Kun.uz O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti, O‘zbekiston futbol assosiasiyasining birinchi vise-prezidenti Umid Ahmadjonov bilan intervyu uyushtirdi.
— Ko‘pchilik muxlislar boshqa sport federasiyalarining rahbarlarini tanish uyoqda tursin, o‘sha federasiyalar qayerda joylashganini ham bilishmaydi.
Lekin futbol federasiyasi (endilikda assosiasiyasi) millionlar diqqat markazida bo‘ladigan tashkilot. Tashkilotning sizdan oldingi rahbari Mirabror Usmonov doimiy tanqid qilib kelingan.
Siz ham bu lavozimga kelganingizdan so‘ng keskin tanqidlar yomg‘iri ostida qolib ketishingizni, eng ommabop sport rahbari bo‘lish oson emasligini bilganmidingiz? O‘zingiz haqingizdagi tanqidlarga qanday qaraysiz?
— Men tanqidni to‘g‘ri tushunaman va hatto bu tanqid noto‘g‘ri bo‘lsa ham, tabiiy hol deb qarayman. Turgan gapki, bu vazifa menga yuklatilganida, buning ostida naqadar katta yuk turganini, jumladan, muxlislarning, jurnalistlarning tanqidiy so‘zlari yangrashi mumkinligini ham bilganman va bunga tayyor holda kelganman.
Lekin xalqimizda bir yaxshi maqol bor: «O‘ychi o‘yiga yetguncha, tavakkalchi ishini bitkazibdi». Kimdir bu ishni bajarishi, malomatlar tagida qolsa ham, yangiliklar bilan kirib kelish lozim edi.
Davr shunaqa hozir. Uning ayovsiz talablari bor. Shunday shiddatli jarayonda kurashlar ostida maqsadga yetsangiz, g‘oliblik nashidasi yanada shirin tuyuladi.
— Sizningcha, bu yilgi mavsumda hakamlik darajasi qanday bo‘ldi?
— Superligada avvalgi mavsumlarniki bilan solishtirganda yaxshiroq bo‘ldi. Ular bilganlaricha ish qilishlariga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qildik.
Biroq Pro-ligadagi hakamlik saviyasini sezilarli darajada ko‘tarmasak bo‘lmaydi. Buning uchun eng yaxshi vosita teletranslyasiyalar sonini oshirish.
Chunki Superligadagi hakamlik masalasi ham shu sabab avvalgilariga qaraganda ancha epaqaga kelib qoldi. Nazar bo‘lishi kerak-da hamma joyda.
«Sport» telekanali bu yil katta hajmdagi ishlarni bajardi, oson bo‘lmadi. Umid qilamanki, kelasi mavsumda ham hamjihatlikda katta ishlarni amalga oshiramiz.