Har tomonlama qiziqarli va tomoshabop, muxlislarga manzur bo‘luvchi chempionat tashkil etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan O‘zbekiston Professional futbol ligasi ortda qolgan mavsumda ko‘plab jabhalarda, jumladan mamlakat Superligasi uchrashuvlari teletranslyasiyasi borasida ancha oldinga qadam tashladi.
2018 yilgi mavsum uchrashuvlari davomida o‘yinni tomosha qilayotgan muxlislar jamoalar futbolchilari egnidagi libosda ularning familiyasi hamda raqami turli ko‘rinishda yozilgani sabab ba’zan o‘yinchilarni tanib olishda kichik muammolarga duch kelgan holatlari ham kuzatildi. Zero klublar formalarida aks etuvchi shrift har doim ham yaqqol ko‘zga tashlanadigan va o‘qilishi sodda bo‘lavermaydi.
Jahonning yetakchi ligalari tajribalaridan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Professional futbol ligasi 2019 yilgi mavsumdan e’tiboran Superliga va Pro-liga “A” guruhi klublari forma uchun yagona standart shriftdan foydalanishlarini ma’lum qiladi.
Angliya, Fransiya, Portugaliya, Ispaniya kabi yetakchi mamlakatlar milliy chempionatlarida allaqachon ushbu tajribadan foydalanishadi. Angliya klublari uchun 1997 yilda yagona shrift ishlab chiqilgan bo‘lsa, Ispaniyada o‘tgan mavsumdan boshlab barcha klublar bir xil standart shriftdan foydalanib kelishmoqda.
Barcha klublar uchun standart shrift joriy etilishi yuqoridagi mamlakatlar futbol jamoatchiligi tomonidan qo‘llab-quvvatlab kelinadi. Zero hammaga birdek tushunarli va yaqqol ko‘zga tashlanuvchi shriftdan foydalanilsa, stadiondan o‘yinni kuzatayotgan muxlis ham, o‘yinni TV orqali tomosha qilayotgan ishqiboz ham maydonda to‘p surayotgan futbolchilarni hech qanday qiyinchiliksiz tanib olishi mumkin bo‘ladi.
Yangi mavsumdan e’tiboran O‘zbekiston Superligasi va Pro-ligasi “A” guruhi ishtirokchi jamoalari ham bir xil shriftdan foydalanishadi.