Kirish Ro'yxatdan o'tish
19/12 01:30 Vilyarreal - Rayo Valyekano
19/12 01:30 Espanyol - Valensiya

Kashfiyotchi klub narxi – 10 yevro

Kashfiyotchi klub narxi – 10 yevro

Baho:
+ | -
Bo'lim: YEVROPA
Rukn: Yangiliklar

Italiyalik biznesmen Maurisio Zamparini - futbol tarixidagi eng yoqimsiz funksionerlardan biri. Yaqinda u 2002 yildan boshqarib kelayotgan jamoasi - «Palermo»ni Britaniya kompaniyasiga 10 yevroga sotdi. Avvalgi o‘n yillik boshlarida bu klub «A» seriya mavsumini kuchli beshlikda yakunlagan, Italiya kubogini qo‘lga kiritib, Yevropa Ligasida qatnashgandi. Zamparinining «Palermo»ni boshqarish uslubi daholik va aqlsizlik o‘rtasida baholangan, oxir-oqibat ikkinchi variant ustunlik qildi.

16 yilda 45 murabbiyni almashtirgan

«Palermo»ning sobiq rahbari haqida gap boshlanganda, birinchi navbatda, uning murabbiylarni iste’foga chiqarishga usta ekanligi aytiladi. Ilk mavsumdayoq u to‘rt mutaxassisning javobini berdi: Roberto Prusso Zamparini hukmdorligi paytida atigi besh kun ishladi, Esio Glerean birinchi turdan keyin bo‘shatildi, Daniele Arigoni naq 22ta turda jamoani maydonga boshlab tushdi, Nedo Sonetti esa mavsum yakunida iste’foga chiqdi.

Keyinchalik Zamparining shashti biroz tushib, bir mavsumda o‘rtacha 2,8 nafar murabbiyni ishdan bo‘shatdi. Buning natijasida fantastik raqam kelib chiqdi - 16 yil ichida 45ta iste’fo. Funksioner mazkur holatni yuzida tabassum bilan izohlarkan, uni sevimli xobbisi ekanini aytdi va muayyan mutaxassislarni bejiz qo‘yib yuborganini ta’kidladi. «Kelinglar, yaxshisi, ayrim murabbiylarga qancha pul sarflaganimni aytmay qo‘ya qolay, aks holda, o‘zimni otib qo‘yaman. 10 million yevro? Ehtimol, bundan ham ko‘pdir?!», - degandi «Palermo» xo‘jayini.

Mazkur klubda ko‘plab mashhur mutaxassislar ishlashgan — Spalletti va Zakkeroni, Prandelli va Gvidolin. Bir safar Zamparini keyingi mavsum jamoaga o‘zi murabbiylik qilishini aytib, hazillashgandi. O‘shanda bu gaplar hazil ekanini ko‘pchilik darhol payqamagandi.

Yevropa futboli yulduzlari

Balki Zamparini murabbiylarga o‘ta shafqatsiz munosabatda bo‘lgandir, ammo skautlar borasida adashmasdi. Rino Foski, Valter Sabatini, Jorjo Perinetti — bu shaxslar «Palermo» orqali Yevropa futboliga ko‘plab yulduzlarni yetishtirib berishgan.

Bu yerda yosh italyanlar - Kristian Zakkardo va Andrea Barzali faoliyatlarini boshlashgan, klub bu futbolchilarning har birini 2 million yevroga sotib olgandi. Matteo Darmian esa «Milan»ning yoshlar jamoasidan 800 ming yevroga xarid qilingandi. Ammo Sisiliya klubining eng yirik muvaffaqiyati Janubiy Amerika bozoridan kelgan.

Bir paytlari Urugvayning «Danubio» klubida o‘ynab yurgan Edinson Kavani aynan «Palermo»da nom qozongan. Argentinalik Xavyer Pastore kamtarona «Urakan»da o‘ynashiga qaramay, xaridorlari ko‘p edi. Shu bois bu safar Zamparini ushbu futbolchi uchun 42 million yevroning bahridan o‘tdi. Nihoyat, Paulo Dibala «Instituto» kattalar jamoasidagi debyutiga 7 oy bo‘lgan bir paytda Italiyaga olib ketildi.

