Kirish Ro'yxatdan o'tish
21/12 00:45 Verona 0-1 Milan
21/12 01:00 Jirona 3-0 Valyadolid
21/12 17:30 Aston Villa - Manchester Siti
21/12 18:00 Xetafe - Malyorka
21/12 19:00 Torino - Bolonya
21/12 20:00 Brentford - Nottingem Forest
21/12 20:00 Ipsvich - Nyukasl
21/12 20:00 Vest Xem - Brayton
21/12 20:15 Selta - Real Sosyedad
21/12 22:00 Jenoa - Napoli
21/12 22:30 Kristal Pelas - Arsenal
21/12 22:30 Osasuna - Atletik Bilbao
22/12 00:45 Lechche - Lasio
22/12 01:00 Barselona - Atletiko
22/12 16:30 Roma - Parma
22/12 18:00 Valensiya - Alaves
22/12 19:00 Fulhem - Sautgempton
22/12 19:00 Lester - Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted - Bornmut
22/12 19:00 Everton - Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya - Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid - Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem - Liverpul
22/12 22:00 Atalanta - Empoli
22/12 22:30 Leganes - Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas - Espanyol

Futbol va oila: Cho‘qqiga chorlagan muhabbat

Futbol va oila: Cho‘qqiga chorlagan muhabbat

Baho:
+ | -
Bo'lim: JAHON FUTBOLI
Rukn: Yangiliklar

«Barselona» klubi hamda Ispaniya terma jamoasi himoyachisi kolumbiyalik pop yulduz bilan Madridda tanishdi. O‘shanda Jerar «qizil Furiya» tarkibida JCH-2010 turniriga tayyorgarlik ko‘rayotgan, Shakira esa mundialning rasmiy madhiyasi klipini suratga olish jarayonida ishtirok etayotgandi. Bir necha soniyaga kadrda ko‘rinish bergan futbolchi o‘sha kuni qo‘shiqchidan telefon raqamini so‘rab oldi. Juftlik o‘rtasidagi munosabat shu tariqa boshlandi. Bunga qadar Shakira 10 yil Argentina sobiq prezidentining o‘g‘li Antonio de la Rua bilan uchrashib yurgan, Pike esa bir yildan beri aktrisa Nuriya Tomas bilan ko‘rishib turardi.

JCH-2010 mezboni bo‘lmish JARga Shakira Ispaniya delegasiyasidan avval yo‘l oldi - u turnirning ochilish marosimiga tayyorlanishi lozim edi. Jerar esa Shakira bilan bog‘lanish uchun JARdagi ob-havo ma’lumoti haqida SMS-xabar jo‘natishdan durustroq vosita topa olmadi.

«Bolalarga xos o‘ta jo‘n savolimga u batafsil javob yo‘llab, ob-havoning kun davomida qanday o‘zgarishigacha ta’riflab bergandi», - deya xotirlaydi Pike. Yozishmalar davom etdi, lekin uchrashishning imkoni bo‘lmadi - mundial g‘olibi sharafiga uyushtiriladigan bayram bazmi JARdagi yagona imkoniyat edi. «Biz faqat musobaqa yakunida ko‘risha olardik, tadbirda Shakira ham ishtirok etardi. Yana uchrashish uchun finalga chiqish lozim bo‘lsa, men buni uddalayman, dedim unga», - deydi Jerar. Darhaqiqat, «qizil furiya» hal qiluvchi bahsda Gollandiyaga qarshi maydonga tushib, qo‘shimcha vaqtda 1:0 hisobida g‘olib chiqqandi.

«JCH tufayli chin muhabbatimga duch kelganimni hech qachon unutmayman. Jerar meni ko‘rish uchun finalga chiqishini aytgandi. U - chinakam erkak. Chunki o‘z va’dasining ustidan chiqdi», - degandi Shakira keyinchalik. Avvaliga juftlik o‘zaro munosabatlarini oshkor etmadi. Ammo bir yildan keyin xonanda Jerar bilan birgalikda tushgan suratini ijtimoiy tarmoqqqa joylashtirdi: «Sizni o‘z quyoshim bilan tanishtiraman!»

