Bugun, 9 yanvar kuni O‘zbekiston terma jamoasi BAA mamlakatining Sharja shahrida Ummonga qarshi bahs olib boradi. Bo‘lajak uchrashuv oldidan Stadion.uz muxbiri Akmal Eshonxonov terma jamoa yarim himoyachisi Jalolliddin Masharipov bilan suhbatda bo‘ldi.
“Albatta, maydonga chiqishdan oldin har bir futbolchida baribir hayajon bo‘ladi. Qanday musobaqada ishtirok etishdan qat’iy nazar maydonga chiqqandan so‘ng hayajon yo‘qoladi. Futbolchilarni xayajon bosyapgani bor, xalqimiz bizdan musobaqada birinchi o‘rinni egallashimizni kutayotganini yaxshi bilamiz. Shuning uchun, birinchi o‘yinni g‘alaba bilan boshlab, O‘zbekiston ahliga yaxshi kayfiyat ulashmoqchimiz.
Ummon terma jamoasi haqida turli fikrlar bo‘lmoqda, ushbu jamoa haqida shaxsiy fikrlaringiz qanday, futbolchi sifatida raqib jamoaga qanday baho berasiz?
Yaxshi bilasiz, musobaqa oldidan hech bir jamoani kuchli yoki kuchsiz deb bo‘lmaydi. Masalan, Hindiston ham yirik hisobda g‘alaba qozondi, raqibni mensimasdan o‘ynash katta xato deb o‘ylayman. Yigitlar buni yaxshi tushinishmoqda. Ummon ko‘rsatgan natijalari bizga qaraganda yaxshiroqligini ham bilamiz. Shunga ko‘ra, biz 100 foiz bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Mensimagan jamoalar har doim yutqazadi, bu futbolda isbotlangan fakt. Ummonliklarni aslo kuchsiz raqib deb bo‘lmaydi.
Shu bugungacha tayyorgarlik jarayoni qanday kechdi, qanday qiziq voqealar bo‘ldi, murabbiy haqida ham fikrlaringizni bilmoqchimiz?
Turkiyada bo‘lib o‘tgan tayyorgarlik yaxshi o‘tdi, jismoniy taraflama yaxshi shug‘ullandik, taktika borasida ancha rivojlandik Kuperning ko‘rsatmalarini qo‘ldan kelgancha bajarishga harakat qilyapmiz. O‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazmadik. Bundan xulosa chiqarib, har bir o‘yinga g‘alabaga tashna holatda o‘tkazishga harakat qilamiz.
Demak o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazilmaganining ham sababi shunda?
Buning ikki ikki: yaxshi ham yomon tarafi bor. Raqib bilan o‘ynamagan jamoa futbolchilari g‘alaba qozonishga chanqoq bo‘ladi. Aksiga olib, buning ruhiyatga ham ta’siri bor deya olaman.
Jalollidin siz yaqinda OFK tomonidan 6 oyga diskvalifikasiya qilingan edingiz, o‘sha qarorda siz terma jamoaning faqatgina o‘rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok eta olmaysiz xolos, bu sizning o‘yiningizga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydimi?
Diskvalifikayasini muxlislar oldida baxona qilib bo‘lmaydi. Maydonga birinchi marta tushayotganim yo‘q, Vatanimiz oldida bu qarorni sabab qilib ko‘rsata olmayman. Maydonda o‘zimni yaxshi tomonlama ko‘rsatishga harakat qilaman, bu qaror faqatgina hujjatda, shuning uchun bundan xavotir olmayapman.
“Paxtakor”da qolasizmi yoki...?
“Paxtakor” bilan shartnomam tugagan, bundan deyarli hammaning xabari bor. “Sherlar” yangi shartnoma taklif qilishdi, lekin hali hech narsa hal bo‘lmagan. Bu musobaqa har futbolchi uchun katta bozor desa bo‘ladi. Shuning uchun, musobaqa tugaganidan so‘ng jamoa tanlash haqida o‘ylab ko‘raman.
Janob Ektor Kuper o‘yin oldidan futbolchilarni qanday ruhlantiryapti?
Kuperning qanday murabbiy ekanligini hamma yaxshi biladi. U bizga barcha kerakli ko‘rsatmalarni berdi. U yigitlar kayfiyatini ruhiy taraflama ko‘tarmoqda va bizni hech kimdan kam emasligimizni ta’kidlab o‘tmoqda.
Hujumchilardan faqat Marat Bikmayev va Sardor Rashidov yakuniy tarkibdan joy olgan. O‘ylashimcha, Kuper asosiy e’tiborni yarim himoyaga qaratgan. Demak, asosiy yuk yarim himoyachilar zimmasiga tushadi, bunda sizning vazifangiz qanday?
Bilasizmi, Kuper bu yerga ikkita hujumchini olib kelmadi, bizda 11 ta hujumchi va 11 ta himoyachi bor. Murabbiyning taktik uslubi shunday – hamma birdek hujumga boradi va hamma bir bo‘lib himoyaga qaytadi. Murabbiy ko‘rsatmasini ortig‘i bilan bajarishga harakat qilamiz. Aslini olganda, Vatanimiz uchun jonimizni fido qilishga doimo tayyormiz.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston – Ummon uchrashuvi Toshkent vaqti bilan soat 18:30da boshlanadi.
Sharja shahridan maxsus