Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Ishonch (qissa, 2-qism)

Ishonch (qissa, 2-qism)

Baho:
+3 | -2

Qissaning birinchi qismi

Men Farhodning bitta tomoniga juda qoyil qolardim. U futbolning ashaddiy muxlisi edi. Ko‘pincha o‘yinlarni men bilan muhokama qilar edi. Sinfimizda 38 nafar o‘quvchi bo‘lib, shuning 20 nafari o‘g‘il, 18 nafari qizlar edi. Programma bo‘yicha shu sinfga menga o‘xshagan 4 ta a’lochini biriktirishgan, har bir a’lochi o‘zi bilan 8-9 nafardan qoloq o‘quvchini ergashtirishi kerak edi. Mening chekimga Farhod va uning “ataman”lari tushgan, qo‘polroq qilib aytganda, ularning xizmatida edim. Tan olib aytish kerak, o‘sha paytlar ulardan cho‘chirdim. Farhod meni ortiqcha qiynamas, doim hazillashib, meni “geniy” deb chaqirar, ko‘pincha bugun qanday futbol o‘yinlari borligini so‘rab turar, so‘ng daftarlarini partam ustiga tashlab “o‘zing yaxshi bolasanku”, — deya yelkamga shapatilab urib, koridorga chiqib ketardi. Men uning uchun ham qolgan “shayka”lari uchun ham ko‘pincha dars qilardim. Hech ham yoqmasa-da, lekin na iloj. Har holda “shayka” a’zolari menga ortiqcha zug‘m qilishmas edi. Qolgan uch a’lochi bolalarni Farhod bo‘sh qoldi deguncha qiynar, mazax qilib, laqab to‘qirdi.

To‘g‘risi, bir chorak o‘qigach, maktabimni almashtrmoqchi bo‘lib yurgan paytlarim edi. O‘sha kuni ustozimiz xonamizga ertalab har doimgiday yo‘qlama qilgani kirdi-da, katta xursandchilik bilan maktabimizda futbol turniri o‘tkazilishini, g‘olib jamoa shahar chempionatiga chiqishini tantanali e’lon qildi. To‘g‘risi, yuragimga o‘t tushdi. Shunda orqada Farhod o‘rnidan turib “biz ham qatnashamiz”, — deya baqirib yubordi. Hamma bolalar g‘ala-g‘ovur qilib ketishdi. Ayniqsa, Farhod hayajonlanib allanimalar deya sinfga baqirar, lekin mening qulog‘im hech narsani eshitmas edi. Ustozimiz esa jilmaygancha bizni tomosha qilar, gapga aralashmas edi. Uning uzunchoq yuziga yarashgan qora qoshlari tepaga ko‘tarilib ketar, peshonasi xiyla tirishib kular, shu turishda yosh bolaga o‘xshar edi. Ustozimiz: “qani davomini eshitinglar axir”, — deya ovozini balandladi. Hamma sekin jim bo‘ldi. Xayriddin aka “Agar nasib qilib shahar miqiyosidagi turnirda ham g‘alaba qozonsak, Toshkentdagi Respublika chempionatiga chiqamiz, agar uniyam yutsak qarabsizki, O‘zbekiston chempionimiz deyavering!”, — dedi. Orqaroqda o‘tirgan Dilsora degan qiz “Tuyani dumi yerga tekkanda yutasizlar”, —  deya shirin xayollarni to‘zg‘itib yubordi, ustozimiz har doimgiday og‘ir bosiqlik bilan “General bo‘lishni orzu qilmagan soldat —  soldat emas”, —  deya gapini davom ettirdi. “Men maktabimizda g‘olib bo‘lgan jamoamizni shahar miqiyosidagi turnirga o‘zim olib borman, albatta murabbiy sifatida”, —  deya entikib qo‘ydi. Shundan sezdimki, ustozimizning ham futbolga qiziqishi kuchli ekan.

O‘sha kuni oxirgi soatimiz jismoniy tarbiya edi. Ustozimiz hamma yigitlarni bir safga tizib qo‘ydida, birdaniga “futbol turnirida qatnashishni xohlaganlar bir qadam oldinga “, —  dedi. Hamma bolalar birdaniga qadam tashladi. Xayriddin aka: “Obbo sizlarey, qani 3 aylana yugurib kelamiz”, —  deya buyruq berdi... Men bir tekis nafas olib yugurishni boshladim, qarasam orqaroqda Farhod ham shu tempda ketyapti, u menga yetib oldida “Geniy, senam qatnashasammi?”, —  deya mendan so‘radi. Men boshim bilan ha ishorasini qildim. U “senga mening jamoamda joy topilarmikan, — deya o‘ylanib turdida, — mayli zaxiradan maydonga tushansan”, —  deya yelkamga turtib qo‘ydi. O‘sha payt xursandchiligimni tasavvur ham qila olmaysiz...

