Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Kamoliddin Murzoyev: «Klub rahbarlari bizni xafa qilishmasa kerak»

Kamoliddin Murzoyev: «Klub rahbarlari bizni xafa qilishmasa kerak»

Baho:
+ | -

O‘zbekiston kubogi sohibiga aylangan AGMK kelasi yili OCHL saralash bahslarida o‘ynaydi. Jamoa o‘zining 10 yillik tarixida ilk bor sovringa ega chiqdi. Finalda kimsan «Paxtakor» ishonchli tarzda (3:1) mag‘lub etildi. AGMK nomdor raqibini uchrashuvga tanlangan to‘g‘ri taktika bo‘yicha yutdi va bu bilan tarix yaratdi.

Endi Baxtiyor Ashurmatov boshchiligidagi olmaliqlik futbolchilarning OCHL guruh bosqichiga chiqishi uchun ikkita raqibni mag‘lub etishi talab etiladi. AGMK yangi mavsumni 12 fevral kuni o‘z maydonida boshlaydi. Raqib katta ehtimol bilan Tojikiston va Bahrayn chempionlari o‘rtasidagi o‘yin g‘olibi bo‘ladi.

Agar o‘sha uchrashuvda olmaliqliklar g‘alaba qozonishsa, 19 fevral sanasida Saudiya Arabistonida «Al-Nasr» jamoasi mehmoni bo‘lishadi va bo‘lajak uchrashuv g‘olibi OCHL guruh bosqichiga yo‘l oladi. Biz kubok finalidan so‘ng AGMK hujumchisi Kamoliddin Murzoyevdan intervyu oldik.

- Kamoliddin, yana bir bor g‘alaba muborak bo‘lsin. Ayting-chi, tarixiy g‘alabaning eng asosiy omili nimada bo‘ldi?

- Tabrik uchun katta rahmat. Haqiqatan ham, tarixiy g‘alabaga erishdik. Bu kunni aslo unutmaymiz. Farg‘onadagi final barchamizning qalbimizga bir umrga muhrlandi. Muvaffaqiyatning eng asosiy omili - bu shubhasiz, jamoaning birdamligi. Yagona maqsad yo‘lida harakat qildik. Vazifani albatta bajaramiz, deb o‘zimizni ishontira oldik.

Tarixiy final uchun jamoadoshlarim, murabbiylar shtabi va muxlislarga alohida rahmat aytmoqchiman. Aksariyat futbolchilar uchun bu birinchi sovrin bo‘ldi. AGMK ilk bor finalda o‘ynadi. Bosh murabbiyimiz Baxtiyor Ashurmatov uchun ham bu birinchi final bo‘ldi. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tib olganimizdan juda xursandmiz.

- Kutganmidinglar, umid qilganmidinglar?

- Generallikni orzu qilmagan askar askarmi? Biz bu kunni uzoq kutdik. Katta masofa bosib keldik, desa ham bo‘ladi. Eng muhimi, oxirgi qadamni juda chiroyli tarzda qo‘ydik. Biz g‘alabaga ko‘proq umid bog‘lagandik. Albatta, ishonch ham bor edi.

Qaysi ma’nodaki, nima uchun biz bu vazifani uddalay olmaymiz? Hammasi o‘zimizga bog‘liq, harakat qilsak, har qanday kuchli jamoani yutsa bo‘ladi-ku, degan tushunchani ongimizga singdirdik. Natijada umid qilganimiz reallikka aylandi. Zamonaviy futbolda har qanday natija qayd etilishi mumkin.

- O‘yindan oldin bosh murabbiydan qanday ko‘rsatma olgan edinglar?

- Baxtiyor Ashurmatov faqat eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsatgan taqdirdagina finalda kuchli raqib ustidan g‘alaba qozonishimiz mumkinligini uqtirdi. Buning uchun barchamiz bir tanu jon bo‘lib harakat qilishimiz kerakligini aytdi. O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritish orqali OCHLdagi ishtirokimiz ta’minlashini bilardik.

Shu narsa ham bizga qo‘shimcha kuch bag‘ishladi. Yuqorida aytdim, AGMK tarkibida sovrin yutmagan futbolchilar ko‘pchilikni tashkil qilardi. Bu barchamiz uchun yaxshigina imkoniyat ekanligini bilgandik. Bitta o‘yinni yutish orqali ko‘p narsaga erishish mumkinligi kundek ravshan edi.

- «Paxtakor»dek kuchli jamoa bilan o‘yinga hayajonni qanday yengib chiqdinglar?

