Tajribali hujumchi Bahodir Nasimov faoliyatini yana O‘zbekistonda davom ettiradi. Namanganning «Navbahor» klubi bilan kelishuvga erishgan samarqandlik futbolchining so‘nggi jamoasi Ozarbayjon oliy ligasi ishtirokchisi «Keshla» bo‘lgandi. Nasimov o‘tgan yili mazkur klub bilan bir yillik shartnoma imzolagan, lekin kelishuv ikki tomonning roziligi bilan bekor qilingandi. Bunga hamyurtimizning murabbiy tomonidan maydonga tushirilmayotgani, asosan zaxirada qolib ketayotgani sabab bo‘lgan. Ma’lumot uchun, Bahodir o‘z vaqtida Ozarbayjon futboli bayroqdori - «Neftchi» tarkibida chempionlikka erishgan. Endi esa «lochinlar» sharafini himoya qiladi.
@LOCHINLAR- Bahodir, Ozarbayjon jamoasini shartnoma yakuniga yetmay tark etdingiz...
- Jamoaning zaxira o‘rindig‘ida qolib ketganim bunga sabab bo‘ldi. Oxirgi paytlarda murabbiy umuman maydonga tushirmay qo‘ydi. Natijada o‘yin amaliyotisiz qolib ketdim. Klub rahbariyati bilan uchrashganimdan keyin ketishga qaror qildim.
- Sizning maydonga tushirilmayotganingiz bosh murabbiy bilan o‘rtadagi kelishmovchilik sabab yuzaga kelgan holatmidi?
- Olti oy ichida uch marta murabbiy almashdi. Eng yomoni, klub rahbariyati murabbiylarning ishiga aralashardi. Ko‘pincha tarkibni ham rahbarlar belgilashardi. Menga 5-10 daqiqa, ko‘pi bilan bir bo‘lim maydonda to‘p surish imkoni taqdim etilardi. Oxiri bunga chiday olmadim va klub rahbaridan shartnomani bekor qilishni so‘radim.
- Klubning qarzi bormidi?
- Yo‘q. Kelishimdan oldin hamma pulimni berishdi. Shartnoma bekor bo‘lgani haqidagi hujjatlarni oldim.
- Bu safargi Ozarbayjon safari ham o‘zingiz kutgandek yakunlanmadi. Qanday xulosa chiqardingiz?
- Ochig‘i, jamoaga moslasha olmadim. Boz ustiga, «Keshla» men kutganchalik kuchli emas ekan. To‘g‘risi, bu savolingizga qanday javob qaytarishga ham hayronman. Agar murabbiy hech bo‘lmasa, 4-5ta o‘yinda imkoniyat berganida, o‘zimni ko‘rsatardim. Aks holda, gol talab qilish to‘g‘rimi? Boshqa tomondan, futbolchi aybni o‘zidan ham izlashi kerak. Xullas, bu galgi safarim omadsiz yakunlandi.
- Ozarbayjonning boshqa klubida qolish varianti yo‘qmidi?
- Taklif bo‘lmadi. O‘ylashimcha, «Keshla» bilan hali amalda yarim yillik shartnomam bo‘lgani uchun ham agentlar murojaat qilishmadi.
- «Navbahor» yig‘inlarida ishtirok etdingiz, o‘rtoqlik uchrashuvlarida gol ham urdingiz. Umuman, Namangan klubidan taklif qachon va kim tomonidan bo‘ldi?
- Bosh murabbiyning chorlovi bilan «Navbahor»ga keldim. Ozarbayjondaligimda Andrey Kanchelskis qo‘ng‘iroq qilib, «Jamoaga yordam berishga tayyormisan?», deb so‘radi. Baribir, ozar klubida o‘ynamayotganim uchun ham bu taklifga rozi bo‘ldim. O‘z gollarim bilan namanganlik muxlislarga quvonch ulashishni maqsad qilganman.
- «Navbahor» mashg‘ulotlarida ishtirok etdingiz. Taassurotlar qanaqa?
- Ko‘tarinki kayfiyatda shug‘ullanyapmiz. So‘nggi xorij yig‘inimiz Antaliyada o‘tkazildi. Asosiy e’tibor jismoniy tayyorgarlikka qaratildi. Umuman olganda, taassurotlar kutganimdek bo‘lib chiqdi.
- Kanchelskisni futbolchi sifatida yaxshi bilamiz. U murabbiylikda qanday ekan? Alohida ajralib turadigan jihatlari bormi?
- Faqat kuch va tezlikka asoslangan mashg‘ulotlarga e’tibor qaratarkan. Bir joyda turib qolishingiz kerak emas. Doimiy ravishda harakatda bo‘lishingiz lozim. Futbolchilik davrida Angliya chempionatida o‘ynagani uchun ham tezkor futbol tarafdori. Dam olishga fursat berilmaydi. Mashg‘ulotlari shu bilan ham ajralib turarkan. Shaxsan menga Kanchelskis qo‘l ostida shug‘ullanish juda yoqdi.
- «Navbahor» bilan qancha muddatga shartnoma imzolaysiz?
- Bir yillik bitim tuzish bo‘yicha kelishib olganmiz. Agar hammasi ko‘ngildagidek bo‘lsa, kelishuv uzaytirilishi mumkin.
- Nima deb o‘ylaysiz, «Navbahor» chempionlik uchun kurasha oladimi?
- Nima uchun yo‘q? Jamoa o‘tgan yili ham chempionlik poygasida ishtirok etgan. Bu yil ham klub rahbariyati chempionlik vazifasini qo‘ymoqda. Hozirgi tarkib va murabbiylar shtabi bilan bu maqsadga erishish mumkin, deb o‘ylayman. Qolaversa, klub rahbarlari ham barcha sharoitlarni yaratib berishyapti.
- Terma jamoamizning Osiyo kubogidagi o‘yinlarini ko‘rdingizmi?
- Ha, albatta. Oldinlari Yaponiya va Avstraliya bilan o‘yinlarimiz juda murakkab kechardi. Yirik hisoblarda yutqazardik. Hozir vaziyat ancha o‘zgaribdi. Avstraliya bilan o‘yinda g‘olib penaltilar seriyasida aniqlandi. Yaponiyaga kichik hisobda yutqazgan bo‘lsak-da, yigitlar o‘zlaridan juda yaxshi taassurot qoldirishdi. Shaxsiy fikrim, Ektor Kuper termamiz o‘yinini o‘zgartira olgan. Argentinalik mutaxassis jamoamizni mundialga olib chiqishiga ishonaman.