2012 yilda «Barselona»ga ustozlik qilgan Xosep Gvardiola Pike va Shakiraning internetdagi suratlaridan xabar topib, buning uchun shogirdini qattiq koyigandi. Axir futbolchi o‘z ma’shuqasi bilan tezoqar tog‘ daryosida qayiqda suzgan edi-da. O‘z salomatligini xavf ostida qoldirgani yetmaganidek, uni hammaga oshkor etgani murabbiyni ranjitgandi. Rojdestvo ta’tilida juftlik Mayamida qayiq saylini takrorlab, yana Pepning asabini o‘ynadi. Taajjubki, ikki oydan keyin Jerar o‘z mashinasidan tushmoqchi bo‘lib eshikni ochganida yonidan o‘tayotgan avtomobil eshikni ilib ketdi. Oqibatda Pike «Barsa»ning «Bayer»ga qarshi «pley-off» bellashuvida maydonga tushmadi. Murabbiyning fikricha, faromush kayfiyatdagi futbolchi talab darajasida to‘p sura olmaydi. Shakira esa doimo Jerarning jamoaga sodiqligini ta’kidlaydi: «Uning «Barsa»ga sadoqati xususida shubhaga o‘rin yo‘q. To‘g‘ri, hozir aksariyat futbolchilar yollanma ishchilarni eslatadilar, bir jamoadan ikkinchisiga osonlikcha o‘tib ketadilar. Lekin Jerar Kataloniya ruhida tarbiyalangan kamsonli o‘yinchilar sirasidan. Uni pulga sotib olishning iloji yo‘q».

Pep bilan o‘tkazgan davrini Pike quyidagicha e’tirof etadi: «Dastlabki 3 mavsum juda ajoyib o‘tdi. Men uni hozir ham hurmat qilaman. Lekin haqiqat shuki, Pep 24 soat faqat futbol haqida o‘ylashimizni xohlardi. Avvaliga bunga ortiqcha e’tibor bermadim. Keyinchalik murabbiy meni maydonga tushirmay qo‘ydi. Hatto «klasiko»da ham zaxirada qolib ketdim».

2016 yilning noyabrida «Barselona» Yaponiyaning Rakuten onlayn savdo tarmog‘i bilan 244 mln. yevrolik shartnomani imzoladi. O‘sha payt Pikeda videoo‘yinlarga ixtisoslashgan kompaniya faoliyat yuritayotgandi. Shu faoliyati tufayli himoyachi Rakuten prezidenti Xirosi Mikatani bilan tanishgan, «Barsa»ning AQSHdagi safari chog‘ida Shakira hamrohligida yaponiyalik biznesmenni klub prezidenti Jozep Bartomeu bilan tanishtirib qo‘ygandi. Shu tariqa juftlik 4 yilga mo‘ljallangan kelishuvga munosib hissa qo‘shgandi. Tez orada kompaniya logotipi Kataloniya grandi liboslarida o‘z aksini topdi.

Jerar va Shakiraning tanishuvidan keyin 8 yildan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsada, Ispaniya va Kolumbiya matbuotida ularning ajrashishgani haqidagi xabarlar uchrab turadi. Jumladan, 2017 yilning kuzida ham ispaniyalik kasbdoshlarimiz xonandaning futbolchi bilan birga emasligini ma’lum qilishgandi. Mish-mishlarga ko‘ra, Pike vaqti-vaqti bilan Barselonadan Madridga borib, sobiq ma’shuqasi Nuriya Tomas bilan uchrashib turarkan. Qizig‘i, bu kabi xabarlar juftlikni ortiqcha qiziqtirmaydi. Ular shunchaki navbatdagi oilaviy fotosuratni internetga joylash orqali izoh berib qo‘ya qolishadi.

Bundan tashqari, Jerar va Shakiraning yoshlari o‘rtasidagi tafovut ham qiziqarli mavzu. Ular 2 fevral sanasida tavallud topishgan. Farq shuki, Shakira Pikedan 10 yil avval tug‘ilgan. 1997 yilda xonanda dastlabki xalqaro safariga otlanganida, 10 yoshli Jerar «Barsa» akademiyasiga qabul qilingandi. «Tanishgan paytimizda u 23 yoshda edi. Avvaliga yoshimiz o‘rtasidagi farq meni ancha tashvishga qo‘ygandi. Biroq tez orada Jerar hayotimning eng muhim bo‘g‘ini ekaniga amin bo‘ldim», - deydi Shakira.

Ko‘pchilikka tinchlik bermay kelayotgan nozik masala - Pike va Shakiraning nikohi. «Yaqin kunlarda rasman nikohdan o‘tishimizga shubha qilmayman», - degandi Jerar Italiya radiosiga bergan intervyusida. Shakira esa to‘yni hatto xayoliga ham keltirmayapti: «Hozir biz uchun nima kerak bo‘lsa, hammasi yetarli - muhabbat, samimiy munosabat, farzandlar. Shu sababli nikoh qandaydir o‘zgarish kiritadi, deb o‘ylamayman».

