Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Abdumavlon Abdujalilov: «Haddan ortig‘ini so‘rash noshukurlik bo‘ladi»

Abdumavlon Abdujalilov: «Haddan ortig‘ini so‘rash noshukurlik bo‘ladi»

Baho:
+ | -

FIFA kunlari sabab O‘zbekiston Superligasida kichik tanaffus yuzaga keldi. Jamoalar o‘tkazilgan 3ta turdan so‘ng biroz tin olib, keyingi o‘yinlarga tayyorgarlikni davom ettirishyapti.

E’tiboringizga «Neftchi» jamoasi darvozaboni Abdumavlon Abdujalilov bilan uyushtirgan suhbatimizni havola qilamiz. Uchta o‘yindan ikkitasida durang qayd etgan farg‘onaliklar hali raqib darvozasi tomon yo‘l topa olishmadi.

- Abdumavlon, Superliganing 3ta turi ham ortda qoldi. Shaxsiy kuzatishlaringiz asnosida o‘tkazilgan o‘yinlar haqida nimalar degan bo‘lardingiz?

- Albatta, taassurotlar ijobiy. O‘yinlar juda yaxshi saviyada tashkil etilyapti, deyarli barchasi murosasiz kurashlar ostida kechyapti. Har turda kamida bitta yoki ikkita kutilmagan natija kuzatilmoqda. Muxlislarning stadionlarga tashrifi ham anchagina oshdi.

Ayniqsa, Farg‘ona, Namangan, Qarshi va Buxorodagi arenalar muxlislar bilan to‘lyapti. Millionlar o‘yini ixlosmandlari futbolni sog‘inib qolishgan ekan. Kuchli jamoalarning hammasi 3-turga keliboq ochko yo‘qotdi.

«Lokomotiv» durang va mag‘lubiyat qayd etdi, «Nasaf» va «Bunyodkor» ham ikki ochkodan mahrum bo‘ldi, «Paxtakor» yutqazdi. Ishonchim komil, qolgan tur o‘yinlari shiddat bobida shu kungacha o‘tkazilgan uchrashuvlardan qolishmaydi.

- Hakamlikka ham deyarli e’tirozlar bo‘lmayapti...

- Fikringizga yuz foiz qo‘shilaman. Hakamlarga hozircha e’tiroz yo‘q. Oxirigacha shunday bo‘lib qolsin. Masalan, «Neftchi» ishtirokidagi uchala o‘yinda ham hakamlar ishi bo‘yicha bahsli holat kuzatilmadi.

- «Neftchi»ning ishtiroki haqida nima deysiz?

- Jamoamiz o‘yinlarida shiddat yaqqol ko‘zga tashlanyapti. Yigitlar maydonda ko‘zlari yonib harakat qilishmoqda. Faqat hozircha biroz omadimiz kelmayapti. Keyingi uchrashuvlarda o‘zimizga kelib olishimizga ishonaman.

- Jamoaviy o‘yin masalasida muammo yo‘qmi? Futbolchilar bir-birlarini tushunib harakat qilishyaptimi?

- Fikrimcha, 1-2 oyda yig‘ilgan jamoa uchun dastlabki uchta turda ko‘rsatilgan natija yomon emas. Futbolchilarning bir-birini tushunib harakat qilishlari uchun esa biroz vaqt kerak bo‘ladi. Turdan-turga jamoaviy o‘yin shakllanib boryapti.

- «Neftchi» avvalgi shonli davridagi darajasiga qayta oladimi?

- Albatta, qaytadi. Bu hozirda «Neftchi»da ishlayotgan har bir kishining oliy maqsadi hisoblanadi. Fikrimcha, bunga bosqichma-bosqich erishiladi. Zamonaviy futbol kundan-kunga o‘zgarib boryapti. Ozgina harakat qilmasangiz, ishlashdan to‘xtasangiz, qolganlar sizdan o‘zib ketishadi.

- Jamoa rahbariyati bu borada qanday ish olib boryapti?

- Klubimiz mutasaddilari hozirgi zamon futboli qo‘ygan talablarni bajarish yo‘lida mehnat qilishmoqda. Futbolchilarning hech narsani o‘ylamay, faqat mazmunli o‘yin namoyish etish va g‘alaba qozonishlari uchun sharoitlar yetarlicha.

Xoh moddiy, xoh ma’naviy tomondan bo‘lsin, rahbarlarimiz bizni qo‘llab-quvvatlab turishibdi. Fikrimcha, futbolchi uchun bundan ortig‘ini so‘rash noshukrlik bo‘ladi. Oldin shunga loyiq o‘yin ko‘rsatish kerak.

- Superliga o‘z nomiga munosib o‘tyaptimi?

- Menimcha, bu masalada hozircha biror xulosa chiqarishga erta bo‘lsa kerak. Chunki chempionat endi boshlandi. Agar hammasi hozirgidek davom etsa, u holda Superliga o‘z nomiga munosib tarzda o‘tkazilayotgan bo‘ladi.

Har qanday holatda ham avvalgi yillar bilan taqqoslaganda, baribir, farq ko‘zga tashlanyapti. Har bir jamoa kuchli oltilikka kirishga intilmoqda.

- «Neftchi» 3ta o‘yindan beri raqib darvozasini ishg‘ol qila olmayapti. Bu nimadan darak? Qachon noxush an’anaga chek qo‘yiladi?

- To‘g‘ri, hozircha bizga gol urish nasib qilmayapti. Ozgina omad va mahorat bobida yetishmovchilik bor. Mashg‘ulotlarda astoydil harakat qilib, bu noxush an’anaga tez orada barham beramiz, deb o‘ylayman. Eng muhimi, raqib darvozasini ishg‘ol qilish yo‘lida qulay vaziyatlar yaratilyapti.

- «Bunyodkor» bilan o‘yinda jamoa mag‘lubiyatga lo-yiqmidi? Yutqazish sabablari muhokama qilindimi?

- «Bunyodkor»ga qarshi kechgan uchrashuvdan so‘ng jamoaga qisqa ta’til berildi. Ishonchim komil, ana shu tanaffus chog‘ida har bir futbolchi o‘z o‘yinini tahlil qilmoqda. Tarkib to‘liq yig‘ilganidan so‘ng bu mavzuga yana qaytiladi

. Bevosita uchrashuvning o‘ziga kelsak, g‘alabaga loyiq o‘yin ko‘rsatmadik, o‘z navbatida, mag‘lubiyatga ham munosib emasdik. Ikkinchi bo‘limda darvozamiz oldida deyarli xavfli vaziyatlar sodir etilmadi. Shunchaki, mehmonlar mahorat evaziga kamsonli hujumlardan birini golga aylantirishdi.

- Jamoada raqobat yetarlimi?

- Albatta, raqobat bor. Zaxiradagi futbolchilar ham maydonga tushib, o‘zlarini ko‘rsatishga tayyorlar.

- Darvozabonlar orasida-chi?

- Bu chiziqda ham xuddi shunday. Bizning vazifamiz - har bir o‘yinga tayyor bo‘lish, qolganini murabbiy hal qiladi.

- Vaziyatga real nigoh bilan qarasak, «Neftchi» birinchi bosqich yakunlariga ko‘ra, kuchli oltilikka kira oladimi?

- Bu oson emas. Agar barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilsak, ushbu vazifani uddalasak bo‘ladi. Jamoamizninig oldida boshqa yo‘l ham yo‘q. Faqat shu tariqa «Neftchi»ning avvalgi obro‘sini tiklash mumkin.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 13:12, 30.03.2018.
O'qildi: 2389 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.