Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Mashaqqatlar mukofoti – Mundial yoxud kecha pirojka sotib yurgan yigitcha bugun JCHga tayyorlanmoqda

Mashaqqatlar mukofoti – Mundial yoxud kecha pirojka sotib yurgan yigitcha bugun JCHga tayyorlanmoqda

Baho:
+ | -

Bu yigit bolaligida oilasi ta’minotiga hissa qo‘shish uchun ko‘chada pirojka sotardi, bugun esa jahon chempionatidek yirik turnirda o‘ynaydigan darajaga yetdi. Bu yigit Kolumbiya terma jamoasining hali keng miqyosda tanilmagan eng umidli iqtidori.

Xuan Roman Rikelme bu yigitdan hayratda, Karlos Teves esa hurmat yuzasidan o‘z sovrinini unga topshirgan. Xames Rodriges aksincha, uni ko‘rganida, o‘ng‘aysiz holatga tushadi. Gap bo‘lajak jahon chempionatining bosh kashfiyoti bo‘lishga da’vogar sanalgan Frank Fabra haqida ketmoqda.

Rossiya mundiali-2018 starti tobora yaqinlashayotgan ekan, jahon futbol forumining ehtimoliy yulduzlari bilan oldindan tanishib chiqish zarar qilmaydi.

Tushunarliki, har bir insonning o‘ziga xos tarixi bor: kimdir aqlga sig‘mas darajadagi og‘ir yo‘lni bosib o‘tadi, bosh-qa birov havas qilarli sharoitlarda yashaydi.

Kolumbiyalik iqtidorni birinchi toifaga qo‘shish mumkin. Quyidagi maqola (manba: championat.som sayti) uning murakkab sinovlarga mardonavor dosh bergani haqida.

* * * * * * * *

Frank Fabra 3 mavsumdan buyon Argentinaning mashhur «Boka Xuniors» klubida to‘p surmoqda. Kolumbiyalik himoyachining asosiy ehtirosi esa klubning kiyinish xonasiga qo‘ygan ilk qadamlariga bog‘liq.

Frank «Boka» safiga qo‘shilgunicha ma’lum muddat Medelinda, qarindoshining uyida yashagan. Uning xonadonida televizor faqat 2ta sport kanali to‘lqinini ushlardi - FOX Sports va ESPN.

Birinchisida asosan «Manchester Yunayted» ishtirokidagi o‘yinlar qayta-qayta namo-yish etilar, ikkinchisida esa «Real Madrid»ga e’tibor kuchli edi. O‘sha vaqt Angliya klubi safida Karlos Teves chinakamiga porlagan bo‘lsa, madridliklar tarkibida Fernando Gago to‘p surardi.

Ha, Gago birinchi raqamli yulduz sanalmasdi, ammo jamoada muhim o‘rin tutgani aniq. Xullas, Fabra shu ikki futbolchi o‘yiniga mahliyo bo‘lib, ekrandan ko‘z uzmasdi. Qarangki, kolumbiyalik himoyachi yangi klub ixtiyoriga kelgach, unga kiyinish xonasida aynan Teves yonidan joy berishdi.

Gagoning javoni esa ikki qadam narida. Muhimi, Fabra oshxonada kumiri - Karlitosdan Yevropada futbol tizimi qanday yo‘lga qo‘yilgani haqida so‘rab-surishtirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Diqqatga sazovor tomoni, Fabra o‘z transferi rasmiylashtirilganidan ko‘p o‘tmay, «Boka»ning chap qanot himoyasidan munosib joy olishni uddaladi. 2016 yilning aprelida «Boka Xuniors» Kolumbiyaning «Deportivo Medelin» jamoasiga qarshi maydonga tushib, 6:2 hisobida g‘alaba qozondi.

O‘sha uchrashuvda gollardan biriga Frank mualliflik qildi. Himoyachi kiyinish xonasiga kiriboq yuvinishga chog‘langanida, kimsan Karlos Teves qarshisiga chiqib, barchaning ko‘z o‘ngida unga o‘yinning eng yaxshi futbolchisiga atalgan sovrinni topshirdi.

