Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Ergash Ismoilov: «Men raqobatdan qo‘rqmayman va o‘zimga ishonaman»

Ergash Ismoilov: «Men raqobatdan qo‘rqmayman va o‘zimga ishonaman»

Baho:
+ | -

Ma’lumki, Superliga 3-tur doirasida «Buxoro» «So‘g‘diyona» jamoasini o‘z uyida qabul qildi va yirik 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Shundan so‘ng «Buxoro» jamoasiga murabbiylar shtabi tomonidan qisqa ta’til berildi. Shu orada biz «Buxoro» jamoasi yosh iqtidorli himoyachisi, shuningdek, Superliga 3-turning eng chiroyli gol muallifi Ergash Ismoilovni suhbatga chorladik.

— Ergash, avvalo sizga savol bilan murojaat qilishdan oldin sizni diyorimizning ajoyib ayyomi kirib kelgan Navro‘zi olam bilan sizni va barcha yaqinlaringiz hamda oila a’zolaringizni chin qalbdan tabriklaymiz!
— Rahmat. Men ham shu fursatdan foydalanib barcha O‘zbekiston ahlini, sizlarni Navro‘z bayrami bilan chin ko‘nglimdan tabriklayman. Barcha oilalarga tinchlik osoyishtalik, kulgi, tabassum tilab, ularni bahoriy kayfiyat hech qachon tark etmasin deyman.

— Rahmat. Yaxshi tilaklaringiz o‘zingizga ham hamroh bo‘lsin. «Neftchi» jamoasi bilan bo‘lgan nazorat uchrashuvi chog‘ida raqib jamoa vakili bilan to‘qnashib ketib bir necha daqiqa o‘zingizga kelolmadingiz. Shundan so‘ng o‘yinlarda qatnasha olmadingiz. Hozirda o‘zingizni yaxshi his qilyapsizmi?
— To‘g‘ri, shu hodisani eslasam haligacha yuragim orqaga tortib ketadi. Xudoga yoqqan tarafim bor ekanmi bilmadim, bir necha daqiqalardan so‘ng o‘zimga keldim. Ungacha nimalar bo‘lganini o‘zim ham bilmayman (kulib). O‘zimga kelsam hamma atrofimda, o‘zimga noqulay bo‘lib ketdi. Keyin tezda shifoxonaga olib borishdi. U yerda shifokorlar nazoratida bo‘ldim va ular menga butunlay tuzalib ketmagunimcha bir nechta o‘yinlarni o‘tkazib yuborib, yaxshigina dam olib kerakli kuch yig‘ib olishimni qattiq tayinlashdi. Shu bois bir oydan beri uchrashuvlarda ishtirok eta olmadim. Bilasizmi, har bir futbolchi bir oy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanmay qo‘ysa, bu jismoniy holatiga albatta ta’sir o‘tkazmay qo‘ymaydi. Bu vaqt ichida jamoadoshlarim va murabbiylarim meni avaylab, qo‘llab-quvvatlab turishdi. Buning uchun ularga alohida rahmat aytaman. Xullas, mana ko‘rib turganingizdek xavf-xatarlar ortda qoldi. Lekin asosiy tarkibga chiqishdan oldin o‘rinbosarlar jamoasida o‘zimni sinab ko‘rishni xohladim. Chunki hali tayyor emas edim. «Buxoro»-«So‘g‘diyona» uchrashuvidan bir kun oldin o‘rinbosarlar tarkibida maydonga tushdim va gol urishga erishdim. Shundan so‘ng asosiy tarkib uchun ham hozirgi holatim maksimal darajada ekanligini bilib oldim va maydonga tushdim. Kuzatgan bo‘lsangiz 3-golni kiritish menga nasib qildi. Bundan o‘zim ham xursandman.

— «So‘g‘diyona» bilan uchrashuvda zaxiradan maydonga tushishingiz avvaldan ma’lum edimi?
— Yo‘q, avvaldan ma’lum emas edi. Murabbiylarim menga ishonib maydonga tushirganlaridan juda xursand bo‘ldim. Bildirilgan ishonchlarini oqlashga astoydil harakat qildim va buni uddalay oldim, deb o‘ylayman. Ularni menga bo‘lgan ishonchlari uchun ham katta rahmat.

— Siz «Bunyodkor»da qolishni istagandingizmi yoki «Buxoro»ga qaytishni?
— «Bunyodkor»da qishki mashg‘ulotlarni o‘tkazdim. Lekin, «Buxoro»dan taklif tushdi. O‘tgan mavsumda ham «Buxoro» jamoasida faoliyat olib borganman. Menga ishonib qayta taklif bilan chiqishgani uchun to‘g‘risi xursand bo‘ldim. Buxoroga ancha o‘rganib qolibman. Qaytganimdan mamnunman va afsuslanmayman.

— «Buxoro» nechanchi o‘ringa mos harakat qilyapti?
— Bu futbol. Bunda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Bu mavsumda jamoamizga juda ham tajribali futbolchilar jamlangan. Ishonamanki, nasib qilsa, bu yil yuqori o‘rinlarni band qilamiz.

— "Buxoro"da qanot yarim himoyachilariga raqobat katta. Bunga qanday qaraysiz?
— Albatta, bu yil raqobat «Buxoro»da juda kuchli. Nafaqat qanot futbolchilarida, balki boshqa amplualarda ham raqobat kuchli. Men raqobatdan qo‘rqmayman va o‘zimga ishonaman. Men uchun raqobat bo‘lgani yaxshi. Chunki, raqobat bor joyda o‘sish bo‘ladi.

Manba: pfcbuxoro.com
Kiritildi: 22:37, 22.03.2018.
O'qildi: 2352 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.