Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/11 16:00 Neftchi 2-0 Nasaf
22/11 18:15 Qizilqum 1-5 Navbahor
23/11 01:00 Xetafe 2-0 Valyadolid
23/11 15:00 Olimpik 0-0 Bunyodkor
23/11 17:15 Andijon - Dinamo
23/11 17:30 Lester - Chelsi
23/11 18:00 Valensiya - Betis
23/11 19:00 Verona - Inter
23/11 20:00 Bornmut - Brayton
23/11 20:00 Arsenal - Nottingem Forest
23/11 20:00 Aston Villa - Kristal Pelas
23/11 20:00 Everton - Brentford
23/11 20:00 Fulhem - Vulverhempton
23/11 20:15 Atletiko - Alaves
23/11 22:00 Milan - Yuventus
23/11 22:30 Manchester Siti - Tottenhem
23/11 22:30 Las-Palmas - Malyorka
23/11 22:30 Jirona - Espanyol
24/11 00:45 Parma - Atalanta
24/11 01:00 Selta - Barselona
24/11 15:00 Metallurg - Surxon
24/11 16:30 Jenoa - Kalyari
24/11 17:15 So‘g‘diyona - Lokomotiv
24/11 18:00 Osasuna - Vilyarreal
24/11 19:00 Sautgempton - Liverpul
24/11 19:00 Torino - Monsa
24/11 19:00 Komo - Fiorentina
24/11 20:15 Sevilya - Rayo Valyekano
24/11 21:30 Ipsvich - Man. Yunayted
24/11 22:00 Napoli - Roma
24/11 22:30 Leganes - Real Madrid

Legioner masalasi hamon og‘riqli "nuqta"-mi?

Legioner masalasi hamon og‘riqli "nuqta"-mi?

Baho:
+ | -

O‘zbekiston futbol federasiyasiga yangi rahbar kelgach, o‘zbek futbolida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirila boshlandi. Yangi rahbariyat yurtimiz futbolini yanada rivojlantirish uchun bir qator o‘zgarishlarga qo‘l urmoqda. Endilikda milliy chempionatimiz nomi va o‘tkazilish tartibi o‘zgaradi. Shu bilan birgalikda futbolchilarga qo‘yilayotgan talablar ham kuchaytirilmoqda. Shu o‘rinda bir masala haqida hali umuman so‘z ochilganicha yo‘q. Ko‘plab yangiliklarga qo‘l urayotgan O‘FF hamda PFL hozircha O‘zbekiston chempionatida o‘ynaydigan legionerlar soni hamda saviyasi borasida qanday talablar qo‘yilishini e’lon qilmayapti. Bugun biz futbolimizning ushbu «og‘riqli nuqtasi» haqida so‘z yuritamiz.

O‘zbekiston chempionati Osiyoda o‘z o‘rni hamda nufuziga ega bo‘lsa-da, oliy liga so‘nggi yillarda qit’amizning yetakchi birinchiliklaridan ancha ortda qolib ketgani barchaga ayon. Buning bir nechta sabablari mavjud. Shulardan biri O‘zbekiston chempionatida yuqori saviyali legioner futbolchilarning yo‘q ekanidadir. Agar Xitoy, Qatar, BAA, Saudiya Arabistoni yoki Eron milliy chempionatlarida faoliyat olib boradigan legioner futbolchilarga e’tibor bersangiz, ularning aksariyati Yevropada ham nom chiqarib ulugurganiga guvoh bo‘lasiz. Yoki Yaponiya hamda Janubiy Koreya kabi milliy chempionati murosasiz ruhda o‘tadigan ligalardagi legionerlar haqida gap ketganida esa, ushbu mamlakatlar klublari xorijlik futbolchilarni juda ehtiyotkorlik bilan tanlashiga va xarid qilingan xorijlik o‘yinchi aksariyat hollarda o‘zidan kutilgan o‘yinni namoyish eta olishiga amin bo‘lasiz. Bizning oliy ligada esa na dunyoga mashhur futbolchilar o‘ynashmoqda, na olib kelinayotgan legioner o‘z maqomiga mos tarzda o‘yin ko‘rsatmoqda.