Muhimi, yevrofutbolda katta shuhrat qozongan faxriy hujumchi bunga o‘zining samimiy maqtovini ham qo‘shib qo‘ydi: «Bugun bajargan ishingni e’tiborga olsak, sovringa aynan sen munosibroqsan».

Fabra keyinroq o‘sha voqeani kuchli hayajonda o‘zgacha ta’riflagandi: «Tevesga doimo alohida «figura» - kuchli shaxs sifatida qarab kelganman.

U o‘ziga tegishli sovrinni qo‘limga tutqazganida, qanday holatga tushganimni so‘z bilan tavsiflab berolmayman. Ochig‘i, bunday hissiyotni endi hech qachon tuymasam kerak...».

* * * * * * * *

Frank Fabra 6 yoshidayoq futbol atalmish yoqimli «xasta»likka chalingan, ammo uning oldida nurli yo‘ldan asar ham yo‘q edi. To‘g‘ri, onasi yosh Frankning qiziqishi jiddiyligini payqab, uni mamlakat g‘arbidagi ovloq hudud sharafini himoya qiluvchi «Nechi» klubiga olib boradi.

Ammo u yerda futbolchi bo‘lishdan ko‘ra, baliqchilik qilish yoki konda ishlash ancha oson edi. Fabralar oilasi «shahar ichidagi shaharcha»da istiqomat qilardi. Atigi 230ta oilani o‘z ichiga olgan shaharchadan Nechiga avtoulovda yetib borish uchun chamasi 1 soat vaqt ketadi.

Bo‘lajak himoyachining ota-onasi o‘qituvchilik qilishgan va kun bo‘yi maktabdagi darslaru yumushlardan sira bo‘shamasdilar. Xullas, bolakay doimo yolg‘iz qolgani uchunmi, barchasini mustaqil bajarishga odatlangan. Deylik, maktabga o‘zi borar, u yerdan to‘g‘ri mashg‘ulotga yo‘l olardi.

Frank faqat dam olish kunlari ota-onasi bilan birga bo‘lar, ammo ba’zan bu imkoniyat yo‘qqa chiqardi. Zero, otasi yoki onasini yakshanba kuni ham maktabga chaqirishardi. Shunday vaqtda yosh Frank oila byudjetini o‘ylab, ko‘chaga chiqardi.

«Ha, 12-13 yoshimda yo‘l chetida buvim tayyorlab bergan turli pishiriqlarni sotganman, - deya eslaydi himoyachi. - Oddiy aytganda, ota-onamga biroz yordamim tegishini xohlardim.

Aytishim joiz, sotuvchilikni qoyillatganman - pirojkalarni tezda tugatib, uyga chopardim va tog‘orani to‘ldirib, yana savdo joyiga shoshardim. To‘g‘ri, ba’zi kunlar oz-moz pishiriq qolib ketsa, ularni o‘zim paqqos tushirardim. Shuningdek, uy dasturxoni uchun baliq ovlaganim ham esimda».

* * * * * * * *

Yolg‘izlikka ko‘nikkan 13 yoshli Frank bir kuni pirojka sotishdan zerikib, Medelin yo‘nalishidagi avtobusga o‘tiradi va «Envigado» klubi bazasiga boradi. Pulsiz, hech narsasiz! Gap shundaki, bundan ma’lum muddat avval uning oldiga ikki jamoa skauti kelgandi.

Xullas, doimo Kafu o‘yiniga hayrat bilan boqqan Frank «Envigado»ni tanlaydi. U Medelinda qarindoshining uyida yashaydi. Televizorda faqat 2ta sport kanali ko‘riladigan o‘sha xonadonda. Qizig‘i, Fabra «Envigado»ning asosiy tarkibiga kiritilganini ham aynan televizor orqali biladi.

O‘shanda u professional faoliyatdan deyarli umid uzishga ulgurgandi. Chunonchi, Frank 19 yoshda edi, bungacha hattoki, 16 yoshli Xuan Kintero (hozirda «River Pleyt» a’zosi) va yana 9 nafar undan kichik futbolchini asosiy jamoaga jalb qilishgandi. Umuman, Fabraga ko‘ngilsiz holat qo‘l kelganini ham aytish o‘rinli.

