Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Klaudio Markizio: «Italiyaning muammosi

Klaudio Markizio: «Italiyaning muammosi

Baho:
+ | -

Klaudio Markizio «Zenit»­ga o‘tganida transfer bozori yopilib bo‘lgandi. Lekin qoidaga ko‘ra, ozod agent maqomiga ega futbolchilar istagan klublari bilan shart­noma imzolash huquqini o‘zlarida saqlab qolishadi. Italiyalik yarim himoyachining Rossiyaga tashrif buyurga­ni­ga ko‘p bo‘lmadi. Shunga qaramay, katta taassurotlar olishga ulgurdi. Farzandlarini Sankt-Peterburgdagi futbol maktabiga joyladi. Yaqinda Markizio championat.com saytiga in­tervyu berdi. Quyida ana shu suhbatni o‘qishingiz mumkin.

- «Zenit»da 10-raqamni olishingiz jamoa yetakchisi bo‘lishni istayotganingizni anglatadimi?

- Yo‘q. Menda buning uchun ikkita sabab bor. O‘zingizga ma’lum, faoliyatimning asosiy qismini 8-raqam ostida o‘tkazganman. Bu men uchun katta ahamiyat kasb etadi. Lekin «Zenit»­da bu raqam band ekan. Uni taqib yurgan futbolchini hurmat qilgan holda, bo‘sh raqamlarni tanlashni boshladim va «10» bo‘shligini ko‘rdim. Bu ham men uchun muhim. «Yuventus»da shu raqamni taqqan futbolchilar o‘yinidan rohatlanardim. Ulardan biri Del Pyero esa men yoqtirgan hujumchilardan biri bo‘lgan.

- Rossiya chempionatini uch so‘z bilan ta’riflab bersangiz...

- Jismoniy tayyorgarlik. Bo‘sh taktika. Menimcha, Rossiyada taktikaga jiddiy e’tibor qaratishmaydi. Uchinchisi, masofa. Bu bilan hamma jamoalar bir-biriga yaqin o‘ynamaydi, demoqchiman. Futbolchilar orasida bo‘sh zonalar ko‘p. Ayniqsa, bu holat o‘yin oxirlarida kuzatiladi.

- «Zenit»da kim bilan yaqin munosabat o‘rnatdingiz?

- Ma’lumki, mazkur klub tarkibiga transfer bozori yakunlanganidan so‘ng qo‘shildim. Bungacha jamoalar bir nechtadan o‘yin o‘tkazib ulgurishgandi. Shunga bo‘lsa kerak, moslashishim biroz qiyin kechdi. Lekin barchasi men o‘ylagandan osonroq kechdi. Bundan xursandman. Hozircha biror kishi bilan do‘stlashib olganimcha yo‘q. Lekin yigitlar bilan til topishib oldim. Argentinalik, braziliyalik va portugaliyalik futbolchilar bir-birlari bilan ko‘p muloqot qilishadi. Chunki tillari bir-biriga o‘xshash. Italyancha ham ispancha va portugalchaga o‘xshab ketadi. Shu bois ham ularni tushunaman. Shuningdek, o‘z tili va madaniyatiga ega bo‘lgan rossiyalik futbolchilar bor. Lekin jamoadagilar alohida guruhlarga ajrab qolmagan.

- Artyom Dzyubaning hazillarini tushunyapsizmi?

- Bilsangiz, u ba’zida ingliz tilida ham gapiradi. Uning hazillarini tushunaman. Umuman olganda, Artyom kiyinish xonasidagi eng quvnoq yigit. Xarakteri ajoyib, tinimsiz hazil qiladi.

- Artyomning mashhurligi sizni hayron qoldirdimi?

- Yo‘q. Chunki u jahon chempionatida ajoyib o‘yin namoyish qildi. Haqiqatan ham u ancha mashhur. Rossiyaning qaysi shahriga borsak, uni qo‘llab-quvvatlashadi. Bu oddiy hol. Italiya terma jamoasi futbolchilari ham JCH-2006dan so‘ng shunday holatga tushishgan. Katta g‘alabalardan keyin muxlislar qahramonlarga shunday munosabatda bo‘lishadi. Artyom ayni qahramonlardan biridir.

- «Instagram»dagi sahifangizga e’tibor beradigan bo‘lsak, Sankt-Peterburg sizga yoqibdi.

- Ha, hozircha bu shahardan faqat yaxshi taassurot olyapman. «Yuventus»da o‘ynab yurgan kezlarim bu yerga bir marta kelganman. Ammo o‘shanda bir sutkadan sal ko‘proq vaqt bo‘lganmiz, xolos. Faqatgina stadion va otelni ko‘rganmiz. Hozir ijtimoiy tarmoqlar tufayli barcha joyni oldindan bilsa bo‘ladi. Shu tufayli kelishdan oldin hammasini o‘rganib chiqdim. Shunga qaramay, taassurotlarim katta. Ajoyib tarixga, madaniyatga ega bo‘lgan shahar. Kanallar tufayli Piterni Venesiyaga qiyoslashlarini bilaman. Lekin menga Sankt-Peterburg Rimni eslatib yuboryapti. Butun hayotini bitta shaharda o‘tkazgan mendek inson uchun bu ajoyib.

- Taniqli jurnalist Tankredi Palmeri Peterburgni «yuragingizni o‘g‘irlaydigan ayol» deya ta’riflagandi. Shu fikrga qo‘shilasizmi?

