Osiyo o‘yinlari-2018ning futbol musobaqalari davom etayotgan bir pallada 1994 yili O‘zbekiston terma jamoasi bilan tarixiy yutuqni qo‘lga kiritgan futbolchilar haqida hikoya qilishni boshlaymiz.
Bu galgi qahramonimiz - o‘tmishning to‘purar hujumchilaridan biri Igor Shkvirin.
1991 yili Igor sobiq ittifoq chempionatida faoliyatining eng yorqin damlarini o‘tkazdi. 15ta (ayrim manbalarda 14ta deb qayd etilgan) gol urib, musobaqa to‘purarlari ro‘yxatida ikkinchi bo‘lgan. 1991 yilning kuzida «Paxtakor» Fransiyaning «Sent-Etyenn» klubidan transfer bo‘yicha taklif oldi. U paytlarda 700 ming dollar katta summa edi.
Shkvirinning transferi deyarli hal bo‘lgandi. Hattoki, futbolchi go‘yo xayrlashuv intervyusini berib, o‘zining potensial vorisi sifatida Valeriy Kechinovni (bir yildan so‘ng O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi to‘purari va mamlakatning tengsiz futbolchisi bo‘lgan hujumchi) ko‘rsatgandi.
Biroq yakunda tomonlar kelisha olishmadi va Igor «Paxtakor»da qolib, yangi turnir - MDH chempionatiga tayyorgarlik ko‘ra boshladi.
O‘sha kezlari «Paxtakor» tarkibida mahoratli futbolchilar jamlangandi. Bosh murabbiy Aleksandr Tarxanovdan tortib, Yuriy Kovtun, Vali Qosimov kabi futbolchilar, klub tarbiyalanuvchilari hisoblangan Mirjalol Qosimov, Andrey Pyatniskiy, Ilhom Sharipov, Abduqahhor Ma’rufaliyev, No‘’mon Hasanovlarning nomini tilga olish kifoya.
Shuningdek, Yuriy Pereskokov, Gennadiy Denisov, Oleg Sinelobovlarni ham unutmaslik lozim. Jamoa oldiga yevrokuboklarga yo‘l olish vazifasi qo‘yilgandi.
1 fevralda, beshta klubning murabbiy va rahbarlari «Moskva klublari memorandumi»ni imzolashganidan so‘ng orzular sarobga aylandi. MDH chempionati «tug‘ilmay turib o‘ldi»...
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.