«Kukuta»ga qarshi bahs oldidan klubning har ikki chap qanot himoyachisi safdan chiqadi - Kilian Virviyeskasga jarohat, Karlos Gal-egoga esa qizil kartochka xalaqit bergandi. Biroq Fabra debyut o‘yinida atigi bir bo‘lim harakatlanadi, boz ustiga, «Envigado» 0:2 hisobida yutqazadi.

Shunga qaramay, qahramonimiz yana ketma-ket 3ta uchrashuvda maydonga tushadi, ammo ishonchni oqlolmaydi, baribir. Oqibatda yarim yil zaxirada qolib ketadi, hattoki, qaydnomaga ham kirolmaydi.

Qarangki, Ruben Dario Bedoyi aytganidek, vaqt hammasini o‘z o‘rniga qo‘ydi: Virviyeskas necha yil bo‘ldiki, jamoasiz yuribdi, Gal-ego... Panama chempionatida o‘ynamoqda, Fabra esa «Deportivo Kali» va «Independyente» klublari orqali «Boka Xuniors» darajasiga ko‘tarildi.

* * * * * * * *

Frank Fabraning aytishicha, u hozirda bosim va o‘yin amaliyotini yo‘qotib qo‘yish ehtimolidan zarracha cho‘chimaydi. Zero, hayot qiyinchiliklari uni chinakamiga toblantirgan.

Kolumbiya milliy jamoasi himoyachisi xafagarchilik onlari musiqa bilan ovunadi. Futbolchining bu boradagi tanlovi juda keng - reggi, xip-xop,  densxoll... E’tiborlisi, Frank xuddi kolumbiyalik yulduz xonandalar kabi kiyinishni xush ko‘radi, ba’zan o‘zi ham raqs tushadi, qo‘shiq kuylaydi. Ta’til vaqtida esa rep yo‘nalishida ijod  qiladi.

Shuningdek, mahalliy xonandalar bilan aloqasi yaxshi. Ammo yulduzlarning sahnada o‘zini sinab ko‘rishi haqidagi takliflarini muloyimlik bilan rad etadi: «Qo‘yinglar, ovoz chiqarmay yaxshiroq kuylayman».

* * * * * * * *

Fabra o‘tgan yili bahorda futbol maydonida o‘ta o‘ng‘aysiz holatga tushdi. «Estudiantes»ga qarshi o‘yin-da hakam Silvio Trukko shunchaki, nazoratni qo‘ldan chiqargandi va Frank o‘ziga nisbatan ishlatilgan navbatdagi qo‘pollikdan so‘ng chidab turolmay, e’tiroz bildirdi.

Shu onda uni «Estudiantes» futbolchilari qurshab olib, qattiq haqoratlashdi. Argentina matbuoti ularning lab harakatlariga qarab, «maymun» va «qora axlat» iboralari yangraganini taxmin qildi. Chunonchi, final hushtagi chalingach, Frank maydondan ko‘zida yosh bilan chiqib ketdi.

Keyinchalik kolumbiyalik himoyachini yoshlikdagi o‘sha kumiri - argentinalik Fernando Gago alohida himoya qilib, hamyurtlarining xatti-harakatlarini keskin qoraladi. Umuman, «Boka» faxriylari Fabrani juda qadrlashadi.

Xususan, mashhur Xuan Roman Rikelme fevral oyida uni jamoaning eng hujumkor futbolchisi sifatida ta’rifladi: «Boka»ning hujum harakatlarida eng barqaror va o‘zgacha harakatlanadigan futbolchi Karlos Teves, Kristian Pavon yoki Dario Benedetto emas, aynan Fabra! Agar uning kayfiyati joyida bo‘lsa, hujumchilarga zo‘r imkoniyatlar yaratib beradi».

* * * * * * * *

Frank Fabra Kolumbiya terma jamoasida ilk marta 2015 yilning sent­yabrida ko‘rinish berdiyu, darhol Amerika kubogi turniri tarixidan joy oldi.

