Kirish Ro'yxatdan o'tish
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter
29/12 00:45 Lasio - Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul

«Real», «Bavariya», «MYU»...ularga nima bo‘lyapti o‘zi?

«Real», «Bavariya», «MYU»...ularga nima bo‘lyapti o‘zi?

Baho:
+ | -

Bu yilgi yevromavsum katta «sensasiya»lar bilan boshlandi. Aniqrog‘i, milliy chem-pionatlarning oxirgi turlarida «g‘alati» natijalar ko‘p qayd etilmoqda.

Misol uchun, «Real» La-ligada qatorasiga 3ta o‘yinda gol urolmadi. Qiziq, juda qiziq... Umuman, «Qirollik klubi» mavsum-2018|2019 startini barbod qilgan yagona grand emas.

«REAL» - Ispaniya Primerosi

Hozirgi mavqei: 4-o‘rin

Bir yil oldingi mavqei: 3-o‘rin

Krishtianu Ronaldu va Zayniddin Zidan ketishgach, «Real»ning Ispaniya futbolidagi holati keskin yomonlashdi. Jurnalistlar omadsizlik sabablarini qidirish bilan bandlar. Birinchidan, yangi bosh murabbiy Xulen Lopetegi jamoani Krishtianusiz qanday shaylantirishni hali tushunganicha yo‘q. Ikkinchidan, «Madrid»ni jarohatlar qiynab qo‘ydi, shunchaki. Misol uchun, Garet Beyl, Marselo va boshqa muhim futbolchilar safdan chiqishdi.

Albatta, «Real» tizimida jarohatlangan o‘yinchilar o‘rnini bosadiganlar bor, biroq gohida tarkibning keskin o‘zgarib ketishi alamli mag‘lubiyatga olib kelmoqda. Qolaversa, OAV kuchli bosim o‘tkazmoqda. Birgina Marca nashri oxirgi haftada Xulen Lopetegi o‘rniga ikki murabbiy nomzodini ilgari surdi: Antonio Konte va Arsen Venger. AS esa «Real» agar «El-klasiko»ni boy bersa, Lopetegi iste’foga chiqarilishi haqidagi gap-so‘zlarni tasdiqladi. To‘g‘ri, jamoa prezidenti Florentino Peres hozircha xotirjam va vaqt o‘tishi bilan hammasi o‘z o‘rniga tushishiga ishonmoqda.

«BAVARIYA» (Germaniya Bundesligasi)

Hozirgi mavqei: 6-o‘rin

Bir yil oldingi mavqei: 1-o‘rin

«Bavariya» oxirgi 8 yil badaliga chempionlik masalasi hal bo‘lmagan davrda ichki ligada ilk marta ketma-ket 3ta o‘yinda g‘alaba nimaligini bilmadi. Oxirgi turdagi mag‘lubiyat hammasidan oshib tushdi: «Borussiya» (Menxengladbax) Myunxenda xotirjam o‘ynab, Manuel Noyer darvozasiga 3ta javobsiz gol urdi va amaldagi chempionni turnir jadvalining 6-qatoriga surib yubordi.

Shundan so‘ng Bild nashri «Bavariya»dagi vaziyatni obdon o‘rganib chiqdi. Germaniyalik jurnalistlarning baholashlaricha, hozirgi omadsizliklarda 40 foiz ayb klub rahbariyati zimmasiga tushar ekan. Futbolchilar va bosh murabbiy Niko Kovachning «ulushi» esa teng - 30 foizdan. Aslida-ku, Kovachni keskin ayblash o‘rinsizdek. Ammo futbolchilarda murabbiyga e’tiroz katta. O‘sha Bild gazetasida yozilishicha, «Bavariya» o‘yinchilari o‘ta og‘ir mashg‘ulotlar jarayoni va beqaror taktikadan zada bo‘lishgan. Jamoa prezidenti Uli Xyoness esa yaqinda o‘yin bobida inqiroz yuzaga kelganini tan oldi. «Bavariya» bazasida telefondan foydalanish taqiqlangan, boz ustiga, rahbariyat transferlarga pul ajratmoqchi emas. Bundan holatda nima bo‘larkin?

