“Lokomotiv” OCHLning 2019 yilgi mavsumida B guruhida kurash olib boradi.
Bugun biz guruhdoshimiz BAAning “Al Vahda” jamoasi haqida to‘xtalamiz.
“Al Vahda” – BAA Pro-ligasining 4 karra chempioni. Jamoa 2 marta Prezident kubogi, 4 bora mamlakat Superkubogi va 2 marta BAA liga kubogi sovrinini qo‘lga kiritgan.
Jamoani ayni damda gollandiyalik mutaxassis Xenk Ten Kate boshqarmoqda. Bungacha u “Al Jazira”da ishlaganini barcha bilsa kerak.
Abu-Dabi shahri sharafini himoya qiluvchi jamoa o‘tgan mavsum BAA Pro-ligasining 2-pog‘onasini qo‘lga kiritdi va OCHL yo‘llanmasiga ega chiqdi. Turnir jadvalida “Al Vahda” 22 o‘yindan keyin 46 ochko to‘pladi. Jamoa 14 marta g‘alabaga erishgan bo‘lsa, 4 martadan durang va mag‘lubiyat qayd etdi.
Ushbu mavsumda esa klub ayni damda milliy chempionatning 5-pog‘onasida ketmoqda. “Al Vahda” 12 o‘yinda 5 g‘alaba, 3 durang va 4 mag‘lubiyat qayd etdi.
“Al Vahda” so‘nggi 2 o‘yinida mag‘lub bo‘ldi. Otabek Shukurov gol urgan kuni “Sharja”ga 2:3, shuningdek, Prezident kubogida “Dibba Al Fujayra” jamoasiga 0:6 hisobida yutqazib qo‘ydi.
“Al Vahda” tarkibida janubiy koreyalik Rim Chang-Vu, misrlik Abdalla Al Rafayey, braziliyalik Leonardo, marokashlik Murod Batna, argentinalik Sebastyan Taglyabyue, tanzaniyalik Yaxyo Al-Hassaniy kabi legionerlar faoliyat olib borishmoqda.
Sebastyan Taglyabyue 11 gol bilan jamoaning to‘purari bo‘lib turibdi.
OCHLning yakunlangan mavsumida “Lokomotiv” o‘z guruhida “Al Vahda”ga qarshi bahs olib borgandi. O‘shanda jamoamiz ikki o‘yinda 5:0 va 4:1 hisobida g‘alabaga erishgandi.