan, memorandum O‘zbekiston va amirlik futbol ligalari doirasidagi o‘yinlarga ikki mamlakat hakamlarini taklif qilish, xalqaro tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishda xodimlarning o‘zaro tajriba almashishigaimkoniyat yaratib berdi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Kubogining finaliga BAAlik hakamlar brigadasi tayinlandi. 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan «Lokomotiv» va «Bunyodkor» jamoalari o‘rtasidagi matchda Muhammad Abdulla Hasan bosh hakam vazifasini bajardi.   Milliy terma jamoalarimiz o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi masalasiga ham aloxida to‘htalib o‘tish kerak. Aynan shu uchrashuvda erishilgan kelishuvdan uncha ko‘p vaqt o‘tmay, 1 oydan so‘ng O‘zbekiston va BAA jamoalari o‘rtasida match bo‘lib o‘tdi. Bu kabi o‘yinlarning muntazam tashkil etib borilishi, albatta, terma jamoamizning FIFA reytingidagi o‘rnini yaxshilashga va xalqaro maydonda o‘z mavqeini mustaxkamlashda muxim rol o‘ynaydi.

16 oktyabr kuni O‘FF rahbari Qatar Futbol Uyushmasining PrezidentiShayx Hamad bin Xalifa bin Ahmad ol Taniyning taklifiga ko‘ra Dohaga xizmat safari uyushtirdi. Uchrashuv chog‘ida tomonlarO‘zbekiston va Qatar futbolini yanada rivojlantirish uchun hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, federasiyalar o‘rtasidagi o‘zaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yishkabi masalalarni muhokama qilishdi.

Umid Ahmadjonovning Qatar safari yakunlariga ko‘ra, Toshkentda “Aspire” futbol akademiyasining vakolatxonasi ochiladigan bo‘ldi. Umid Ahmadjonov Qatar amirining vakili Shayx Jassim bilan muzokaralar yakunida Qatardan shunday katta suyunchi bilan qaytdi. Shu bilan birga, Doha shahrida joylashgan “Aspetar” sportga ixtisoslashgan tibbiyot markazida milliy chempionatimizda ishtirok etayotgan klublar shifokorlari uchun seminar tashkil etilishi belgilandi.  Seminar davomida “Aspetar” mutaxassislari tomonidan sport tibbiyotida qo‘llanilayotgan yangi vositalar, davolash uslublari, futbolchilarning sog‘lig‘ini nazorat qilib borishda ahamiyat berish kerak bo‘lgan muhim jihatlar haqida batafsil ma’lumot beriladi.

O‘FF Prezidentining kuzgi safarlari bu bilan chegaralanib qolmadi. U, shuningdek, noyabr oyida Janubiy Koreya Futbol Assosiasiyasi Prezidenti Chun Mun Guning bilan uchrashdi. Seulda federasiyalar o‘rtasidagi o‘zaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish borasida kelishuvga erishildi.

Xususan, 2018 yilning yanvar oyida Janubiy Koreyada milliy chempionatimizda ishtirok etayotgan klublar murabbiylari uchun seminar tashkil etiladi. Seminar davomida Key-liga mutaxassislari tomonidan milliy chempionatimiz klublari murabbiylari uchun nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Shuningdek, klublarimiz murabbiylari Key-liga jamoalari murabbiylari tomonidan futbolchilar bilan ish olib borish uslublari, mashg‘ulot o‘tkazish jarayonlari, taktik tayyorgarlik bosqichlari bo‘yicha batafsil ma’lumot olishadi. Amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etib, tajriba to‘plash imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Seuldagi safardan 1 kun o‘tib, Umid Ahmadjonov Tokio shahriga tashrif buyurdi va Yaponiya Futbol Assosiasiyasi Prezidenti Tashima Kodzo bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik va aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishildi. Uning asosida har ikki mamlakatning turli yoshdagi terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazish, turli musobaqalar va mavsumiy yig‘inlarni tashkil etishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

O‘FF Prezidentining muhim xorijiy safarlaridan yana biri, shubhasiz, Malayziyaga amalga oshirildi. Kuala-Lumpurda Umid Ahmadjonovning Osiyo Futbol Konfederasiyasi prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa bilan rasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda OFK tomonidan milliy assosiasiyalarni rivojlantirish dasturi asosida ikkita loyiha bo‘yicha kelishuvga erishildi. Unga ko‘ra yurtimizning Andijon, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida bolalar uchun mo‘ljallangan mini-futbol maydonchalari barpo etilishiga OFK tomonidan mablag‘ ajratiladi.

