Kecha O‘zbekiston futbol Assosiasiyasi Ijroiya qo‘mitasi Byurosi qarori asosida (Qaror qabul qilingan paytda O‘zbekiston futbol federasiyasi) “Navbahor-Lochinlari” klubi futbolchisi Oybek Qilichev bir yilga va “Bunyodkor” klubi futbolchisi Dilshod Ahmadaliyev butunlay futboldan chetlatilganligiga qaramay, klublari tarkibida o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushganligi, bu bilan O‘zbekiston futbol Assosiasiyasi Ijroiya qo‘mitasi Byurosi qarorlarini buzganligi uchun Ijroqo‘m Byurosining 2018 yil 21 fevraldagi 6-sonli Qaroriga ko‘ra “Navbahor-Lochinlari” hamda “Bunyodkor” futbol klublarining har biriga 500 million so‘m miqdorida jarima solinganligi haqida xabar chiqqan edi.
O‘FAning mazkur qarori ko‘plab munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston futbol Assosiasiyasi quyidagilarni ma’lum qiladi:
O‘zbekiston futbol Assosiasiyasi Ijroiya qo‘mitasi Byurosining 2018 yil 21 fevraldagi 6-sonli Qarori amaldagi O‘zbekiston futbol Assosiasiyasi Nizomining 14-moddasi hamda O‘zbekiston Professional futbol ligasi Reglamentining 3.2 bandi, Intizom kodeksining 5.22-bandiga binoan qabul qilingan.
Reglamentning 3-moddasida futbol klublariga alohida talablar belgilangan bo‘lib, uning 3.2-bandida futbolga oid har qanday masalalarda O‘FA va O‘zPFL qarorlariga bo‘ysunishi alohida belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, O‘FA Intizom kodeksining 5.22 bandida talablarni bajarmaslik uchun intizomiy chora sifatida jarima qo‘llanilishi belgilangan. Qo‘llaniladigan jarima miqdori esa 500 million so‘mgacha ko‘rsatilgan.
Nizomning 14-moddasida Assosiasiyasi a’zolari uning qarorlariga to‘la muvofiqlikda harakatlanishi belgilangan. Majburiyatlarning har qanday a’zolar tomonidan buzilishi esa sanksiyalar qo‘llanishiga olib kelishi mumkin.
Tan olish lozim, belgilangan jarima miqdori katta, har qanday klub g‘aznasiga ta’sir eta oladi. Ammo bugungi kun talabidan kelib chiqiladigan bo‘lsa, har qanday sohada ishchanlik ruhi hukm surayotgan, adolat qaror topayotgan, har bir shaxs Vatan farzandi sifatida yurt rivoji uchun kuyib-yonayotgan davrda mas’uliyatsizlikka, e’tiborsizlikka, ishga ko‘z-ko‘rona yondoshishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini har birimiz his qilishimiz kerak.
Qabul qilinayotgan rasmiy hujjatlar hayotga tadbiq qilinsagina, vijdonan bajarilsagina unum bo‘ladi. Vaholanki, “Navbahor” klubi ham, “Bunyodkor” klubi ham o‘zi bo‘ysinuvchi tashkilotning hujjatlariga panja ortidan qaradilar, “kim ko‘ribdi, kim bilibdi” qabilida ish tutdilar. Qo‘llanilgan jazo esa boshqalarga o‘rnak misolida, hushyorlikni oshirish, mas’uliyatni his qilish sifatida qabul qilinishi inobatga olingan.
O‘zbekiston futbol Assosiasiyasi mamlakatimizda futbolni muvofiqlashtirish bo‘yicha yuqori tashkilot hisoblanadi. Shunday ekan unga bo‘ysunuvchi a’zolar, shu jumladan, futbol klublari uning qarorlarini so‘zsiz bajarishi va hurmat qilishi lozim.