Kirish Ro'yxatdan o'tish

Namanganda jahon andozalariga mos sport bazasi barpo qilinadi

Namanganda jahon andozalariga mos sport bazasi barpo qilinadi

Baho:
+ | -
Bo'lim: SPORT
Rukn: Yangiliklar

Namangan viloyati Chortoq tumanida serjantlar tayyorlash maktabi negizida sport o‘yinlari bo‘yicha olimpiya tayyorgarligi markazi tashkil qilinishi munosabati bilan, Umid Ahmadjonov boshchiligidagi delegasiya a’zolari bugungi ishni aynan shu tumandan boshladilar. Rejaga ko‘ra, toza havosi va go‘zal tabiati bilan mashhur hududda, futbol, basketbol, voleybol, gandbol kabi jamoaviy sport o‘yinlariga moslangan zamonaviy baza qurib bitkaziladi. Markaz sport turlari bo‘yicha terma jamoalarga o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini o‘tkazish bilan bir qatorda, vodiy axolisi uchun sport maktabi vazifasini ham bajarishi rejalashtirilayapti.

“Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich bunday go‘zal joyni aynan sport soxasini rivojlantirish uchun ajratganliklari bizga bo‘lgan ishonchda deb bilaman. Endi biz bu ma’suliyatni to‘liq xis qilgan holda, birgalikda mukammal tizimni ishlab chiqishimiz hamda uni hayotga tadbiq qilishimiz kerak. Zamonaviy bazani yaratish bilan biz mahalliy klublarimizni pullarini tejash bilan birga, O‘zbekistonga kuchli-kuchli klublarni kirib kelishlariga zamin yaratamiz. Bu bilan turizm sohasini rivojlanishiga ham o‘z xissamizni qo‘shamiz. Chortoq bazasi ayniqsa futbolga mos bo‘lishi kerak. Eng kuchli mutaxassislarni Namanganga olib kelamiz. Buning uchun ko‘rib turganimizdek sharoit zo‘r. Qurilish ishlarini shu yilni o‘zidan boshlashimiz kerak bo‘ladi”, - deydi Umid Ahmadjonov.

"Yurtboshimizga mingdan-ming rahmat, sportimizda bo‘lib o‘tayotgan o‘zgarishlar samarasi o‘laroq, Chortoqdagi eng so‘lim joyni sportga ajratdilar. Endi biz namanganliklar bu ishonchni oqlashimiz va hududimizda sportga bo‘lgan e’tiborni bir necha barobarga oshirishimiz kerak. O‘z navbatida, Umid Muhammadjonovichga ham rahmat aytamiz-ki, bizni hududga shahsan tashrif buyurib vaziyat bilan yaqindan tanishib chiqayaptilar", - deydi sport faxriysi, Shokirjon Qoraboyev.

Shundan keyin delegasiya “Barkamol Avlod” sport kompleksida bo‘ldi. U yerda sportga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishildi. Bu yerda “Navbahor”ning ayollar va futzal klubi uy uchrashuvlarini o‘tkazadi.

Umid Ahmadjonov “Barkamol Avlod” yosh bolalar futbol jamoasining mashg‘ulotlarini kuzatar ekan, delegasiya vakillariga vodiy bo‘yicha maxsus chempionatni yo‘lga qo‘yish va bu borada BO‘SMlar o‘z yillik xarajatlarini ishlab chiqishlari kerakligi borasida taklif berildi.

Bu borada MOQ prezidenti shunday deydi:

– Biz hududiy musobaqalar bilan cheklanib qolishimiz kerak emas. Sportning qaysi turi bo‘lmasin, u xoh futbol, xoh basketbol barchasi Respublika miqyosida musobaqalarda qatnashsinlar. Bularga davlat shuncha pul ajratadi, agar ular o‘rtasidagi raqobatni oshirmasak, o‘sish bo‘lmaydi. Uy-safar tizimida bellashsalar, muxlislar ham ko‘p kiradi, axir shu emasmi ommaviy sport?!

Qisqa tanaffusdan so‘ng delegasiya vakillari Namangan Markaziy stadioniga tashrif buyurdilar. Bugun o‘z maydonida “Lokomotiv” jamoasini qabul qiladigan “Navbahor” uchun bu uy maydonidagi birinchi uchrashuv bo‘ladi. Klub Vise-prezidenti Olim Isayev boshchiligida juda katta ish qilinganligi yaqqol ko‘rindi. Ayniqsa, “Navbahor” muxlislariga yaratilgan sharoit Umid Ahmadjonovni hayratda qoldirdi va ko‘plab klub rahbarlari “Navbahor” muxlislariga yaratilayotgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib chiqqan holda o‘z muxlislarini stadionga qaytarish chorasini ko‘rishi kerakligini ta’kidlab o‘tdi.

“Bunyodkor” stadionidan keyin ikkinchi bo‘lib “Navbahor” arenasiga muxlislarni kirishi elektronlashtirildi. Olim Isayevni aytishicha, tez kunlarda muxlislar o‘z plastik kartochkalaridan stadionga kelmasdan elektron chiptalarni xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. O‘yinga bo‘lgan tayyorgarlikka ijobiy baho bergan MOQ prezidenti “Navbahor” muxlislar klubi sardori Farhod Umirovning ishiga yuqori baho berdi va klubning “Telegram” ijtimoiy tarmog‘iga a’zo bo‘ldi. Endi Umid Ahmadjonov bevosita “Navbahor” muxlislar klubi faoliyatini virtual kuzatib boradi.

Umuman olganda “Navbahor” stadionidagi ishchi guruhlarning chet el klublari kabi sifatli ish olib borishi rosmana maqtovga loyiq edi.

Shundan so‘ng ko‘plab iste’dod egalarini tarbiyalab bergan futbol liseyiga borildi. U yerdagi yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishilar ekan, Prezident qarori asosida bu yerda zamonaviy futbol akademiyasi qad ko‘tarishi va maydonlar bilan muammo bo‘lmasligi haqida aytib o‘tildi.

Qisqasi, yaqin yillar ichida “Navbahor” jamoasini yana kuchlilar qatorida, OCHL maydonlarida ko‘rsak ajablanmaymiz. Buning uchun tizimni yaratib olish va malakali mutaxassislar ko‘magida uni sifatli yuritishimiz talab etiladi.

Manba: olympic.uz
Kiritildi: 19:22, 17.03.2018.
O'qildi: 2541 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.