Bundan tashqari, Respublika Oliy Sport Mahorati Futbol Maktabiga qarashli sun’iy qoplamali maydon OFK tomonidan ajratiladigan mablag‘lar asosida to‘laligicha rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, uchrashuv davomida milliy chempionatda ishtirok etadigan klublarni lisenziyalash bo‘yicha ular oldiga qo‘yiladigan talablar masalasi ham ko‘rib chiqildi. Mazkur uchrashuvdan uncha ko‘p vaqt o‘tmay, aniqrog‘i, 3 dekabr kuni OFK Prezidenti Toshkent rasmiy tashrif bilan keldi. Shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa 4-dekabrda “Bunyodkor” – “Lokomotiv” o‘rtasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Kubogi final uchrashuvini bevosita stadiondan kuzatib borib, g‘olib jamoa “Lokomotiv”ga mamlakat Kubogini topshirdi. 

"O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasining asosiy birlashtiruvchisi, balki Osiyo futbolining elitasihamdir. O‘zbekiston Futbol Federasiyasi OFKning eng yosh a’zolaridan biri bo‘lishiga qaramay, O‘zbekistonning rivojlanishi juda tez sur’atda davom etmoqda. Men ishonch bilan ayta olamanki, yaqin orada O‘zbekiston Milliy terma jamoasini Jahon chempionatida ko‘ramiz. Kuchli va faol yangi rahbar Umid Ahmadjonov boshchiligida O‘zbekiston Futbol Federasiyasi to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganini e’tirof etish kerak”.

Mazkur uchrashuvlar yakuniga ko‘ra 2018 yildan boshlab AsianFootballConfederationAdministrationSystem dasturi O‘zbekistonda ham yo‘lga qo‘yilib, futbol musobaqalari va tadbirlarida ishtirok etuvchi ro‘yxatdan o‘tgan barcha insonlarning ma’lumotlari jamlanadigan bo‘ldi. Superliga va Pro-ligada qatnashuvchi jamoalar ham mavsum boshida qaydnomalarni aynan mana shu dastur orqali elektron tarzda amalga oshirib borishadi.

Yana bir etiborga molik jixat. Umid Ahmadjonov o‘tkazgan birinchi matbuot anjumanidayoq jurnalistlarning barcha savollariga javob berar ekan, O‘zbekiston Futbol Federasiyasini tub islohotlar kutib turganligini ma’lum qildi. Federasiya rahbari o‘zgartirishni kadrlar masalasidan boshlashini ma’lum qildi.

O‘FF strukturasida 90 foiz o‘zgarish amalga oshiriladi, kuchli federasiya va kuchli jamoa tashkil qilish uchun kadrlarga barcha sharoitlar yaratib berib, ularni xorijga malaka oshirishga yuboriladi. Shu bilan birga kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashish uchun tashkilotda yangi bo‘lim ochilib, unda mutasaddi ishchilar faoliyat yuritishi haqida ham ma’lum qilindi.

PFLni, klublarni kuchaytirsak, terma jamoa ham kuchli bo‘ladi. Bu ustida katta ishlab olib borilmoqda.  Janob Infantino bilan suhbatda PFL tuzilmasini o‘zgartirib,  shtatlarini ko‘rib chiqqandan keyin “Real Madrid” va “Barselona” kabi Yevropaning nomdor klublariga PFL xodimlari va mutaxassislarini yuborish va u yerda ish o‘rganish haqida muhokamalar bo‘ldi. Federasiya xodimlarini ham 10 kunga FIFAga yuborib, ularning malakasini oshirishni rejalashtiryapmiz. Yangi tarkibiy tuzilma to‘g‘risida 10 kun ichida  ma’lumot beramiz.

Bu masala o‘zining amaliy javobini uzoq kutmadi. 10 oktyabr kuni Federasiya majlislari zalida navbatdan tashqari yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Kun tartibidan O‘zbekiston Professional Futbol Ligasi rahbariyatidagi o‘zgarishlar masalasi o‘rin oldi. Shu vaqtga qadar O‘zPFL Bosh direktori lavozimida ishlab kelgan Farhod Magametov o‘z vazifasidan ozod etildi. Uning o‘rniga Omon G‘ofurov O‘zPFL Bosh direktori etib tayinlandi.

O‘zgarishlar bu bilan cheklanib qolmagan etirof etish zarur. Oldinda ko‘pchilikning qizqishiga sabab bo‘layotgan milliy terma jamoa bosh murabbiyi masalasi ham bor edi.  Xozirda jamoamizga bosh murabbiy jalb etish bo‘yicha bir necha xorijlik mutaxassislar bilan muzokaralar olib bormoqda. 1-jamoamiz bilan amalga oshirilayotgan islohotlar qatorida O‘zbekiston futbol federasiyasi tarixda birinchi marta bevosita Jahon chempionati oldidan mundial qatnashchisi bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishganini ham qayd etish zarur.

