Kirish Ro'yxatdan o'tish
08/05 00:00 PSJ 0-1 Borussiya D
09/05 00:00 Real Madrid 2-1 Bavariya
10/05 23:45 Frozinone - Inter
11/05 00:00 Nissa - Gavr
11/05 00:00 Brest - Reyms
11/05 00:00 Alaves - Jirona

O‘FA reglamentga tupurganmi? Tashkilotning navbatdagi asossiz qarori

O‘FA reglamentga tupurganmi? Tashkilotning navbatdagi asossiz qarori

Baho:
+ | -

O‘zbekiston futbol assosiasiyasi 21 fevral kuni «Bunyodkor» va «Navbahor» klublarini 500 million so‘m miqdorida jarimaga tortdi. Sababi bitta — diskvalifikasiya qilingan futbolchilar jamoa tarkibida qolgan.

O‘FA rasmiy saytida e’lon qilingan xabarda «Bunyodkor» va «Navbahor» klublari mos ravishda Dilshod Ahmadaliyev va Oybek Qilichevni o‘rtoqlik uchrashuvlarida o‘ynatib yurgani uchun jazolangani aytiladi.

«Navbahor-Lochinlari» klubi futbolchisi Oybek Qilichev bir yil muddatga, «Bunyodkor» futbol klubi futbolchisi Dilshod Ahmadaliyev esa butunlay futboldan chetlatilgandi. Ammo shunga qaramay nomlari yuqorida tilga olingan futbolchilar o‘z klublari tarkibida o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushib yurgan.

O‘zbekiston futbol federasiyasi (rasmiy saytda aynan federasiya deb berilgan — Tribuna.Uz izohi) Ijroiya qo‘mitasi Byurosi qarorlarini buzgani uchun Ijroqo‘m Byurosining 2018 yil 21 fevraldagi 6-sonli Qaroriga ko‘ra «Navbahor-Lochinlari» hamda «Bunyodkor» futbol klublarining har biriga 500 million so‘m miqdorida jarima solindi», deyiladi rasmiy xabarda.

Ko‘rib turganingizdek, berilgan rasmiy manbada hech qanday reglament yoki tartib-intizom qoidalari asos qilingani ko‘rsatib o‘tilmagan. Haqli savol tug‘iladi: O‘FA bu qarorga kelishi uchun qanday asosga tayandi? Qaysi mezon asosida jarima miqdorlari belgilandi?

Reglamentni titkilaymiz. Aytgancha, shu o‘rinda, PFL va O‘FA rasmiy saytida reglamentni izlab topish igna bilan quduq qazishdek gapligi futbolga aloqador kishilarning hech biriga sir emas. Amallab topganimiz reglamentning birorta bandida norasmiy uchrashuvda o‘ynagan futbolchi sabab klubni jazolishi haqidagi band topilmadi. Aynan shuncha miqdorda summa belgilanishi haqidaku gapirmasa ham bo‘ladi. Bu birinchidan.

Ikkinchidan, O‘FA rasmiy sayti klublarning o‘rtoqlik uchrashuvida o‘ynagani haqida yozgan. Bizga ma’lumki, o‘rtoqlik uchrashuvlari odatda terma jamoalar o‘rtasida tashkil qilinadi va uning aniq qoidasi va reglamenti ishlab chiqilgan. Rasman o‘rtoqlik uchrashuvi degan nomni olish uchun uchrashuvda 6tadan ortiq o‘zgarish qilish mumkin emas. Klublar o‘rtasidagi yig‘inlar vaqtidagi uchrashuvlarda 6ta emas, o‘nlab o‘zgarishlar bo‘lishini rasmiy saytlarda chiqqan qaydnomalarda ham ko‘rishimiz mumkin. Buni hech qanaqasiga o‘rtoqlik uchrashuvi maqomiga tenglashtirib bo‘lmasligi shundan ham ma’lum. Oddiy tilda tushuntirganda, bu yig‘indagi nazorat uchrashuvlari. Unda jamoada hali rasman bo‘lmagan turli futbolchilar ham sinovdan o‘tish maqsadida tushishidir. Misol uchun, siz, futbolda qobiliyatingiz bor, lekin hech qaysi jamoada o‘ynamaysiz. Sizni ko‘rishmoqchi tushaverasizda o‘sha nazorat o‘yinida. Hech qanday rasmiy qaydnoma, klub a’zosi ekaningiz haqida kartochka ham so‘rashmaydi. Shunday holatda savol tug‘iladi: qariyb mashg‘ulot darajasidagi o‘yinda o‘ynagan futbolchi sabab klubni chetlashtirish qaysi futbol jamiyati rahbarlari uchun berilgan? Qaysi jamiyatda reglamentsiz istagancha qaror chiqarish mumkin deb ko‘rsatib qo‘yilgan?

