Jahon chempionatida final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan ilk jamoa nomi aniq bo‘ldi.
Fransiya va Belgiya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvning dastlabki 45 daqiqaligi juda qiziqarli kechdi, xavfli vaziyatlarga boy bo‘ldi. O‘yin boshidan belgiyaliklar to‘p nazoratini o‘z tomoniga olishdi. "Qizil iblislar" bir necha marta qiziqarli kombinasiyalar tashkil qilishdi. Bahsning 16-daqiqasida de Bryuynening uzatmasidan keyin Azar jarima maydonchasining chap tomonida to‘pni egalladi va zarba berdi. To‘p olis ustun yonidan o‘tib ketdi. Oradan 3 daqiqa o‘tib Eden yana bir zarba yo‘lladi, ammo bu safar vaziyat bor-yo‘g‘i burchak to‘pi bilan yakunlandi. Oradan 2 daqiqa o‘tib belgiyaliklar hisobni ochishga yaqin kelishdi. Burchak to‘pi o‘yinga kiritilgan vaziyatda to‘p Alderveyreldga kelib tushdi. Uning zarbasi naq "to‘qqizlik"ga kirayotgandi, ammo Lyoris mahorat ko‘rsatib, zarbani qaytardi.
Bo‘limning ikkinchi yarmida endi fransuzlar xavfli vaziyatlar yarata boshlashdi. Olis masofadan yetkazilgan uzatma natijasida Kilian o‘ng qanotdan jarima maydonchasiga kirdi va narigi tomondan yordamga kelayotgan Jiruga pas berdi. Olivye zarba berishni qoyillatmadi.
Bahsning 39-daqiqasida Mbappe jarima maydonchasiga yashirin uzatma berdi va Pavar darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketdi. Fransuz himoyachisining zarbasini Kurtua oyog‘i bilan qaytarib qoldi. Agar Pavar biroz, ko‘p emas, bir qarich balandroq zarba berganida, to‘p aniq to‘rga borib tushgan bo‘lardi.
Ikkinchi bo‘lim boshidagi "standart" Desham shogirdlari uchun omadli keldi. Burchakdan yetkazib berilgan uzatmani Umtiti bosh bilan darvoza tomon burdi. To‘p Fellayniga tegib, rekoshet holatni yuzaga keltirgani uchun bo‘lsa kerak, Kurtua yaqin burchakdan to‘pni o‘tkazib yubordi.
Mazkur gol ikkinchi bo‘limning bir xil ko‘rinishga olib keldi: Fransiya butun jamoa bo‘lib himoyalandi, Belgiya raqib mudofaasini yorib o‘tishga harakat qildi. Taym davomida Martines almashirish orqali hujum chizig‘ini kuchaytirib borgan bo‘lsa, Desham himoyani mustahkamlash payida bo‘ldi. Bahs so‘nggiga qadar belgiyaliklar raqib darvozasi tomon 2ta xavfli zarba yo‘llay olishdi. Mertens o‘ng qanotdan bergan uzatmaga Fellayni 11 metrli nuqta ustida zarba berdi. To‘p shundoqqina to‘sin oldidan o‘tib ketdi. Vitsel jarima maydonchasi tashqarisidan yo‘llagan kuchli zarbani Lyoris mushtlari bilan urib yubordi.
Qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Fransiya ikkinchi golni urishga yaqin keldi. Dastlab Grizmann va Tolisso tomonidan yo‘llangan zarbalarni Tibo Kurtua qiyinchilik bilan bo‘lsa-da bartaraf etishga muvaffaq bo‘ldi.
Shu tariqa, Fransiya terma jamoasi Jahon chempionatining dastlabki finalchisiga aylandi. Belgiya termasi bronza medali uchun bahsda maydonga tushadi.
JCH-2018, yarim final
Fransiya – Belgiya 1:0 (0:0, 1:0)
Gol: 1:0 – 51 Umtiti.
Fransiya – Lyoris, Pavar, Varan, Umtiti, Lyuka Ernandes, Kante, Pogba, Mbappe, Grizmann, Matyuidi (Tolisso, 86), Jiru (Nzonzi, 85).
Belgiya – Kurtua, Shadli (Batshuayi, 90), Alderveyreld, Kompani, Vertongen, Vitsel, Dembele (Mertens, 60), de Bryuyne, Fellayni (Ferreyra Karrasko, 80), Azar, Lukaku.
Ogohlantirishlar: Azar (63), Alderveyreld (71), Kante (87), Mbappe (90), Vertongen (90).