Bir vaqtlari Rivaldo, Denilson, Ristich kabi futbolchilar O‘zbekiston oliy ligasida to‘p surganida stadionlarimiz har tugul to‘lar edi. Lekin hozirda oliy liga o‘yinini tomosha qilish uchun stadionga tashrif buyuradigan ishqiboz nari borsa o‘zimizning mahalliy futbolchilar saviyasidagi legionerlar o‘yiniga guvoh bo‘ladi. To‘g‘ri, so‘nggi yillarda milliy chempionatimizda Kaxi Maxaradze, Artur Gevorkyan, Dragan Cheran kabi barqaror o‘yin namoyish etgan futbolchilar ham o‘ynashdi. Biroq yuqorida ta’kidlanganidek, bundaylar sanoqli. Aksariyat jamoalarimiz legioner tanlashda adashishadi. Hatto, grand klublar ham bu masalada ancha no‘noq. Misol uchun, oxirgi ikki yilda chempionlikni qo‘lga kiritgan «Lokomotiv»dan muxlislar har mavsum avvalida yaxshi transferlarni kutishadi. Biroq «temiryo‘lchilar» jamoasi asosan yil bo‘yi zaxirada o‘tiradigan xorijlik futbolchilarni olib keladi. Slaven Stepanovich, Gnoxere Krizo, Muhammad Kone kabi o‘yinchilar «Lokomotiv»ning asosiy tarkibida o‘z o‘rnini topa olishmaganini barcha ko‘rdi. Natijada klub OCHLda o‘z ko‘zlagan maqsadiga yeta olmadi. «Lokomotiv» davralar oralig‘ida 19 yoshli nigeriyalik futbolchi Olabiran Blessing Muyivani safga qo‘shib oldi. Ushbu hujumkor yarim himoyachi o‘z vaqtini zaxira o‘rindig‘ida va yoshlar tarkibida o‘tkazdi. Ba’zilar «Lokomotiv» uni yaqin kelajak uchun kiritgan «investisiya» deb o‘ylashayotgandi. Biroq mavsum yakunlangach, ushbu yosh futbolchiga ham javob berib yuborildi. Agar «Lokomotiv» kelasi yili Osiyo Chempionlar Ligasida muvaffaqiyatli qatnashishni maqsad qilar ekan, klub kamida Kaxi Maxaradze saviyasidagi legionerlarni olib kelishi lozim bo‘ladi.

Qayd etish joizki, ortda qolgan mavsumda nafaqat «Lokomotiv», balki bir qator klublarimiz legionerlari o‘zlaridan kutilgan o‘yinni ko‘rsata olishmadi. XVI milliy birinchiligimizda Osiyo, Afrika hamda Janubiy Amerikadan kelgan jami 37 nafar xorijlik futbolchilar maydonga tushishdi. Ular ichida muxlislar kutgan o‘yinni namoyish etganlar kam bo‘lgani ayni haqiqat. «Paxtakor» jamoasi ikkinchi davra oldidan bir qator legionerlarni o‘z safiga qo‘shib oldi va ayniqsa, Marko Simich ancha mazmunli o‘yin namoyish etdi. U qisqa fursat ichida «sherlar» yetakchisiga aylanib oldi.

Serb futbolchilari odatda bizning chempionatga ancha tez ko‘nikishadi. Simichda ham xuddi shunday holat kuzatildi. Ortda qolgan mavsumda oliy ligada jami 8 nafar serbiyalik futbolchi maydonga tushdi. Ular ichida «Nasaf» hujumchisi Dragan Cheran ham ancha yaxshi o‘yin ko‘rsata oldi. Mahoratli futbolchi 28ta o‘yinda maydonga chiqdi va 19ta gol urib, to‘purarlar bahsida faqat Marat Bikmayevga imkoniyatni boy berdi. Shuningdek, barqaror o‘ynagan legionerlar qatoriga Igor Yelich, Kaxi Maxaradze, Nemanya Yovanovichlarni ham kiritish mumkin. Ushbu o‘yinchilar oliy liga-2017da 29tadan uchrashuvda maydonga tushishdi.

