Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Azamat Abduraimov: «Ko‘za o‘z-o‘zidan pishib qolmaydi…»

Azamat Abduraimov: «Ko‘za o‘z-o‘zidan pishib qolmaydi…»

Baho:
+ | -

Xabaringiz bor, bugun Indoneziyada Osiyo o‘yinlari-2018 musobaqasining futbol musobaqalariga start berildi. Qit’amiz sportida muhim o‘rin tutuvchi kichik Olimpiadaning futbol turnirida qatnashadigan Ravshan Haydarov boshqaruvidagi O‘zbekiston yoshlar termasi oldiga Xirosima-94-da qayd etilgan zafarni takrorlash vazifasi qo‘yilgan.

Aytish o‘rinliki, milliy jamoamizning 1994 yilgi o‘sha yorqin g‘alabasi hamon futbolimiz yangi tarixini alohida bezab turibdi.

«InterFutbol»ning ukrainalik maxsus sharhlovchisi Viktor Yeryomin-Xoxlyuk yaqinda Yaponiyada tashkillashtirilgan o‘sha turnir qahramonlaridan biri - Azamat Abduraimov bilan uning yorqin va samarali faoliyati xususida bafurja suhbatlashdi.

O‘ylaymizki, sobiq hujumchining xotiralari ko‘pchilikni yetarlicha qiziqtiradi, ayniqsa, Indoneziyadagi bo‘lajak Osiyo o‘yinlari arafasida...

Muallif: - Abduraimov - bu sobiq ittifoq hududidagi eng taniqli futbol familiyalaridan biri... Afsonaviy hujumchi Birodar Abduraimov hisobida Toshkentning «Paxtakor» va Moskvaning SSKA jamoalari uchun urilgan 223ta gol bor.

Uning to‘ng‘ich o‘g‘li Azamat esa turli mamlakatlar chempionatlari va O‘zbekiston terma jamoasida raqiblar darvozasini yanada ko‘proq ishg‘ol qilgan. U juda bandligiga qaramay, yaqinda O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi boshqaruvini qo‘lga oldi.

- Azamat Birodarovich, aynan necha yoshdan e’tiboran futbol bilan shug‘ullana boshlaganingiz esingizdami?

- Aytish mumkinki, futbol ichida tug‘ilganman... va bu ko‘p yillik taqdirimni oldindan belgilab bergan. Tushunarliki, otamning avvaliga buyuk futbolchi sifatida tanilgani va keyin murabbiylik bilan shug‘ullangani hayotiy yo‘limda katta rol o‘ynagan. Oddiy aytganda, bolalik chog‘idan millionlar o‘yini olamida yashaganman.

To‘g‘ri, futbol mash-g‘ulotlarini jiddiy tarzda boshlashgacha boshqa sport turlari bilan shug‘ullanishga ham ulgurgandim. Ke-yinchalik «Yunost» (Moskva) futbol maktabida tahsil oldim. Birinchi murabbiyim - Anatoliy Kilin. Yosh bolalarni futbolchi sifatida shakllanishlari uchun borini bergan bu insondan umrbod minnatdorman.

O‘yin bobida yanada o‘sishim kerakligini vaqtida tushungan murabbiyimizning o‘zi keyinchalik meni «Lujniki»dagi futbol maktabiga olib borgandi. Bu dargoh o‘sha payt nafaqat Moskva, balki butun sobiq ittifoqdagi eng yaxshi maktablardan biri edi.

Xullas, 1982 yilga kelib, Sergey Rojkov qo‘l ostidagi MFM (Moskva futbol maktabi) jamoasida o‘smirlar o‘rtasida sobiq ittifoq chempioni bo‘lgandik.

- Siz bilan bitta maktabda shug‘ullanganlar orasida yana kimlar katta futbolda nom qozonishgan?

- «Yunost» maktabida tahsil olganlardan Gena Syominni aytishim mumkin - u katta futbolda juda yaxshi o‘ynadi. MFMda men bilan yonma-yon shug‘ullanganlardan esa ko‘pchilik taniqli futbolchi bo‘lib yetishdi.

O‘zi MFM futbol universitetlari piramidasi shunday tuzilgandiki, tahsil tugagach, eng salohiyatli yigitlar o‘z yo‘llarini birdaniga ikkinchi ligada ishtirok etuvchi maktab nomidagi jamoada davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘lishardi. U «Markaziy» hudud guruhida o‘ynardi.

