Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Davron Hoshimov: «Bir kun yana «Paxtakor»ga qaytaman»

Davron Hoshimov: «Bir kun yana «Paxtakor»ga qaytaman»

Baho:
+ | -

Salkam 7 yil davomida «Paxtakor»da to‘p surgan tajribali himoyachi Davron Hoshimovning yangi mavsumni boshqa klubda boshlashi aniq bo‘lib ulgurdi.

U ayni payt «Qo‘qon-1912»ning Toshkentdagi o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘inida ishtirok etyapti. Katta ehtimolki, Davron aynan vodiy klubi bilan shartnoma tuzadi. Har holda, «Qo‘qon-1912» bosh murabbiyi No‘’mon Hasanovning aytishicha, himoyachi bilan og‘zaki kelishuvga erishilgan.

Tabiiyki, Hoshimov uchun qadrdon klubidan ketish oson kechmagan. Lekin futbolchining hayoti shunday - har qadamda kutilmagan holatlar uchrab turadi.

Bilasiz, Davron «Paxtakor» safida tanildi, bir qator sovrinlar sohibiga aylandi. Muhimi, ishonchli o‘yinlari orqali milliy jamoaga kirdi.

Xo‘sh, Yangiyer futbol maktabi tarbiyalanuvchisi faoliyatidagi ushbu katta o‘zgarishni qanday qabul qildi?

- Davron, «Paxtakor»da 7 yil o‘ynadingiz, tabiiyki, bu kichik muddat emas. Umuman, chempionatimizda bitta jamoada uzluksiz shuncha uzoq to‘p surgan futbolchilar juda kam.

Demakki, klub ikkinchi uyingizga aylanib qolgani va u bilan xayrlashish oson bo‘lmagani tayin. Qiziq, bunday keskin qaroringiz sababi nima?

- Ha, oxirgi 2-3 hafta juda og‘ir o‘tdi. Ya’ni yakuniy qaror qabul qilishda rosa qiynaldim. Albatta, barchasini obdon o‘yladim. To‘g‘ri aytdingiz, «Paxtakor» ikkinchi uyimga aylanib qolgandi. Men uchun katta futbol yo‘li shu jamoada boshlandi. Shu kungacha nimaga erishgan bo‘lsam, barchasi aynan «Paxtakor» bilan bog‘liq.

Asosiysi, klub futbolchi sifatida o‘sishimga imkoniyat berdi. Fursatdan foydalanib, «Paxtakor» rahbariyati, murabbiylar, futbolchilar, ishchi-xodimlar va albatta, muxlislarga 7 yillik hamkorlik uchun minnatdorchilik bildiraman. Nasib etsa, bir kun yana «Paxtakor»ga qaytaman.

Klub safiga 2011 yili qo‘shilgandim. «Buxoro»ga qarshi kechgan o‘yinda ilk marta «sherlar» libosini kiyganim hech esimdan chiqmaydi. Umuman, ortda qolgan vaqtda yorqin damlarni boshdan kechirdim. Lekin «Paxtakor»dan ketganim hayot to‘xtaganini anglatmaydi. O‘ylaymanki, «Qo‘qon-1912»da ham o‘zimni begona his qilmayman.

Zero, jamoa bosh murabbiyi No‘’mon Hasanov bilan «Paxtakor»da bir necha yil birga ishlaganmiz. Qolaversa, Murod Xolmuhammedov, Javohir Siddiqov, Bahodir Pardayev, Suhrob Berdiyev va Aleksandr Merzlyakov kabi futbolchilarni juda yaxshi bilaman. Shu bois, No‘’mon aka chorlovini rad etolmadim.

To‘g‘ri, boshqa takliflar ham bor edi. Xususan, sovrinli o‘rinlar uchun kurashadigan klublarga ham chaqirishdi. Hammasini taroziga solib ko‘rib, «Qo‘qon-1912»da o‘ynash variantini ma’qul topdim. Endi jamoa muvaffaqiyatiga munosib hissa qo‘shib, ishonchni oqlasam, bas.

- Bu borada kimlar bilan maslahatlashdingiz, qanday tavsiyalar eshitdingiz?

- Qandaydir ishga qo‘l urishdan avval birinchi galda, masalani oila davrasida  muhokama qilamiz. Tabiiyki, otam bosh maslahatchimizdir. Ular doimo eng to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatadilar. O‘zlari vaqtida kurash bilan professional darajada shug‘ullanganlar.

Demakki, oilamizda sportcha muhit hukmron. Shu kungacha otamning aytganlariga amal qilib, kam bo‘lmadim. Xullas, «Paxtakor»dan ketish haqida ham avvalo, otam bilan maslahatlashdim. Chunonchi, avvalgi mavsumning oxirgi 6-7ta uchrashuvida asosiy tarkibda maydonga tushmadim.

Buning o‘ziga yarasha sabablari bor, ammo hozir barchasini oshkor qilishni istamayman. Xullas, umumiy holatni nazarda tutib, jamoadan ketish eng to‘g‘ri yo‘l ekanligini tushundim.

