O‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovning Angliyaning “Manchester Siti” klubi bilan tuzgan yangi shartnomasi bo‘yicha moliyaviy tafsilotlar e’lon qilindi. 22 yoshli futbolchi joriy yilning iyul oyida klub bilan 2031-yilning 30 iyuniga qadar amal qiladigan 5 yillik shartnoma imzolagan edi.
Capology portali ma’lumotlariga ko‘ra, Husanovning kafolatlangan yillik maoshi 5,2 million funt sterlingni tashkil qiladi (haftasiga 100 ming funt). Besh yillik shartnomaning umumiy kafolatlangan qiymati 26 million funtga teng.
Shartnomada natijalarga bog‘liq qo‘shimcha bonuslar ham ko‘zda tutilgan. Bonuslar orqali futbolchi haftasiga yana 25 ming funt (yillik 1,3 million funt) daromad qilishi mumkin. Barcha bonuslar hisobga olingan taqdirda, himoyachining maksimal yillik maoshi 6,5 million funtga yetadi.
Ma’lumot o‘rnida, jamoaning eng yuqori maosh oluvchi futbolchisi Erling Holand hisoblanadi. Uning haftalik asosiy daromadi 525 ming funtni tashkil etadi. Keyingi o‘rinlarda Jek Grilish (300 ming funt), Omar Marmush (295 ming funt), Fil Foden (280 ming funt) va Janluiji Donnarumma (265 ming funt) qayd etilgan.