«MYU» (Angliya Premyer-ligasi)

Hozirgi mavqei: 8-o‘rin

Bir yil oldingi mavqei: 2-o‘rin

Britaniya matbuoti Joze Mourinyoni iste’foga «chiqarish»dan sira zerikmayapti. Xususan, Pol Pogba, Lyuk Shou va Aleksis Sanches kabi futbolchilarning portugaliyalikdan norozi ekanliklari bot-bot yozilmoqda. Ha, «Benazir» va ba’zi o‘yinchilar o‘rtasida mojaro yo‘q emas va bu o‘yin sifatiga putur yetkazmoqda. Lekin jamoaning salbiy natijalarida boshqa sabablar ham bor, albatta. Sobiq «qizil iblis» - Gari Nevill yaqinda ancha xolisona fikr bildirdi: «Gap murabbiy emas, balki rahbariyatda. Mutasaddilar anchadan buyon hech qanday rejasiz ish tutishmoqda. Misol uchun, Devid Moyes atigi 8 oy ishladi. Xo‘sh, uni taklif etishdan maqsad nima edi? Shu tariqa klubda tartibsizlik, halovatsizlik va «poyga» boshlanib ketdi». «Yunayted» Gleyzerlar davrida tartibsiz tarzda xarajat qilayotgani, o‘yini qovushmagan qimmatbaho futbolchilar bilan osongina xayrlashayotganini nazarda tutsak, Gari Nevill haq. Zero, uzoq muddatga mo‘ljallangan tarkib shakllantirishda qandaydir xulosa chiqarilmayotgandek...

«MILAN» (Italiya «A» seriyasi)

Hozirgi mavqei: 10-o‘rin

Bir yil oldingi mavqei: 10-o‘rin

«Milan» direktori Leonardo sentyabrda jamoaning asosiy maqsadiga to‘xtalib, o‘zgacha bayonot berdi: «Biz ishonchni yo‘qotib qo‘ydik. Demak, birinchi galdagi vazifa - 7-o‘rinni egallash ruhiyatidan qutulish». «Rossonerlar» darhaqiqat, ko‘prog‘iga munosiblar. Birinchidan, jamoada barcha futbolchilarni ruhlantiradigan va eng zaif raqibga qarshi o‘yinda ham bo‘shashishga yo‘l qo‘ymaydigan murabbiy bor - Jennaro Gattuzo. Ikkinchidan, «Milan» nihoyat, mahsuldor hujumchilar (Patrik Kutrone va Gonsalo Iguain juftligi 11ta o‘yinda 7ta gol urdi)ga ega bo‘ldi. Uchinchidan, jamoa ixtiyorida yaxshigina pleymeykerlar bor.

Deylik, Suso 1ta o‘yinga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha uzatmalar soni (11ta) bo‘yicha «A» seriyasida peshqadamlik qilmoqda. La Gazetta dello Sport jurnalisti Paolo Manforidi ham Leonardo fikrini tasdiqlamoqda: «Milan» ajoyib ijrochilar guruhiga ega, ammo ishonch yo‘qligi jamoaning eng katta muammosidir». Uning aytishicha, ayni holatda Gattuzo o‘rniga boshqa murabbiy chaqirishdan ma’no yo‘q. Bir tomondan, deylik, ishsiz o‘tirgan Antonio Konte ham tajriba, ham taktika bobida Gattuzodan ustun. Lekin boshqa tarafdan, ayni payt jiddiy o‘zgarishga qo‘l urish deyarli 1 yildan buyon shakllantirilayotgan ichki muhitni buzib yuborishi hech gap emas.

«MONAKO» (Fransiya 1-ligasi)

Hozirgi mavqei: 18-o‘rin

Bir yil oldingi mavqei: 2-o‘rin

Knyazlik klubi o‘tgan mavsum 2-o‘rinni band etgandi. Bu safar esa... Ha, «Monako» yozda Toma Lemar, Terens Kongolo va Fabinyo kabi yetakchilarini sotib, tarkibini nisbatan yosh, lekin istiqbolli futbolchilar hisobiga to‘ldirdi. Shunga qaramay, Leonardu Jardim jamoasining 11 avgustdan buyon g‘alaba qozonolmaganiyu, turnir jadvalining 18-qatoriga tushib qolgani tushunarsiz holat, baribir. «Monako»ning aynan nima qiynayotganini taxmin qilish ham qiyin... Bosh murabbiyni darhol ishdan bo‘shatish bilan vaziyat o‘zgarib qolmasa kerak. Har holda, Jardim - yosh futbolchilar bilan samarali ishlab, ularni yangi darajaga olib chiqish hadisini olgan ustamon mutaxassis edi. Biroq klub rahbariyati ozgina sabr qilishni istamadi...

