FIFAning rasmiy sayti www.fifa.com O‘zbekistonning futbolda erishayotgan yutuqlari borasida “O‘zbekiston Osiyo futbolining “uyqu”dagi giganti” nomli katta material e’lon qildi.
Maqolada O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasining U-23 Osiyo chempionatida qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlari alohida ta’kidlab o‘tilgan.
“Oq bo‘rilar” hamisha Osiyoda o‘z o‘rniga ega bo‘lib kelishgan. O‘zbekiston U-23 terma jamoacining qit’a chempionatidagi g‘alabasi kelajakka umid beradi. Bosh murabbiyi Ravshan Haydarov jamoasi namoyish etgan o‘yin uslubi va qo‘lga kiritgan natijalari butun Osiyoni lol qoldirdi.
Musobaqaning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan Odilbek Hamrobekov boshchiligidagi futbolchilar Yaponiya, Janubiy Koreya kabi kuchli terma jamoalar darvozasiga 4ta gol kiritishga muvaffaq bo‘lishdi.
Endilikda bu futbolchilar O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosini tashkil etishi kutilmoqda.
Xalqaro maydonda ham o‘zbek futboliga nisbatan hurmat oshmoqda. Buni O‘zbekiston MTJ Senegal, Marokash, Eron milliy terma jamoalari kabi JCH-2018 ishtirokchilari bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazish borasida kelishuvga erishganidan ham bilsa bo‘ladi.
O‘zbekistonning turli yoshdagi terma jamoalari o‘z vaqtida BAA, Meksika, Turkiya, Yangi Zelandiya mamlakatlarida bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatlarida ishtirok etgan.
Endilikda O‘zbekistonning asosiy maqsadi milliy terma jamoaning Qatar-2022da bo‘ladigan mundialda ishtirok etishi hisoblanadi.
O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi bilan Osiyo chempionligiga erishgan bosh murabbiy Ravshan Haydarov Xitoydagi g‘alaba o‘zbek futbolida muvaffaqiyatlarning boshlanishi ekanini aytib o‘tdi:
“Biz tarix yaratdik. Xitoydagi Osiyo chempionatidagi g‘alaba o‘zbek futboli tarixidagi eng yorqin g‘alabalardan biri sifatida e’tirof etiladi. Bu g‘alabada hammaning hissasi bor. Mening fikrimcha, Osiyo chempionatidagi muvaffaqiyat kelgusi yutuqlar uchun poydevor vazifasini bajarib beradi. Xitoyda Chempionlikka erishgan bu terma jamoa O‘zbekistonning kelajagidir”, - deydi Ravshan Haydarov.