Xullas, eng yaxshi tarbiyalanuvchilarni shu jamoaga qabul qilishardi. Maktabimizning o‘sha davrdagi eng nomdor tarbiyalanuvchilari - keyinchalik «Torpedo» sharafini himoya qilishgan aka-uka Savichevlar, «armiyachi» Dmitriy Kuznesov va Andrey Mitin...

Misol uchun, Yura Savichev hamda Dima Kuznesov 1988 yili sobiq ittifoq olimpiya terma jamoasi safida Seul Olimpiadasi oltin medalini yutishgan.

- Futbolga oshno tutingan bolalar muvaffaqiyatga erishish uchun nimalarga ko‘proq e’tibor qaratishlari kerak? Shaxsan siz ularga qanday maslahat bera olasiz?

- Ortda qolgan yillarga nazar solib, yoshlarga avvalo, futbolni chinakamiga sevishlarini tilashim mumkin. Shuningdek, yuqori marralarga chiqish uchun bor imkoniyatlarni ishga solish ham muhim. Asosiysi - orzu va uni amalga oshirish uchun talab darajasida ter to‘kish! Ko‘za o‘z-o‘zidan pishib qolmaydi...

Qisqasi, futbolni tanlagan har bir bola avvalo, o‘z kuchi va salohiyatiga ishonishi, bu yo‘lda ko‘p narsalardan voz kechishi lozim. Shunday qilinsa, futbol keyinchalik barchasini qaytarib beradi. Har holda, o‘z tajribamdan bilaman, futbol hech kimning oldida qarzdor bo‘lib qolmaydi!

- Tezkorlik va raqiblar darvozasi tomon aniq zarba yo‘llash xususiyati sizga genetik darajada afsonaviy otangiz Birodar Hasanovichdan o‘tgan bo‘lsa kerak...

- Darhaqiqat, otam aqlga sig‘mas darajadagi iqtidori bilan ajralib turgan. Deylik, u sobiq ittifoq chempionatining oliy ligasida ham, birinchi divizionida ham «Paxtakor»ning eng yaxshi to‘purari maqomiga erishgan. Deylik, rasmiy o‘yinlarning o‘zida 200tadan ortiq gol urgan.

O‘zbekistonda futbol statistikasi metri Vladimir Safarov 200ta yoki ko‘proq gol urganlardan Birodar Abduraimov nomidagi faxriy to‘purarlar klubiga asos solgan. Darvoqe, men ham shu klub a’zosiman, hattoki, otamdan o‘zib ketganman (kuladi). Biroq o‘zimni sof to‘purar sifatida ta’riflolmayman.

Misol uchun, «Paxtakor»da ham, O‘zbekiston milliy jamoasida ham hamisha hujumning o‘tkir uchida o‘ynagan ko‘p yillik hamkorim Igor Shkvirindan farqli o‘laroq, ko‘pincha orqaroqda harakatlanganman. To‘g‘ri, ba’zan Igor bilan juftlik hosil qilganmiz.

Umuman, ikkimiz ideal duet bo‘lganmiz. Bunda men oldingi chiziqning barcha frontlari bo‘ylab o‘ynardim, u esa faqat markazda harakatlanib, hujumga nuqta qo‘yuvchi rolini bajarardi. Aytishim joiz, Moskvaning «Spartak» jamoasida faoliyat yuritgan vaqtlarda ham faqat gollar emas, chiroyli kombinasiyalar va raqib himoyasini «kesib» o‘tuvchi o‘tkir uzatmalardan o‘zgacha rohatlanardim.

Oddiy aytganda, o‘yin uslubi bo‘yicha otam va men umuman boshqa-boshqamiz. Zero, u sof qanot hujumchisi sanalgan, men esa ko‘pincha forvard ortida to‘p surardim. Nima bo‘lganda ham, gol urish - ta’riflanmas rohat!

- Aytgancha, katta Abduraimov hozirda nima bilan mashg‘ul?

- Otam hamon futbol ishlari bilan faol shug‘ullanmoqda. Aniqroq aytsam, bugungi kunda «Paxtakor» prezidenti rolida ishlamoqda. Doimo futbol o‘yinlarini joyida kuzatadi, shunga asosan yosh hamkasblariga tegishli maslahatlar beradi. Axir uning o‘yinchilik, murabbiylik va hayotiy tajribasi bebaho.

- Shaxsiy fikringizcha, Moskvaning «Spartak» klubida iqtidoringizni to‘la namoyish etishingizga nima xalaqit bergan?

DAVOMI

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 15:08, 14.08.2018.
O'qildi: 4330 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.