«FENERBAXCHE» (Turkiya Super-ligasi)

Hozirgi mavqei: 15-o‘rin

Bir yil oldingi mavqei: 5-o‘rin

«Fener» 8ta o‘yinda atigi 8 ochko oldi va turnir jadvalining 15-pog‘onasida bormoqda - jamoaning shu 10 yillikdagi eng yomon starti. Ayrim muxlislar joriy mavsumdagi omadsizliklarda birgina bosh murabbiy Filipp Kokuni ayblashmoqda. Golland mutaxassisi klub bilan iyun oyida shartnoma tuzgandi. Tarkibga qarasak, ayniqsa, ajoyib hujumkor o‘yinchilar ko‘p: Andre Ayyu, Yassin Benziya, Islom Slimani, Roberto Soldado, Matyo Valbuena. Biroq muammo shundaki, ular Koku taktikasini tushunishmayapti. Qarang, shu 5 futbolchi nomiga atigi 4ta gol yozildi. Turk matbuoti esa himoyadagi o‘ta sust harakatlarga e’tibor qaratish barobarida darvozabonlarni noshudga chiqarmoqda. Lekin Turkiyada ko‘pchilikning xulosasi oddiy: «Fenerbaxche» aynan murabbiylik g‘oyalarini anglolmay, azoblanmoqda». 

Aks manzara...

Tabiiyki, yevrofutbolga o‘zgacha jilo berayotgan «sensasiyachi» jamoalar ham bor, albatta. 

«Bornmut» (Angliya Premyer-ligasi)

6-o‘rin: 8ta o‘yin, 5ta g‘alaba, 1ta durang, 2ta mag‘lubiyat

Yetakchi futbolchi: Uilson Kallum

Fakt. «Bornmut» 8ta tur yakuniga ko‘ra, APLning 4-sermahsul ishtirokchisi bo‘lib turibdi - 16ta gol. Ya’ni «Manchester Siti», «Chelsi» va «Arsenal»dagina gollari soni ko‘proq, xolos.

«Alaves» (Ispaniya Primerosi)

6-o‘rin: 8ta o‘yin, 4ta g‘alaba, 2ta durang, 2ta mag‘lubiyat

Yetakchi futbolchi: Ibay Gomes

Fakt. O‘tgan mavsum 14-o‘rinni band etgan klub ayni payt peshqadam - «Sevilya»dan atigi 2 ochko ortda qolmoqda, xolos.

«Sassuolo» (Italiya «A» seriyasi)

8-o‘rin: 4ta g‘alaba, 1ta durang, 3ta mag‘lubiyat

Yetakchi futbolchi: Domeniko Berardi

Fakt. Kamtarin jamoa yozda Greguar Defrel («Roma»), Diyego Falchinelli («Bolonya»), Franchesko Acherbi («Lasio») va yana bir qator o‘yinchilarini jami 45 mln. yevroga pulladi. Shunga qaramay, «Sassuola» joriy mavsum «Inter», «Lasio», «Fiorentina» kabi tarkib nuqtai nazaridan kuchli ishtirokchilarga nisbatan ko‘proq gol urdi - 15ta (chempionat bo‘yicha 3-yaxshi ko‘rsatkich)

«Verder» (Germaniya Bundesligasi)

4-o‘rin: 7ta o‘yin, 4ta g‘alaba, 2ta durang, 1ta mag‘lubiyat

Yetakchi futbolchi: Davi Klassen

Fakt. Hozirgi «Verder» - bu himoya. Bremenlik «musiqachilar» ilk 7ta o‘yinda 8tagina gol qo‘yib yuborishdi. Bu Germaniya chempionatidagi 3-yaxshi ko‘rsatkichdir.

«Monpelye» (Fransiya 1-ligasi)

4-o‘rin: 9ta o‘yin, 4ta g‘alaba, 4ta durang, 1ta mag‘lubiyat

Yetakchi futbolchi: Andi Delor

Fakt. Himoyaviy o‘yin hisobiga natijaga erishayotgan yana bir jamoa. E’tibor bering, «Monpelye» 12tagina gol urib, 16 ochko ishladi.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 20:32, 18.10.2018.
O'qildi: 7983 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.