Guvohi bo‘layotganingizdek, 37 nafar legionerdan sanoqlilarigina o‘z jamoalarida yetakchilarga aylana olishdi. Legionerlar masalasi hamisha o‘zbek futbolida «og‘riqli nuqta» sanab kelingan. Bunga balki legionerlarga qo‘yiladigan talablar u qadar yuqori emasligi sababdir. PFL chempionat reglamentiga xorijlik futbolchilar uchun ma’lum talablarni kiritgan. Lekin klublar ushbu talablarga mos keladigan legionerlarni olib kelishayotgani yo‘q. Bunday holatlarda ular tovon puli to‘lash bilangina cheklanishmoqda.

Chempionat reglamentida yozilishicha, jamoaga O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmagan 4 nafar legioner qo‘shib olinishi mumkin. Ularning bir nafari albatta, Osiyo mamlakati fuqarosi bo‘lishi shart. Agar osiyolik futbolchi bo‘lmasa, klub 3 nafar legioner bilan cheklanishga majbur.

Shuningdek, xorijlik futbolchi quyidagi talablarning biriga to‘g‘ri kelishi kerak:

- So‘nggi mavsumni UYEFA, KONMEBOL, KONKAKAF, AFK, OFK, KAF davlatlari milliy chempionatlarida o‘tkazgan futbolchi birinchilikning oliy ligasida kamida 60 foiz (30 yoshdan kattalar 70 foiz) uchrashuvlarda maydonga tushgan bo‘lishi kerak;

- Oxirgi mavsumni O‘zbekiston chempionatida o‘tkazgan bo‘lsa, mavsum davomida eng kamida 75 foiz uchrashuvda o‘ynagan bo‘lishi shart;

- Milliy terma jamoa safida oxirgi saralash o‘yinlarida kamida 5ta o‘yinda maydonga tushgan bo‘lishi lozim;

- Olimpiya yoki yoshlar terma jamoasi safida oxirgi saralash o‘yinlarida kamida 70 foiz o‘yinda harakat qilgan bo‘lishi kerak.

Mana shunday talablar qo‘ygani uchun PFLga tashakkur aytsa arziydi. Biroq kulguli jihati shundan iboratki, PFL o‘zi shu talablarni qo‘yib, yana uni bemalol chetlab o‘tish imkonini ham yaratib qo‘ygan. Ya’ni, agar legioner reglamentning 6-bo‘lim 6.3 bandida qo‘yilgan talablarning qaysidir biriga mos kelmasa, klub PFL hisob raqamiga 50 million so‘m o‘tkazib berishi shart bo‘ladi. Klublarimiz esa o‘rtacha saviyadagi legionerlarni olib kelib, 50 million so‘mlik jarimani to‘lashni hech kanda qilishmayapti.

O‘FF hamda PFL kelasi mavsum uchun juda katta o‘zgarishlarni amalga oshirmoqda. Endilikda milliy chempionatimiz oliy divizioni Superliga deb ataladi. Unda qatnashadigan 12ta klubga anchagina jiddiy talablar qo‘yilmoqda. Bularning barchasi yurtimizda futbolni yanada rivojlantirish va o‘zbek futbolini yangi saviyaga olib chiqish uchun qilinmoqda.

Shu o‘rinda, chempionatni kuchaytirishga harakat qilinayotgan ekan, legionerlar masalasi ham dolzarb ahamiyat kasb etishi bor gap. Hozircha tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, kelasi yildan milliy chempionatimizda legionerlar uchun limit «4+1»ga oshirilishi mumkin ekan. Bu haqda «Paxtakor» jamoasi bosh murabbiyi Shota Arveladze ham intervyularidan birida aytib o‘tdi. Bizni qiziqtirayotgan jihat shundan iboratki, legionerlar uchun limitni oshirayotgan PFL xorijlik futbolchilar uchun talablarni ham kuchaytirarmikan? Yoki klublar yana o‘rtamiyona futbolchilarni olib kelib, 50 million so‘m evaziga ularni ro‘yxatdan o‘tkazishda davom etishadimi? Agar legioner futbolchilarning saviyasi borasida ham bosh qotirilmas ekan, ularning sonini yana ko‘paytirishdan nima naf?

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 19:40, 14.01.2018.
O'qildi: 3731 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.