Otam ham zaxirada navbat kutib o‘tirgandan ko‘ra, boshqa jamoada yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishim maqsadga muvofiqligini aytdilar. Axir hozir ayni o‘ynaydigan yoshdaman.

- Muxlislar sizni o‘ta qiziqqon futbolchi sifatida bilishadi. Zero, tez-tez sariq kartochka olasiz, ba’zida maydonni ertaroq tark etasiz. Darhaqiqat, tabiatan qo‘pol o‘yinchimisiz yoki barchasi taktik uslubga bog‘liq?

- Statistikaga e’tibor qaratsak, himoyachilar boshqa amplualar vakillariga nisbatan ko‘proq sariq yoki qizil kartochka olishadi. Chunonchi, to‘p bilan oldinga intilgan hujumchi mudofaa chizig‘idan o‘tib ketsa, uning gol urish ehtimoli 80-90 foizga oshadi.

Xullas, himoyachilar ko‘pincha xavfni bartaraf etish yo‘lida so‘nggi chorani qo‘llashga majbur bo‘lishadi. Ha, bu toza futbol emasligini tushunaman. Lekin ba’zan shunday yo‘l tutishga to‘g‘ri keladi.

Ochig‘i, menda qiziqqonlik qachon boshlanganini bilmayman. Bir tomondan, xarakterim shunday - yakkakurashlarda yengilishni sira hazm qilolmayman. Lekin hayotda tajovuzkor yoki qo‘pol emasman. Ko‘rib turganingizdek, suhbatga tezda kirishib ketadigan, xushchaqchaq yigitman (kuladi).

- Lekin sariq va qizil kartochkalar jamoaga pand beradi. Deylik, maydondan chetlashtirilsangiz, sheriklaringiz qiyin vaziyatda qolishadi...

- Ha, shunday. Oxirgi vaqtlarda ortiqcha qo‘pollik ishlatish odatini yo‘qotishga harakat qilyapman. Misol uchun, o‘tgan yili 8 marta sariq kartochka oldim.

Muhimi, «qizil»ga duch kelganim yo‘q. Demak, yaxshi tomonga o‘zgaryapman. No‘’mon Hasanov ham men bilan aynan shu masalada yakkama-yakka suhbatlashdi va tanbeh berdi: «Raqiblaring ham sen kabi futbol orqali ro‘zg‘or tebratishadi.

Yakkakurashlarda qo‘pollik ishlatishdan tiyil...». Albatta, barchasini to‘g‘ri qabul qildim. Muxlislar yangi mavsumda umuman boshqa Davron Hoshimovni ko‘rsalar, ajabmas.

- Sportchilar oilasida ulg‘ayganingizni aytdingiz. Bolalikda otangiz  izidan borib, kurashchi bo‘lishni o‘ylamaganmisiz?

- Aniq esimda, doim otamga ergashib, kurash zaliga borardim. Oz-moz shug‘ullanganman ham. Keyinroq boks to‘garagiga qatnash barobarida futbol guruhiga borganman.

Natijada otam oldimga qat’iy shart qo‘ygandilar: «Hamma sport turlari bilan shug‘ulanolmaysan. Yuragingga quloq tutib, bittasini tanla».

Yakunda futbolga mehr kuchlilik qildi. Shu tariqa Yangiyer futbol maktab-internatiga bordim. Bu dargohda 5 yil tahsil olganimdan so‘ng «Paxtakor»ga chaqirishdi.

- O‘sha payt ko‘pchilik «Paxtakor»da o‘ynashni orzu qilardi. Jamoaga taklif etishgach, qanday holatga tushgandingiz?

- Ha, ko‘pchilik qatori menda ham «Paxtakor»da to‘p surish orzusi yo‘q emasdi. Ammo jamoa libosini kiyib, mashhur futbolchilarni ko‘rgan afsonaviy stadionda o‘ynash shunchalik tez nasib etishini sira o‘ylamagandim.

Xullas, 2008 yili «Paxtakor» va «Yangiyer» tarbiyalanuvchilari o‘rtasida nazorat uchrashuvi tashkil etilgani taqdirimni o‘zgartirib yubordi. Qarangki, o‘yin kuni rahmatli buvam uyimga mehmon bo‘lib kelganlar va otam stadionga borolmaganlar.

Shunda bobom meni uzoq duo qilgan ekanlar. E’tiborlisi, ayni o‘sha uchrashuvdagi harakatlarim ma’qul kelganmi, meni «Paxtakor»ga chaqirishdi. Shu tariqa Robert Gay rahbarligidagi o‘rinbosarlar jamoasida o‘ynay boshladim. Duo kuchini o‘shanda bilganman.

- Bugungi kunda yaqinlaringiz o‘yinlaringizni bevosita stadionda kuzatib borishadimi?

DAVOMI

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 10:36, 21.01.2018.
O'qildi: 4375 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.