Ertasi kuni maktab devoriga turnir taqvimini chizib, ilib qo‘yishipti. Birinchi uchrashuvimiz 9 “A” bilan ekan. Sinfga kirsam, hamma shuni muhokamasi bilan band. Farhod o‘zining “shayka”lari bilan bugungi o‘yin uchun taktika tuzib o‘tirardi. Darvozada — sinfimiz sardori, maktabimiz faxri, shahar olimpiadasi g‘olibi, ”qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan” — Ibrohim. Himoyada — o‘zining bo‘ydorligi bilan hammadan ajralib turadigan G‘ani “terak”. U juda kamgap, og‘ir bola. Hammaga ham uncha qo‘shilavermaydi. Uning yonida Ixtiyor — ko‘zlari qisiq, gavdali bola, judayam asabi chatoqlardan. Uning yonida esa sambochi G‘ulom. Maydon markazida — Abror. U sinfimizda eng to‘polonchi bola, maktabdan chiqib, yaqindagi bozorda qassobga shogird tushgan, shuning uchun ham uni hech kim Abror deb chaqirmas, hamma uni qassob derdi. O‘ng qanotda — Mirsodiq. U judayam hazilkash bola, nuqul uyatsiz latifalar aytib, hammani kuldirib yuradi. Chap qanotda — Timur. U buvisini qo‘lida katta bo‘lgan, hozir ham buvisi bilan yashaydi, sinfda hamma uni “Titi” deb chaqiradi, balki jussasi kichkinaligigadir. Hujum markazida esa, ha topdingiz, Farhod. U o‘zini jamoa sardori deya alohida chizib qo‘yibdi. Bu bolalar bilan hech ham birga futbol o‘ynamaganman. Ularni imkoniyatlarini ham yaxshi bilmasdim. Shashtim tushib, Farhodga “men yo‘qmanmi?”, —  desam tirjayib “Senga nima bor futbol o‘ynab, geniy, undan ko‘ra darsingni qilsangchi dedi. Jahlim chiqib ketdi. Hech bo‘lmasa zaxirada o‘tiray desam, Farhod “shayka”lariga qaradida, “ha mayli, evaziga ikkita bulochka olib berasan”, —  deya battar tirjaydi. Men xo‘p ham demadim, yo‘q ham demadim. Sekin joyimga o‘tirdim. Qani endi dars qulog‘imga kirsa. Nuqul xayolimda bugungi o‘yin. Ishqilib tushirishsinda maydonga...

Va nihoyat biz kutgan so‘nggi darsga qo‘ng‘iroq chalindi. Hamma o‘zini ko‘chaga urdi. Men hammadan keyin maktabimiz stadioniga chiqdim. Odam ko‘p, sekin sinfdoshlarim oldiga borib formamni kiydim. Hakam — mehnat o‘qituvchimiz Aziz aka. U jamoa sardorlarini maydon markaziga chaqirdi. So‘ng o‘yin reglamentini tushuntirdi. “7-7 o‘yin. 25 daqiqadan 2 ta taym. Agar hisob teng bo‘lsa, penaltilar, hammaga omad”, —  deya tanga tashladi. To‘pni raqib o‘yinga kiritadigan bo‘ldi. Negadir qattiq hayajonlanardim. Yuragim gup-gup urar, oyoqlarim qaltirardi. Uchrashuv boshlandi. Farhod to‘pni Mirsodiqqa yetkazdi, Mirsodiq kichkina bo‘lishiga qaramasdan ikkita o‘yinchini aldab, uzoqdan zarba berdi. Lekin gol emas. Farhod unga o‘dag‘aylab ketdi. ”Oshirsangchi pakana”, —  deya. Buni shunchalar baqirib aytdiki, mengayam shundoq eshitildi. Raqibimiz to‘pni o‘zida yaxshi ushlab tura olmasdan tepib yuborishardi. Men tik turib o‘yin tomosha qilarkanman, bir narsani darrov sezdim...

Yahyoxo‘ja ULUG‘XO‘JAYEV

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 09:02, 07.04.2018.
O'qildi: 3823 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.