Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Javohir Sidiqov: “Qo‘qonda sharoitlar doim yaxshi bo‘lgan”

Javohir Sidiqov: “Qo‘qonda sharoitlar doim yaxshi bo‘lgan”

Baho:
+ | -

Mana hash-pash deguncha Pepsi superliga 2018 o‘yinlari ham o‘z nihoyasiga yetdi. Yakuniga yetgan mavsumda “Qo‘qon-1912” jamoasida muxlislarning eng yoqimtoy futbolchisi, shubhasiz Javohir Sidiqov bo‘ldi. Javohir Sidiqov o‘zining yorqin o‘yinlari bilan O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuperning ham nazariga tushdi.

Ko‘p sonli muxlislarimizning qiziqishlarini inobatga olib, Javohir Sidiqov bilan qisqacha suhbat uyushtirdik.

-Javohir yakunlangan mavsum sizda qanday taassurot qoldirdi ?

-Bu yilgi chempionatdan taassurotlarim yaxshi. Chempionatimiz  oldinga qarab siljiyapti deb ayta olaman. Chempionat formati o‘zgargani  o‘yinlarda shiddatni oshirdi. Format o‘zgarishi qaysidir jamoalarga yaxshi  bo‘ldi, qaysidir jamoalarga esa qiyinchilik olib keldi. Masalan “Paxtakor” va “Qo‘qon-1912” jamoalari 1-bosqichdan so‘ng ko‘p ochkolarini yo‘qotishdi. “Oltin ochko” qoidasi bo‘lmaganida bizning jamoa ham mavsumni yuqoriroq o‘rinlarda yakunlagan bo‘lar edi. Endi bu bahona emas, hammasi yil boshidan belgilab berilgan qoidalar edi. Balkim kelasi mavsumda formatimizda yana o‘zgarish bo‘lar, “oltin ochko” qoidasini ko‘rib chiqishar.

-“Qo‘qon-1912” jamoasining ko‘rsatgan natijasi jamoaga mos bo‘ldimi, ya’ni jamoa o‘zi uchun munosib o‘rinni  egalladimi ?

– Albatta biz mavsum boshida ko‘zlagan maqsadlarga erisha olmadik. Jamoadagi futbolchilarning salohiyati, jamoadagi ichki muhitning ajoyibligi, yigitlarning bir-birlariga bo‘lgan munosabatlarning yaxshiligini hisobga olganda , albatta egallagan o‘rnimiz jamoamizga mos bo‘lmadi. Qo‘qonda yaxshi jamoa shakllangan. Bunday natijaga nima sabab bo‘ldi deyishingiz mumkin. Bizga bu yil biroz omad ham  yetishmadi, uydagi o‘yinlarimizda kutilmagan ochkolarni yo‘qotib qo‘ydik. Birinchi davrada ko‘proq safarda o‘ynadik, yomon natijaga erishmagandik. Ikkinchi davrada o‘z maydonimizda yanada ko‘proq ochko jamg‘arishni niyat qilgan edik. Albatta ayb o‘zimizda, maydonda harakat qilgan futbolchilarda. Yaxshiyam mavsum so‘nggida o‘zimizga kelib oldik va kerakli ochkolarni jamg‘ardik.

photo_2018-09-24_04-53-08

– Qo‘qonda yaratilgan sharoitlar sizni qoniqtirmoqdami?

-Mana Qo‘qonda uch yil to‘p surgan bo‘lsam , yaratilgan sharoitlar har doim yaxshi bo‘lgan. Yashash joylari, oziq-ovqat va hakozo hammasi joyida. Moliyaviy tomondan ham muammolar bo‘lgani yo‘q. To‘g‘ri ba’zida biroz kechikib olgandirmiz maoshlarni, lekin hech kim hali jamoadan norozi bo‘lgani yo‘q.

-Bosh murabbiy haqida ham fikrlaringizni eshitsak.

Bosh murabbiyimiz No‘’mon aka Hasanov bilan anchadan buyon birga ishlaymiz. Bir so‘z bilan aytishim mumkin , o‘z ishining ustasi. Mashg‘ulotlarga ham , har bir o‘yinga ham jiddiy yondoshadilar. Kerak bo‘lgan joyida judayam talabchan, qattiqqo‘l bo‘ladilar. Hamma narsani me’yorida olib borishadi. Joyi kelganda futbolchilar bilan hazil-huzul qilib , yigitlarni kayfiyatini ko‘tarishni ham biladilar.

-O‘zbekiston milliy terma jamoasidan , Osiyo chempionatida qanday natija kutyapsiz?

– Albatta har bitta jamoa , musobaqaga  hech qachon yutqazaman deb bormaydi. Hamma o‘z oldiga qandaydir maqsadni qo‘yadi. Men o‘ylaymanki, bizning jamoamiz ham yuksak maqsadlarni ko‘zlab chempionatga boradi. Yangi murabbiy, yangicha o‘yin uslubi , hamma narsa yangicha bo‘lib, natija ham yaxshi bo‘ladi deb umid qilyapman. O‘zekiston terma jamoasi futbolchilari ham boshqalardan kam emasliklarini Osiyoga ko‘rsatishadi deb o‘ylayman.

photo_2018-01-13_20-15-09

-Kelgusidagi rejalaringiz qanday?

-Mavsum endi tugadi. Biroz hordiq chiqaryapmiz, lekin hozir ham har kuni ma’lum grafik asosida  mashg‘ulot qilib turibman. Terma jamoa yig‘iniga taklif oldim. Har bitta futbolchining orzusi , mamalakatning bosh terma jamoasida o‘ynash. Mening ham hozir barcha o‘y-xayolim terma jamoaning asosiy tarkibiga kirish uchun mashg‘ulotlarga qaratilgan. Terma jamoa bosh murabbiyining e’tiboriga tushish oson emas. Kuper judayam talabchan murabbiy ekan.

Qo‘qondan ketamanmi yoki yana jamoada o‘ynashni davom ettiramanmi buni vaqt ko‘rsatadi. Albatta takliflar bor, lekin nima bo‘lganda ham jamoa rahbariyati bilan maslahatlashgan holda ish yuritamiz. Men Qo‘qonda futbolchi sifatida tanildim, shakllandim. Shuning uchun bu jamoadan qarzdorman, mabodo boshqa jamoaga ketadigan bo‘lsam ham, bu ish klub rahbarlari bilan maslahatlashgan holda amalga oshiriladi. Hozirgi kunda esa bu masalani o‘ylab ham ko‘rganim yo‘q.

Manba: www.kokand1912.uz
Kiritildi: 17:30, 11.12.2018.
O'qildi: 3522 marta.
Fikrlar: 7 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.