Ayni payt juftlik ikki nafar o‘g‘lonni tarbiyalamoqda. 2013 yilning yanvarida to‘ng‘ich farzand - Milan dunyoga keldi, ikki yildan keyin Sasha. Ota-onasi esa ular atrofida parvona. «Ochig‘ini aytsam, Milan hayotimizga yangicha mazmun baxsh etdi. Bu murg‘ak qalb sohibi yorug‘ dunyoga endi keldi, gunohlardan xoli, farishtaning o‘zi! YECHL yarim finalida «Bavariya»ga 0:3 hisobida imkoniyatni boy berganimizda tushkun kayfiyatga tushib qolgandim. O‘yin biz uchun juda og‘ir kechgandi. Lekin uyga qaytib, Milanga ko‘zim tushgach, hammasini unutdim, ko‘nglim ko‘tarildi» - deydi Pike.

Xonanda esa ajoyib umr yo‘ldoshi topib olganini ta’kidlashdan charchamayapti: «Hayot yo‘limda Pike paydo bo‘lgunga qadar futbolchi turmush o‘rtog‘imga aylanishini xayolimga ham keltira olmasdim. Endi u har qanday vaziyatda ham meni yolg‘izlatib qo‘ymasligiga shubha qilmayman».

Oila mustahkamligi va ravnaqi yo‘lida Shakira o‘z faoliyatini qurbon qilib, xalqaro gastrollardan voz kechdi. To‘g‘ri, 2011 yildagi oxirgi safardan keyin xonanda umuman ko‘rinmay qolgani yo‘q. Masalan, 2012 yilda Bokuda bo‘lib o‘tgan qizlar o‘rtasidagi JCH yopilish marosimida ishtirok etdi, ertasiga poytaxt aholisi va mehmonlari uchun katta konsert berdi. Ikki yildan keyin Shakira qadrdon qit’asiga yo‘l olib, Braziliyada JCH-2014 ochilish va yopilish marosimlariga fayz kiritdi, mundial arafasida qo‘shiq ixlosmandlariga yangi albomini taqdim etdi. Shuningdek, AQSHda Voice shousida badiiy muallim vazifasini ado etdi.

Aslida Shakira bir paytlari sahnadagi faoliyatiga chek qo‘yishni ham mo‘ljallagandi. Biroq Pike bunga yo‘l qo‘ymadi. «Jerar menga faqat musiqada o‘z muxlislarimga aytar so‘zim qolmaganida san’atni tark etishimga izn berishini, hozircha sevimli mash-g‘ulotim bilan shug‘ullanishim shart ekanligini aytdi. U haq edi, men shunchaki qo‘rqib ketgandim», - deya eslaydi xonanda.

2017 yilda Shakira o‘z muxlislariga yangi El Dorado albomini tortiq etib, keyin olis gastrollarga qaytdi. Navbatdagi safar 2017 yilning noyabriga mo‘ljallangandi. Biroq qo‘shiqchining tomog‘i og‘rib qolgani bois, gastrol muddati kechiktirildi. O‘shanda xonanda ancha tashvishga tushib qolgandi. Chunki uning tomog‘ida yuqumli xastalik aniqlangandi. Oqibatda Shakiraning saratonga chalingani haqida mish-mishlar ham tarqalgandi. Ammo juftlik, uning barcha yaqinlari va millionlab muxlislari baxtiga, qo‘shiqchining xavfli kasallikka yo‘liqmagani ma’lum bo‘ldi va u tez orada salomatligini tiklab oldi. Natijada gastrol 3 iyun kuni Gamburgda start olib, noyabr oyining oxirida Kolumbiyada nihoyasiga yetdi.

Hamkorlikdagi bir necha yil davomida Shakira futbol borasida anchagina tajriba to‘plab, o‘yinning mazmuni, qonun-qoidalarini tushunadigan bo‘lib qoldi. Vaholanki, Jerar bilan uchrashishidan avval bu sport turi haqida hech narsani bilmasdi.

«Futbolni tomosha qila boshlagach, uning shunchaki to‘p ortidan quvish emasligini tushunib yetdim. Futbol - ishtirokchidan chuqur bilim, yuksak saviya va jiddiy tayyorgarlikni talab etadigan, o‘z strategiyasiga ega bo‘lgan sport turi ekan. Ba’zida Pike ishtirok etmayotgan o‘yinlarni tomosha qilaman. Bu men uchun yanada qiziqarliroq. Chunki Jerar yonimda bo‘ladi, aqlim yetmagan jihatlarni undan so‘rab, bilib olaman. Biz 8 yildan beri birga yashayotgan bo‘lsakda, men o‘yindan tashqari holatlarni aniqlashda hamon yanglishaman», - deydi Shakira...

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 03:06, 19.01.2019.
O'qildi: 5938 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.