21- asrda «qizil iblislar»ning Fergyusson qo‘l ostidagi fantastik mavsumlari hammaning yodida bo‘lsa, ajab emas. O‘sha paytlari "Manchester Yunayted” deyarli katta transfer qilmas, lekin doimiy ravishda o‘z o‘yinchilarini fantastik narxlarda sotardi. Eng qizig‘i, «Manchester Yunayted» bu bilan aslo zaiflashib qolmasdi. Bugun bu jamoa muxlislarining eng yoqimtoy futbolchilarini eslab, ramziy jamoa tuzishga urinib ko‘ramiz.
Darvozabon: Edvin Van Der Sar
Atigi 2.5 millionga harid qilingan Gollandiyalik sehrgar «qizil iblislar» uchun aqlbovar qilmas o‘yinlarni ko‘rsatgani hammaning yodida bo‘lsa, ajab emas. U haqli ravishda bugungi ramziy jamoamiz darvozasidan joy oladi.
Himoyachilar: Vidich, Ferdinand
Bu ikki yigitlarni bejiz birga qayd etmadik. Ularning kuchi birgalikda yanada ortib ketar edi. Fergyusson Vidich va Ferdinand uchun alohida maxsus tartibdagi jismoniy tayyorgarlik o‘tkazar, mashg‘ulotlar zalida qolganlarga nisbatan ko‘proq qolib ishlashga majbur qilardi. Aynan shu sabab ham APL dagi eng jismoniy baquvvat markaziy himoya ancha yillargacha «qizil iblislar»niki edi…
Qanot himoyachilari: Patris Evra, Garriy Nevil
Bu ikki futbolchi deyarli butun yoshligini shu jamoa uchun qurbon qilishgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Nevil doimo o‘z nomini «Seviliya» jamoasi nomi bilan qo‘shib aytilishini orzu qilgan bo‘lsa, Evra jamoaning haqiqiy motivatori edi. «Evra doim qo‘rqmas jangchi sifatida bizning yuragimizda qolgan»,- deya yod olgandi Nevil sobiq jamoadoshini eslab.
Hujumchi: Krishtianu Ronaldu
Bizning ramziy jamoamizdagi Ronaldo hozirgisidan tubdan farq qiladi! U xozirgi «Oltin to‘p»larni qalashtirib tashlagan, «Real Madrid» uchun yuzlab gol urgan Ronaldo emas, ramziy jamoamizdagi Ronaldo «Manchester»ga endi kelgan yosh yigitcha, g‘alabaga o‘ch, maydonda borini berib o‘ynaydigan tezkor va dribblingni hush ko‘ruvchi shovvoz. To‘g‘riroq qilib aytsak, Ranaldoning yoshlik chog‘lari. Uni haliyam jamoa muxlislari juda ham yaxshi ko‘rishadi va doim sog‘inishadi!
Markaziy yarim himoya: Maykl Karrik, Pol Skoulz
«Men uchun u Mordich va Yaya Turelardan ancha kuchli futbolchi. Uning o‘yinlari mening jamoam g‘alabasini ta’minlab beradi. U Jerrard singari mehnatkash.» Bu so‘zlar 21 asrning eng kuchli murabbiyi Aleks Fergyussonning Maykl Karrik haqidagi fikrlari edi. Uning Skoulz haqidagi yana bir fikrini keltirib o‘tamiz :«U novigator odam. Uning dioganallari doim raqib himoyachilarini dog‘da qoldirib ketgan bo‘lsa, sodda, lekin ishonchli o‘yinlaridan doim zavqlanganman.Skoulzning sovuqqonligi markaziy yarim himoyachi uchun ayni muddao»
Yarim himoychi: Rayn Giggz
Giggz o‘z vaqtida tezligi bilan bemalol Lennon yoki Mbappe bilan tenglasha olgan desak, ko‘pchilik yosh futbol muxlislari ishonmasliklari mumkin. Bu ayni haqiqat. Rayn qanotlarda juda chaqqon va ishonchli harakatlanar, markaziy hujumchilar uchun doim vaziyat yaratib berardi. Giggz o‘zining bergan so‘nggi intervyularidan birida shunday degan edi: «O‘g‘lim hozir Ronaldo va Messining maydondagi harakatlaridan zavqlanishini aytganida ko‘nglim biroz tushganday bo‘ldi, unga men yoshligimda ikkalasidan ham tezkorroq bo‘lganman desam, u buni hazilga yo‘yib kuldi»,- deb o‘zi ham jilmaygan edi. Darhaqiqat, Giggz jamoasi uchun borini berdi va haqli ravishda bizning ramziy jamoamiz sardori sifatida ro‘yxatga kiritildi.
Hujumchi: Ueyn Runi
Runiy jamoaga kelgach, Fergyusson uni ikki oygacha maydonga tushirmagan, undagi ortiqcha vazn sababli «tilla bolani» hizmatlaridan foydalanmagan, Runiy vazn bilan bog‘liq muammolarni hal qilgach, debyut o‘yinida maydonga tushishi bilanoq hetrik qayd etgani ham Fergi boboning naqadar topqir inson bo‘lganidan dalolat beradi. Runiy yoshligidan katta jismoniy yuklamalar olishiga qaramasdan, uzoq muddat sevimli jamoasi uchun yuqori darajada o‘ynab bera oldi.
Hujumchi: Rud Van Nistelroy
Ser Aleks Fergyusson o‘zi haqida yozgan «O‘z hayotim murabbiyi» kitobida Van Nistelroy haqida shunday so‘zlar bitgan edi:
«Rud men ko‘rgan hujumchilar ichida eng egoisti edi. U maydonga tushishidan avval faqat qanday qilib bo‘lmasin gol urish haqida o‘ylardi. O‘yinlardan so‘ng u necha bor fint ishlatgani, yoki qanday tezlik ko‘rsatgani haqida sira o‘ylamas, faqat urgan gollaridan masrur jilmayib qo‘yardi»
Darhaqiqat, Nistelroy chinakam 9-raqamga xos hujumchi edi. U «Manchester Yunayted» uchun ko‘plab muhim gollarni urganini ko‘pchilik muxlislar yaxshi eslashsa kerak. «Qizil iblislar» muxlislari Ruddan so‘ng boshqa bunaqa hujumchini jamoalarida ko‘rishmadi.
Yahyo Ulug‘xo‘jayev