- Hozircha ushbu fikrning to‘g‘riligini tasdiqlay olmayman. Buning uchun vaqt kerak. Haqiqatan ham yurakni o‘g‘irlaydimi, yo‘qmi, chin dildan his qilishim lozim. Keling, bu haqda keyinroq gaplashamiz. Lekin shaharda o‘zim uchun sevimli joylarni kashf etdim. Ularning ayrimlariga doim boraman, majburan. Misol uchun, Krestovsk orolida farzandlarimning maktabi joylashgan. U yerdagi parkni deyarli har kun aylanamiz, restoranlarga kiramiz. «Isaakiyevs­kiy sobor»ni alohida ta’kidlagan bo‘lardim. Bu joy oilamiz uchun doimiy boradigan maskanga aylanib qoldi. Yangi kelganimda, tezda uy topa olmadim. Shu bois ham soborning qarshisidagi otelda ikki hafta yashadik. Hozirgacha ushbu mehmonxonadagi restoranga tez-tez tashrif buyurib turamiz. Restoran oshpazlaridan biri italiyalik. U Rossiyada tanishgan birinchi hamyurtimiz, oilamiz uchun muhim insonlardan biri bo‘lib qoldi. Shaharga moslashishimizda yaqindan yordam berdi.

- Oilangiz Sankt-Peterburgda vaqtini qanday o‘tkazyapti?

- Ular o‘zlarini yaxshi his qilishmoqda. O‘g‘illarim yangi maktabga moslashib olishdi, futbol bilan shug‘ullanishmoqda. Davide «Zenit» akademiyasida tahsil olyapti. Leonardo esa hozircha boshqa maktabda o‘qiyapti. Krestovsk orolida ko‘plab jamoadoshlarim yashashini bilaman. Ammo biz o‘zimizga boshqa joy topdik. «Fontanka»da, shaharning qoq markazida yashashni ma’qul ko‘rdik.

- Markazda tirbandliklar bor. Ular xalaqit bermayaptimi?

- Bu men uchun yangilik. Turinda bir million odam istiqomat qiladi. U yerda trafik bilan bog‘liq muammo deyarli bo‘lmagan. Biroq oilamiz bilan bu holatga o‘rganyapmiz. Sankt-Peterburgda har kun qandaydir yangilikka guvoh bo‘lamiz. Ko‘pchilik negativ munosabatda bo‘ladigan probkalar ham biz uchun qandaydir yangilik bo‘ldi. Yangilikka pozitiv munosabatdamiz.

- Rus oshxonasini sinab ko‘rdingizmi?

- Ha, hammasidan tatib ko‘ryapman. Rus oshxonasi, italyan, umuman, Yevropa oshxonasidan farq qiladi. Qaysi taom ko‘proq ma’qul keldi? Chuchvara. Shuningdek, sho‘rvalarning ko‘p turini ichib ko‘rdim.

- «Shoping»ga qancha vaqt sarflaysiz?

- Ko‘p deb ayta olmayman. Do‘konlarga juda kam kiraman va o‘zimga nima kerakligini yaxshi bilaman. To‘g‘ri, zarur kiyimni topish uchun bir kun sarflashim mumkin. Lekin o‘sha narsani sotib olgandan keyin do‘konga oylab kirmayman. Bir safargi xaridda qancha sarflaganimni eslashim qiyin. Adashmasam, Milanda 10 ming yevro xarajat qilgan paytlarim bo‘lgan. Ammo hech qachon bundan ko‘p sarflamaganman.

- Italiyadan ko‘pgina yuk bilan kelgandirsizlar?

- Oilamiz bilan 14ta chemodan olib keldik. Lekin buni bilgan holda qildik. Chunki Rossiya chempionatida qishki tanaffus bo‘lmaguncha uyga qaytmasligimizni bilardik. Taraddud ham shunga yarasha bo‘ldi.

- Nima uchun Italiyada top murabbiylar kamayib ketdi?

- Bu fikringizga qo‘shilmayman. To‘g‘ri, italiyaliklar katta g‘alabalarga erisha olmayaptilar. Hozir futbol olamida Klopp, Gvardiola, Mourinyu, Tuxel kabilar yetakchilik qilishmoqda. Lekin Sarri «Chelsi»ni boshqaryapti, buyuk murabbiylardan bo‘lgan Anchelotti ishlashda davom etmoqda. Yana Konte bor. So‘ng­gi paytlarda uning «Real»ga o‘tishi borasida gap-so‘zlar yuribdi. Muammo boshqa tarafda - yangi iqtidorlar yo‘q. Italiya futbolida avlodlar almashuvi cho‘zilib ketdi. Bu holat hamma yerda kuzatilgan: Fransiyada, Germaniyada. Hozir qaysidir ma’noda Ispaniyada ham shunday holat ko‘zga tashlanmoqda. Ishonchim komilki, Italiya bu muammoni tez orada bartaraf etadi.

- Siz top futbolchilar bilan o‘ynagansiz. Ulardan qay biri murabbiylikda ulkan yutuqlarga erisha oladi?

- O‘ylab ko‘rish kerak. Masalan, Kyellinini olaylik. Menimcha, undan murabbiy chiqmaydi. Ammo yaxshi rahbar bo‘lishi mumkin. Yaqinda Bonuchchining murabbiylikda o‘zini sinab ko‘rmoqchiligidan xabar topdim. Bu yo‘lda unga yordam berishga tayyorman. Fabio Grosso murabbiylik faoliyatini boshladi. Unga omad tilayman. O‘zim haqimda gapiradigan bo‘lsam, hozircha bu sohaga kirish haqida o‘ylamayapman. 

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 08:27, 03.11.2018.
O'qildi: 3180 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.