- Ochig‘ini aytaman, AGMK nomdor jamoa bo‘lmasa ham, tarkibimizda malakali, yuqori saviyali futbolchilar yetarlicha topiladi. Takror aytaman, bu ko‘pchilik uchun birinchi va so‘nggi final bo‘lishi ham mumkin edi. Shunday imkoniyat qayta berilmasligini tushunib turgandik.

Umuman, hayajonni yengish qiyin bo‘lmadi. Bitta o‘yinga har qanday holatda ham maksimal tayyorgarlik bilan tushish mumkin. Eng muhimi, konsentrasiyani yo‘qotmaslik kerak edi. O‘ylaymanki, zimmamizga yuklatilgan vazifani sharaf bilan uddalay oldik.

- Lekin nega mana shu mazmunli o‘yinni Superligada namoyish qila olmayapsizlar?

- Bilasizmi, Superligada ham yomon o‘yin ko‘rsatmayapmiz. Faqat FIFA kunlari bois yuzaga kelgan oraliq tanaffus bizga pand berdi. Yaxshi sport formasiga kirishda qiyinchiliklarga duch keldik. Lekin final o‘yinini bir necha oy davom etadigan chempionat bilan taqqoslab bo‘lmaydi.

Turnir jadvalining o‘rta va quyi qismida joylashgan jamoalar aynan Kubokdagi ishtiroklari orqali o‘z niyat va maqsadlariga yetishlari mumkin. Chempionatda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritish birmuncha mushkul. Buni ochiq tan olish kerak. Ayrim futbolchilarda final uchrashuvi faoliyatida faqat bir marotaba bo‘lishi mumkin.

Shuning uchun ham har bir futbolchi bunday o‘yinlarga qo‘shimcha kuch bilan tayyorgarlik ko‘radi. O‘ylaymanki, Superliganing qolgan uchrashuvlarida munosib qatnashamiz. Qolaversa, finalda ko‘rsatgan o‘yinimiz bizga qo‘shimcha kuch ham bag‘ishlaydi. O‘zimizga bo‘lgan ishonchni oshiradi.

- Maydonni jarohat olib tark etdingiz. O‘sha paytda nima bo‘lgandi va jarohat qanchalik jiddiy ekan?

- Shunchaki, oyoq mushaklarim qotib qolgandi. Xabaringiz bor, mavsumning asosiy qismini jarohat bois o‘tkazib yubordim. Bu omil jismoniy holatimga ta’sir o‘tkazmay qolmadi. Tan olaman, 90 daqiqa yuqori tempda o‘ynashga kuchim yetmadi. Bu tabiiy jarayon.

- Ayrimlar o‘sha vaziyatni o‘yinni cho‘zish deb ham hisoblashdi. Muxlislarning xayqirig‘idan bu narsani o‘zingiz ham sezdingizmi?

- Agar niyatim o‘yinni cho‘zish bo‘lganida, yana maydonga qaytardim. Og‘riqni his qilganim uchun maydonni o‘z xohishim bilan tark etdim.

- Bahsdan keyin kiyinish xonasida rahbariyat sizlar bilan uchrashdimi?

- Albatta. Ular murabbiylar shtabi va futbolchilarga o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi. Kiyinish xonasida ham uzoq vaqt bayram qildik. Bu tarixiy g‘alabamizda bizga oxirigacha ishongan klub rahbarlarining ham ulkan hissasi bor.

Fursatdan foydalanib, jamoadoshlarim nomidan ularga rahmat aytaman. Agar har tomonlama qo‘llab-quvatlash bo‘lmaganida, ishoning, bunday natijaga erisha olmasdik.

- AGMK O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritish orqali OCHLda ishtirok etish imkoniyatiga ham ega bo‘ldi. Nima deb o‘ylaysiz, jamoa Chempionlar Ligasida o‘ynashga tayyormi?

- Klubimizda yangi rahbariyat tomonidan katta futbol uchun barcha zarur sharoitlar muhayyo qilinmoqda. O‘ylashimcha, OCHLda O‘zbekiston sha’nini munosib tarzda himoya qila olamiz. Hali liga o‘yinlarigacha yetarlicha vaqt bor. Shubhasiz, murabbiylar shtabi tayyorgarlik rejasini ishlab chiqishadi.

Klub rahbariyati ham yordamini ayamaydi. Lekin hozir birinchi galda Superligani muvaffaqiyatli tarzda tugatib olishimiz kerak. Hali oldinda beshta tur uchrashuvlari bor. Bu o‘yinlarda ham xuddi kubok finalidek o‘yin namoyish etsak, turnir jadvalidagi yakuniy o‘rnimiz biz kutgandan ham yuqori bo‘ladi.