Mart oyida jamoamiz, tarkibida Mexdi Benatiya, Muborak Bussufa, Nabil Dirar, Ashraf Xakimi kabi mashhur futbolchilar to‘p suruvchi Marokash mehmoni bo‘ladi. Shu bilan birga, 18 may kuni tajribali Karlush Keyrush boshchiligidagi Eron terma jamoasi raqibimizga aylanadi. Mazkur jamoa ham so‘nggi yillarda mundiallarning doimiy ishtirokchisi hisoblanadi. Ko‘pchilik mutahassislar islohotlar davrida milliy terma jamoamiz kuchaytirishni istasak, eng avvalo ichki chempionatimizni rivojlantirish, tubdan o‘zgartirish zarur ekanligini qayd etishdi. Bu O‘FF dasturidan o‘rin olgan muhim yo‘nalishlardan biri edi. 30 oktyabr kuni yana bir jiddiy o‘zgarishga qo‘l urildi. O‘zbekiston Professional Futbol Ligasi Ijroiya Qo‘mitasining qaroriga ko‘ra futbol bo‘yicha Oliy liga musobaqasi kelasi mavsumdan boshlab “O‘zbekiston Superligasi”, birinchi liga esa “O‘zbekiston PRO-ligasi” deb nomlanadigan bo‘ldi. Superligada jamoalarning soni 12tacha qisqartirildi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Professional Futbol Ligasi FIFA va Osiyo Futbol Konfederasiyasining direktiv hujjatlari, shuningdek boshqa normativ hujjatlar asosida OFK, O‘FF va PFL tashkil qiladigan musobaqalarida ishtirok etish uchun professional futbol klublariga qo‘yiladigan talab va tamoyillarni kuchaytirdi. Ijro muddati 2018 yilning 1 fevraligacha bo‘lgan standartlarning OFK lisenziyalash tizimiga mos kelishiga katta e’tibor berilgan.

O‘tgan vaqt ichida mamlakatimizda bolalar futbolini rivojlantirish, hududlarda bolalar va o‘smirlar orasida futbolni yanada ommalashtirish borasida Federasiya tomonidan bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirildi. Umid Ahmadjonovning tashabbusi bilan Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Futbol Federasiyasining “Bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirish to‘g‘risida” qo‘shma qarori qabul qilindi.

Hujjatda bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirishda shaffoflik tamoyillariga amal qilish haqida so‘z borib, 2018-2023 yillarga mo‘ljallangan 5 yillik dasturni ishlab chiqish, amalga oshirish va uning ijrosini monitoring qilish haqida so‘z boradi. Bu borada birinchi galda bolalar murabbiylarining malakasini, bilim saviyasini oshirish masalasiga alohida ahamiyat qaratilyapti.

Futbol maktablarida Yevropaning futboli rivojlangan mamlakatlari o‘quv-metodikasi asosida ish olib borish, bolalar bilan mashg‘ulotlarni yangi uslubda, Yevropa andozalariga mos ravishda o‘tkazish va shu yo‘l orqali yuqori saviyali futbolchilarni tayyorlashga katta ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, 17 dekabr kuni serbiyalik 56 yoshli mutaxassis Zavisha Miloslavlevich poytaxtimizga tashrif buyurdi.

Uning mamlakatimizda bolalar futbolini rivojlantirish bo‘yicha dasturi  Federasiya rahbariyatiga ma’qul kelsa, Zavisha Milovslavlevich Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyatlarida ish olib boradi. Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlarida bolalar futboli bo‘yicha ishlash uchun ispaniyalik mutaxassis, "Real" Madrid akademiyasida faoliyat yurituvchi Kiko Zuniga poytaxtimizga taklif etildi. Kikon Zuniga ham O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonov bilan uchrashib, o‘z dasturini taqdim etdi. Mutaxassislar hududlarda bolalar futboli murabbiylari va seleksionerlar bilan ish olib boradi.

Ularga yosh futbolchilarni futbol maktablariga saralab olish, o‘quv-mashg‘ulotlarini o‘tkazish, iste’dodli futbolchilarning mahoratini sayqallab borish bo‘yicha kerakli maslahalar berib borishadi.

Umuman olganda, O‘FFga yangi rahbar saylangan vaqtdan buyon keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Bular qatoriga xatolar qayd etgan hakamlar, jiddiy qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan futbolchilarga belgilangan jazolar, shu bilan birga, yangi formatda o‘tkazilgan O‘FF taqdirlash marosimi,  va yana ko‘plab islohotlarni qo‘shish mumkin. Shuningdek, o‘tgan kisqa vaqt mobaynida, katta loyihalarga start berildi. Amalga oshirilishi zarur bo‘lgan muhim vazifalar bajarildi, barcha jabxalarda jiddiy o‘zgarishlarga qo‘l urildi. Biroq, bu islohotlarning boshlanishi, o‘zbek futboli rivoji yo‘liga tashlangan dastlabki qadamlardir.

Manba: www.the-uff.com
Kiritildi: 10:20, 21.12.2017.
O'qildi: 2189 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.