Zamparini mazkur argentinalik futbolchilarni juda yaxshi ko‘rar, ikkisining ham kelajakda «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritishini bashorat qilib, o‘sha davrning eng kuchli o‘yinchilari bilan tenglashtirardi. Pastore uning uchun «yangi Zidan» bo‘lsa, Dibalani «yangi Messi» deb atardi. Har ikki futbolchiga boshlang‘ich tarkibdan joy kafolatlangandi. «Agar kimdir Dibalani asosiy ro‘yxatga kiritmasa, uni ishdan bo‘shataman», - degandi Zamparini bir paytlari. Pastoreni zaxira o‘rindig‘iga o‘tqizadigan jasur paydo bo‘lganda esa, prezident yana e’tiroz bildirdi: «Xavyerni boshlang‘ich tarkibga kiritmaslik - butun futbol uchun haqoratdir. Men bu murabbiyni qo‘rqoq deb bilaman».

Obro‘li shaxslar tanQidchisi

Ehtimol, Sisiliyadagi futbol klubiga rahbarlik qilayotgan biznesmen hech kimdan qo‘rqmasa bo‘laveradi. Shu bois Zamparini xohlaganini gapirar, mansabdor shaxslarni tanqid qilardi.

«Tizim o‘zgarmayapti. Byurokratlar rahbari Infantino uzoq yillar mobaynida uning bir qismi edi. U FIFA rahbari bo‘libdimi, demak shayxlarga qaraganda ko‘proq ovoz sotib olgan. Bu gaplarim uchun meni diskvalifikasiya qilishsa ham mayli», - bu gaplari uchun byurokratiya fosh qiluvchisi 18 ming yevro miqdorida jarima to‘lagan.

Zamparinining fikricha, «Palermo»ga Chempionlar Ligasi doirasidagi uy uchrashuvlarini «San-Paulo» stadionida o‘tkazishni taqiqlagan Mishel Platinining «ketiga tepish kerak» maqsadga muvofiq bo‘lgan.

«Blatter bizni irqchi degan, vaholanki uning o‘zi haqiqiy rasist. U hattoki, jahon chempionatida g‘olib chiqqanimizda bizga sovrinni topshirishni istamagan. Taqdirlash marosimiga ham tashrif buyurmagan. Platini haqida aytganlarim Blatterga ham taalluqli. Byurokratizm futbolni egallab olgan», - deya hech kimni ayab o‘tirmagandi jo‘shqin notiq.

Sotuvga ilk urinish

O‘tgan yilning martida ham Zamparini «Palermo»ni sotishga urinib ko‘rgandi. Klub prezidenti vakolatidan forig‘ bo‘lib, asli kelib chiqishi Italiyadan bo‘lgan amerikalik 33 yoshli funksioner Pol Bakkalini bilan kelishib oldi.

Italyanlar «Palermo» yanada tentakroq shaxs qo‘liga o‘tayotganiga shubha qilishmasdi, garchi avvallari bu imkonsizdek tuyulgan bo‘lsada. Bu yaxshimi yoki yomon, g‘alati teleboshlovchi va’da qilingan pulni taqdim etolmagach, kelishuvdan voz kechishga to‘g‘ri kelgandi. Shunga qaramay, Zamparini prezidentlik vakolatini qaytarib olishga shoshilmadi.

Nima o‘xshamadi?

Qaysidir pallada «Palermo» noto‘g‘ri yo‘nalish bo‘ylab harakatlanayotgandi. Murabbiylar qo‘nimsizligi jamoaga salbiy ta’sir ko‘rsatdi, klub rahbarining fe’l-atvori sababli Sisiliya jamoasida ishlashga ishtiyoqmandlar sonini kamayib boraverdi. Zamparini skautlarga e’tiborni susaytirdi, yig‘ilib qolgan yulduzlarni sotdi va jamoaga ajratilayotgan mablag‘ miqdorini kamaytirdi. «V» seriyaga tushib ketgan «Palermo» hamon u yerdan chiqolmayapti.

Klubning sotilishi Italiya prokuraturasi moliyaviy firibgarliklar bo‘yicha ayblov e’lon qilishi bilan bog‘liq. Vaholanki, Zamparini hamisha o‘zini «mamlakatda noqonuniy kelishuvlarga yo‘l qo‘ymagan yagona funksioner» ekanligini ommaviy tarzda ta’kidlardi. Yangi xo‘jayinlar klubga pul sarflashmadi, ammo 22,8 million yevroga teng qarz-larni yopish mas’uliyatini o‘z zimmalariga olishdi.

«Palermo» tarixida yangi sahifa ochilmoqda. Unda endi sobiq rahbarning xurmacha qiliqlariga o‘rin qolmaydi. Lekin boshqa tomondan, Sisiliyada faoliyat yurituvchi klub birdaniga normal jamoaga aylana olarmikan?

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 01:33, 21.12.2018.
O'qildi: 4097 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.