Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Krishtianu Ronaldu + «Yuventus» = koni foyda

Krishtianu Ronaldu + «Yuventus» = koni foyda

Baho:
+ | -1

Dono «keksa sinyora» o‘z tarixidagi asosiy transferga qo‘l urib, aslo adashgani yo‘q. Har holda, Krishtianu Ronaldu hali maydonga tushmasdanoq sarflangan 105+7 million yevroni oqlashga tushdi.

Umuman, mutaxassislar bu hamkorlikka nisbatan tez-tez «Har tomonlama koni foyda» ta’rifini ishlatishmoqda.

YEVROPA CHEMPIONLAR LIGASI

Umuman, Ronaldu transferi - strategik yurish bo‘lib, «Yuventus» vakillarining hisob-kitoblari bo‘yicha kelishuv barcha yo‘nalishlarda foyda keltirishi kerak. Sport nuqtai nazaridan olsak, Italiya grandi sayyoramizning oxirgi 2 yildagi eng yaxshi futbolchisi yordamida CHLda g‘alaba qozonishni ko‘zlagani aniq.

Ehtimol, Turinga uzoq kutilgan bayramni aynan Krishtianu tortiq etar hali...? Tushunish kerak, bunda mantiq bor: klub CHL tarixidagi eng yaxshi futbolchini o‘z safiga qo‘shib olish orqali shu turnir cho‘qqisini zabt etmoqchi.

Deylik, oxirgi yillarda Ronalduning bir o‘zi CHLda butun «Yuventus»dan ancha yaxshiroq statistikaga erishgan.

IJTIMOIY TARMOQLAR

Ronalduning shaxsiy muxlislari buyuk migrasiyasi boshlandi. Yo‘nalish tayin: Madrid - Turin. Yo‘q, hech kim o‘z kumiri ortidan yashash manzilini o‘zgartirmaydi, lekin qalban unga ergashadigan muxlislar juda ko‘p. Futbolda auditoriya uchun keskin kurash ketayotganini hisobga olsak, «Yuventus» bu borada katta yurishni amalga oshirdi.

Endi «Yuve» brendi Krishtianu Ronaldu vositachiligida misli ko‘rilmagan darajada ommalashsa, ajabmas. Eng asosiysi, KriRo muxlislari armiyasi buyog‘iga «keksa sinyora» uchun ishlaydi. Yo‘q, bu shunchaki, quruq gaplar emas. Faktga e’tibor qarating: Ronaldu «Yuventus» bilan shartnoma tuzgani rasman e’lon qilingach, atigi 2 kun ichida «Qirollik klubi»ning «Tvitter»dagi sahifasidan naq bir milliondan ko‘proq obunachi «Yuventus» tomon og‘di.

Umuman, Italiya chempionining barcha ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari bir necha million yangi obunachi hisobiga boyidi. Oddiy aytganda, «Yuventus» nomli biznes-struktura qo‘shimcha mijozlarga yoki kamida o‘ziga moyil ulkan auditoriyaga ega bo‘ldi.

MERCHENDAYZING

«Yuve»ning faqat virtual dunyo emas, real kengliklar aro ham yanada mashhurlashishi tayin. Mana, ilk kunlardan Ronalduga tegishli klub futbolkalari xaridorlar orasida qo‘lma-qo‘l bo‘lmoqda.

Aniqroq aytsak, birinchi soatda turinliklar o‘rtacha hisobda bir soniyada 1ta futbolka sotishibdi - shunchaki, fantastika. 1 daqiqada - 60ta, 10 daqiqada - 600ta! Aytishlaricha, «Yuventus» rahbariyati chamasi bir million dona futbolka sotishni mo‘ljallagan edi, biroq savdo sur’atini hisobga olsak, turinliklar orqasiga «Ronaldu» yozuvi tushirilgan formalardan ancha ko‘p tayyorlashlari kerak, chog‘i.

Hozircha shaxsiy brenddan foydalanish shartlari, xususan, futbolkalar sotuvidan tushgan daromad qanday taqsimlanishi haqida ma’lumot yo‘q. Lekin «Yuve» portugaliyalik yulduzga ulush bergan taqdirda ham, katta foyda ko‘rishi aniq. 

«A» SERIYASI

Italiya elit ligasi oxirgi yillarda qaddini ancha tiklab oldi, garchi «Yuventus» qolgan ishtirokchilardan yaqqol ustun bo‘lsada. «Keksa sinyora» birinchi bo‘lib qolishni istamoqda, klub rahbarlari shuning barobarida butun chempionat saviyasini ko‘tarish, shu orqali yangi homiylar jalb etish, telehuquqlar bahosini oshirishga urinmoqda.

G‘oyaga ko‘ra, boshqa klublar sekin-asta «Yuve» ortidan yangi transferlarga qo‘l urishi kerak. Qarabsizki, Italiya chempionati yanada kuchayadi. Umuman, Ronaldu transferi kalchoga e’tiborni keskin kuchaytirsa, ajabmas.

YANGI FUTBOLCHILAR

Asosiysi, «Yuventus» mutlaqo yangi darajaga chiqib, Apennindagi hukmronligini mustahkamlash barobarida Yevropa taxtini ham o‘ziniki qilmoqchi. Buning uchun tabiiyki, eng murakkab vazifalarni bajarishga qodir tarkib shakllantirish zarur.

Krishtianuning o‘zi bilan tarkib mukammal holatga kelmaydi, albatta, lekin uning borligi ko‘plab real nomzodlar bilan kelishuvlar jarayonini avtomatik tarzda tezlatishi mumkin. Har holda, yer yuzida birinchi raqamli superyulduz bilan bitta jamoada o‘ynashni istaydigan futbolchilar juda ko‘p.

Deylik, Rossiya futbolining bosh umidi - Aleksandr Golovin aynan Ronaldu transferi e’lon qilinganidan so‘ng agenti orqali «Yuventus» vakillariga Turin jamoasidan qo‘nim topishga tayyorligini bildiribdi.

Shuningdek, Marseloning «Real» bilan xayrlashib, portugaliyalik do‘sti ortidan Turinga yo‘l olishi mumkinligi haqida xabarlar bor. Krishtianu - afsona, u - mashg‘ulotlar jarayonida hammaga ibrat, u - chinakam chempion va g‘alabalar katalizatori. Fizika qonunlaridan ma’lumki, katta ob’ektlar yuqori tortish kuchiga ega bo‘ladi, Ronaldu ham shunday...

SONIYASIGA 1 YEVRODAN KO‘P...

DAVOMI

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 08:19, 28.07.2018.
O'qildi: 11773 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.