AQSHda tashkillashtirilgan musobaqa doirasidagi Kolumbiya - Kosta-Rika o‘yini: Fabra ilk daqiqalarda ajoyib yurishiga gol bilan nuqta qo‘ydi. U o‘shanda xuddi «Real»dagi Marselo kabi harakatlandi (darvoqe, Frank bu ampluadoshi ijrosidagi o‘yinlardan o‘zgacha zavqlanadi va braziliyaliklarga qarshi uchrashuv oxirida undan hattoki, futbolka so‘ragan).

Biroq himoyachi yana yarim soatdan keyin Kosta-rikaliklar hujumini bartaraf etish chog‘i qo‘qqisdan to‘pni o‘z jamoasi darvozasiga to‘g‘rilab qo‘ydi. Shunday qilib, Fabra Amerika kubogining 100 yillik tarixida bitta o‘yinda ham raqib, ham o‘z jamoasi darvozasiga gol urgan ilk futbolchiga aylandi.

O‘shanda Frankni «dubl» uchun ayniqsa, uchrashuv boshida zaxirada qolgan Xames Rodriges qattiq koyigandi. Aslida Fabra - Xamesning terma jamoadagi eng yaqin do‘sti va videoo‘yinlar bo‘yicha asosiy raqibi. Aytishlaricha, o‘zaro «olishuv»larda ko‘pincha «Bavariya» yarim himoyachisi mag‘lublikni tan oladi.

Ular ba’zan 2 vs 2 ko‘rinishidagi FIFA ilovasiga murojaat qilishadi. Ya’ni Xames va Frank bir bo‘lib, boshqalarni «duel»ga chorlashadi. «Bir safar Sebastyan Peres va Alberto Medina juftligiga qarshi o‘ynaganimizda, ular 90-daqiqada gol urishdi. Shunda Xames nazoratni yo‘qotib, pultni devorga uloqtirdi.

Oqibatda uning barcha tugmachalari sochilib ketdi va o‘yin yakunlanmay qoldi. Xamesga o‘sha ahvolini eslatsam, har safar afti burishib, qizarib-bo‘zarib ketadi...» - himoyachining shu gaplari ham videoo‘yinlar bo‘yicha uning Xames Rodrigesdan ustun ekanligiga ishora.

* * * * * * * *

Fabra o‘zining yagona katta turnirida Xames Rodrigesning g‘azabi qaynashiga sababchi bo‘lishdan tashqari, Kolumbiya terma jamoasining eng zaif jihatini ham aniqlagan: «Aslida milliy jamoa ixtiyoriga o‘zgacha quvonch bilan yo‘l olamiz. Hammasi yaxshi - biz xuddi ahil oiladekmiz.

Biroq Amerika kubogi yarim finalida ozgina bo‘shashganimiz oqibatida Chili termasiga yutqazib qo‘ydik. Demoqchimanki, jamoamizning eng asosiy kamchiligi - ma’lum vaqtda e’tiborni yo‘qotib qo‘yish. Bunday holatni raqib tezda payqaydi va ustalik bilan foydalanadi.

Qisqasi, agarda raqiblarga o‘zlarini erkin his qilish imkonini bermasak, ancha uzoqqa borishimiz aniq». Ha, zaif jihatlarni tan olish va shunga yarasha harakat qilish foyda beradi.

Qisqasi, jahon chempionatiga shaylanayotgan Frank Fabra hayoti davomida ko‘p qiyinchiliklarda toblangan: yolg‘izlik, ko‘z yoshi, pirojka sotish va kattalar futboliga qo‘yilgan og‘ir qadam... Asosiysi, u JCH-2018ga bosh orzusi sifatida qaramoqda.

MA’LUMOT UCHUN

FRANK FABRA

«Boka Xuniors»ning chap qanot himoyachisi

Yoshi: 27

Terma jamoasi: Kolumbiya

Avvalgi klublari: «Envigado», «Deportivo Kali», «Independyente»

Antiqa ko‘rsatkichi: Amerika kubogi turniri tarixida bitta o‘yinda ham o‘z jamoasi, ham raqib darvozasiga gol urgan birinchi futbolchi

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda. 
Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 00:41, 19.04.2018.
O'qildi: 13017 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.