Taqqoslash uchun yana bir gap. Misol uchun Angliyada futbolchi ma’lum jazoga tortilishidan oldin AFA undan va klubdan izoh talab qiladi. «Everton» hujumchisi Umar Niasse simulyasiya ishlatgani uchun jazolanishi kerak, yoki boshqa bir futbolchi raqibga atayin tirsak bilan zarba bergani uchun diskvalifikasiyaga loyiq. O‘yinlar yozuvi, takrorlari yaqqol ko‘rsatib turibdiki, ikkala holatda ham futbolchi aybdor. 100 foiz jazoga loyiq. Lekin shunda ham AFA ularga ma’lum vaqt beradiki, vaziyat bo‘yicha izoh berishi uchun. Ya’ni, Niasse nima sababdan bu vaziyatdan «dayving»ni amalga oshirgani tushuntirib berishi kerak. Qoidaga zid harakatlar aniq, isbotlar va reglament bo‘yicha jazo tayin. Lekin shunda ham aybdor tomon birinchi navbatdagi eshitiladi. Bu yerda ham tartib-intizom qoidalarini buzish haqida borayotgan bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri, lekin bunday qarorga kelishdan oldin klublardan izoh talab qilishga nima to‘sqinlik qildi? Oddiy nazorat o‘yinida ularni nima sababdan o‘ynatishganini aniqlash qiyinmidi, yoki O‘FA ulardan izoh ololmaydigan darajadami?

Dilshod Ahmadaliyev «Bunyodkor» yig‘inlarga nima sababdan olib yurgani bizga qorong‘i (jamoa kecha BAAdan yig‘indan qaytgan va ikki kunlik ta’til olgani bois, klubdagilar bilan bog‘lanish va bu borada ma’lumot olishning iloji bo‘lmadi — Tribuna.Uz), lekin Oybek Qilichev qaror bo‘yicha yana bir yildan keyin futbol o‘ynashi kerakku? Jismoniy holatini yo‘qotib qo‘ymasligi uchun mashg‘ulotlarda ishtirok etmasligi kerakmi?

Keling unda Rossiya futbol Ittifoqiga xat yozamiz, SSKA futbolchisi Roman Yeryomenko ikki yilga diskvalifikasiya qilingan bo‘lsada, mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda, jismoniy holatini ushlab turish uchun ishlayotgani uchun SSKAni jazolashsin. Yoki «Shaxtyor» Dario Srna uchun qo‘shimcha jazoga tortilsin. Shu mavzuda ularga gap ochib ko‘ring, kulgiga qolasiz.

Qilichev va Ahmadaliyev olgan jazolarga ortiqcha e’tiroz yo‘q. Bu qarorning adolatli yoki adolatsiz ekani haqida ham ortiqcha iddaomiz yo‘q. Ayniqsa, yoshni kichraytirish kabi og‘riqli illat haqida gap ketganida, bunday holatlarga qarshi kurashishni har bir muxlis-u mutaxassis ham yoqlaydi, lekin hozir gap faqat kecha chiqarilgan qaror haqida va uning umuman tushunarsiz ravishda asossizligi haqida. Balki O‘FA shu darajaga borib yetgandirki, ular uchun istalgan qoidalar va reglamentlar istisno qilingandir? Bunisi bizga noayon. Har doimgidek, O‘FAning navbatdagi g‘alati qarori sabablari va asosi bizga noma’lumligicha qolaveradi.

Azamat Murodov

Manba: www.tribuna.uz
Kiritildi: 13:28, 22.02.2018.
O'qildi: 6141 marta.
Fikrlar: 7 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.