Hali OCHLga monand tarkib ham kuchaytirilsa kerak. Hozirgi tarkibni saqlab qolish ham muhim hisoblanadi. Futbolchilar bir-birini tushunib harakat qila boshladi. Jamoaviy o‘yin anchagina shakllanib qoldi.

- O‘zbekiston kubogidagi g‘alaba uchun mukofot puli va’da qilinganmidi?

- Yo‘q. Lekin bu biz uchun birinchi darajali emasdi. O‘zbekiston kubogidagi g‘alaba bizga Osiyo eshiklarini ochishi, bu bilan futbolchilar o‘zlarini yaxshigina reklama qilib olish imkoniyatiga ega bo‘lishlarini juda yaxshi bilardilar. Bizni harakatga keltirgan asosiy kuchlardan biri ham shu bo‘ldi.

Agar OCHLda yorqin o‘yin namoyish etilsa, keyinchalik yaxshi klublardan taklif olish hech gap emas. Boshqa tomondan olib qarasak, AGMKda shu kungacha moliyaviy tomondan muammo bo‘lmagan. Bundan keyin ham klubimiz rahbarlari bizni xafa qilib qo‘yishmasa kerak.

- Jamoa OCHLning bitta o‘yindan iborat «pley-off» uchrashuvida g‘alaba qozonishi uchun tarkibni kuchaytirishi kerakmi yoki hozirgisi bilan ham muvaffaqiyatga erishish mumkinmi?

- Biz OCHLning guruh bosqichiga chiqishimiz uchun ikkita raqib to‘sig‘idan o‘tishimiz kerak bo‘ladi. Qolgan jamoalar ham qarab turishmaydi. Ularda ham aniq vazifalar borligiga ishonchim komil. Ayniqsa, asosiy raqibimiz bo‘lishi kutilayotgan Saudiya Arabistonining «Al-Nasr» jamoasi ham o‘z oldiga yuqori vazifalarni qo‘ygan.

Lekin ungacha birinchi o‘yinda g‘alaba qozonish kerak bo‘ladi. Yaxshi tomoni, biz ilk «pley-off» o‘yinini Olmaliqda o‘tkazamiz. Kuchli raqibga qarshi uchrashuvgacha xalqaro o‘yin ta’mini his qilib olamiz. Har qanday holatda ham, bo‘lajak uchrashuvlarga puxta tayyorgarlik ko‘ramiz.

- Futbolchilar klublar bilan uzog‘i bir yillik shartnomalar imzolashadi. Mazkur holatga siz qanday qaraysiz?

- Bu, avvalo, jamoalarimizning moliviy holati stabil emasligidan darak beradi. Ko‘p hollarda klublar bor imkoniyatdan samarali foydalanishni o‘ylamay, «Sen bo‘lmasang, boshqasi» qabilida ish ko‘rishadi. Shunda siz jamoangizni tez-tez almashtirishga majbur bo‘lasiz. To‘g‘ri, futbolchilar har doim ham haq bo‘lavermaydilar.

Ularda ham kamchiliklar bo‘lishi mumkin. Lekin har qanday sportchi yil yakunida yaxshi hordiq chiqarib, yana shu jamoa bilan muvaffaqiyatga erishishni xohlaydi. Ammo bizda to‘p suradigan futbolchilarning 70 foizi keyingi faoliyati qanday kechishini bilmaydi.

- Futbolchilik uzoq davom etadigan faoliyat emas? Butsalarni mixga ilganda siz ham murabbiylik bilan shug‘ullanasizmi?

- Bu haqda aniq bir qarorga kelganim yo‘q hali. Chunki murabbiylik ham oson ish emas. Lekin inson hayotda har qanday holatga tayyor turishi kerak. Har holda, futboldan uzoqqa ketmayman.

- Faoliyatingiz davomida ko‘plab mashhur va tajribali murabbiylar bilan ishlagansiz... Luis Felipe Skolari, Anatoliy Demyanenko, Viktor Kumikov, Mirjalol Qosimov, Igor Shkvirin, Tachmurot Agamurodov...

- Bu insonlardan men juda ko‘p narsalarni o‘rgandim. Ular nafaqat bizga futbolning texnik va taktik tomonlarini, balki hayot sabog‘ini ham o‘rgatishdi. Barcha murabbiylardan minnatdorman.

Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 00:22, 10.11.2018.
O'qildi: 3588 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.