«Santyago Bernabeu»dagi betakror ishtiroki tufayli Dushan Tadich butun Yevropani hayratga soldi. Yarim himoyachi raqib himoya qo‘rg‘onini shunday osonlik bilan dog‘da qoldirdiki, unga qarshi «Real»dek dongdor grand emas, Dushanning yurtdoshlari - voyevodinalik havaskorlar to‘p surishayotgandek tasavvur uyg‘ondi.
Xullas, nimchorak finalning dastlabki uchrashuvida 1:2 hisobidagi mag‘lubiyatini tan olgan «Ayaks» Madridda nufuzli sovrinnning amaldagi sohibini yirik (4:1) hisobda mahv etdi va deyarli boy berilgan chorak final yo‘llanmasini qaytarib oldi.
Tadich esa avvaliga ikki marta samarali uzatmani, keyin 3-golni amalga oshirish orqali «Ayaks»ni keyingi bosqichga olib chiqdi. Natijada qit’a grandlari uni qo‘lga kiritish payiga tushib qolishdi. Xo‘sh, 30 yoshli sermahsul o‘yinchi nima uchun shu paytgacha ko‘pchilik e’tiboridan chetda bo‘ldi?
Kumanning yoqimtoyi
Dushan asosan joriy mavsumda muxlislar e’tiborini qozona boshladi. Chunki u «Ayaks»ga o‘tgunga qadar Ronald Kumanning taklifiga ko‘ra bir necha mavsumni «Sautgempton»da o‘tkazgandi. Gollandiyalik mutaxassis uni bir paytlari «Feynoord»ga jalb etishga ham urinib ko‘rgandi. Kuman jamoani tark etgach, Tadichning ko‘rsatkichlari ham pasayib ketdi. Shu bois, shartnoma muddati yakuniga yetganidan keyin futbolchi «Lolalar yurti»ga qaytib, «Groningen» va «Tvente»da to‘p surdi.
Tadich uchun Erediviziya qadrdon uydek: u yerda futbolchi o‘zini o‘ta erkin his etadi. «Mahalliy murabbiylar faqat hujumkor falsafani tan olishadi. Ular maydonda doimiy hukmronlikka ega bo‘lish va o‘z o‘yinlari bilan barcha raqiblarni yengishga intilishadi». Dushan aynan shu falsafa tarafdori.
Tumanli o‘lkadan qaytgan yarim himoyachi faoliyatining asosiy qismi o‘tgan yurtga ehtiromini yana takrorladi: «Angliyadan ko‘ra Gollandiyada yashash qulayroq. U yerda faqat London, bu yerda esa hammayoq ozoda, yo‘llar ravon, ko‘chalar obod. Ajoyib mamlakat». Darhaqiqat, Tadich «Ayaks» tizimiga juda mos tushdi, yoshi 30da bo‘lsada, unga bo‘lgan qiziqish 20 yoshli jamoadoshinikidan kam emas.
Serblarga xos manzara
Dushandagi bolqoncha shijoat hatto teleekranda ham yaqqol sezilib turadi. U doimo raqib maydonchasiga shiddat bilan kirib boradi, yirik hisobdagi g‘alaba ham bu shiddatni pasaytira olmaydi. Hatto so‘nggi daqiqalarda ham u yuqori sur’atda to‘p suradi. Odatda, uning tengdoshlari bu yoshda faoliyatni yakunlash xususida ko‘proq bosh qotirishadi. Lekin Tadich bundan mustasno. «Real» shunday kuchli bosimga tayyor emasdi.
Dushanning o‘tmishiga nazar solsak, uning futboldagi tajovuzkorligi sabablari oydinlashadi. Yarim himoyachi avvaliga «Voyevodina» akademiyasida tahsil olib, 4 yildan so‘ng asosiy jamoaga o‘tdi. «Srvena Zvezda» yoki «Partizan» safiga o‘tish Tadichning xayoliga ham kelgan emas. Chunki klubning o‘sha davrdagi prezidenti Ratko Butorovich transfer borasida yagona qoidaga amal qilib, o‘z jamoasi a’zolarini Serbiya grandlari safiga o‘tishlariga yo‘l qo‘ymagan, Yevropaning boshqa hududlariga esa qarshilik qilmagandi.
TV ishqibozi
Tadich har qanday suhbatdoshida zukko futbolchi sifatida taassurot qoldiradi. «Sautgempton»ga o‘tgan davrida u ingliz tilini mahalliy aholidek puxta egallab ulgurgandi. Bundan tashqari, ispan tilida ham bemalol muloqot qila olardi. «Bolalik yillarimda Serbiya TVsida ispan tilidagi ko‘rsatuvlar ko‘p bo‘lardi. Qandaydir film yoki shou dasturini boshidan oxirigacha eshitib, tomosha qilsang, ma’lum vaqtdan keyin gaplasha oladigan saviyaga ega bo‘lasan». Dushan barcha tilshunoslar sirini fosh etib qo‘ydi.
Madriddagi bellashuvda serbiyalik yarim himoyachi tomonidan namoyish etilgan Zidanga xos fint o‘sha kungi YECHL bahslarinig eng jozibador lahzasi sifatida e’tirof etildi. Nafaqat nozikta’b ekspertlar, hatto madridlik muxlislar ham chuqur o‘yga tolishdi: «Bunday yuksak texnikani qayerdan oldi?» Tadichning javobi barcha ishqibozlarni buyuk futbolchilar faoliyatidan olingan yorqin lavhalar videoyozuvini tomosha qilishga da’vat etdi: «Zidan men uchun eng suyukli futbolchi edi. Uning o‘yinlarini qayta-qayta tomosha qilganim bu fintni o‘zlashtirishda yordam bergan bo‘lsa, ajabmas».
Statistika aldamaydi!
Hozir Dushan Tadich faoliyatidagi eng yaxshi mavsumini o‘tkazayotgani xususida zarracha shubhaga o‘rin yo‘q. Fransiyaning nufuzli L~Equipe nashri serbiyalik yarim himoyachining «Real»ga qarshi o‘yinini eng yuqori bahoga loyiq topdi. Natijada Tadich yuksak unvonga ega bo‘lgan 10-futbolchiga aylandi. Ungacha bu sharafli maqomga misol uchun, «Bayer»ga qarshi bahsda «penta-trik»ka erishgan va «Arsenal»ga qarshi samarali to‘p surgan Lionel Messi va «Real» darvozasini bir o‘yinda 4 marta ishg‘ol etgan Robert Levandovskilar loyiq topilgandilar. Tadich YECHLning joriy mavsumida hozirga qadar 6ta gol 4ta samarali uzatmani amalga oshirdi. Undan avval «Ayaks»ni shunday sharaflashga 90-yillar o‘rtalarida Yari Litmanen muvaffaq bo‘lgandi.
Dushanning umumiy natijalari ham hayratlanarli: mavsumdagi 40 uchrashuvda u 26ta gol va 11ta samarali uzatmani o‘z hisobiga yozib qo‘ydi. U va Hakim Ziyesh juftligi nafaqat ichki musobaqalar, balki xalqaro arenalardagi nomdor raqiblarini ham qo‘rqitib qo‘yganligi fakt. «Bavariya»dek zabardast grandning tiz cho‘ktirilishida, «Real»ning chorak finalga chiqa olmaganida bu tandemning ulushi katta bo‘ldi. E’tiborlisi, jamoa ham, qahramonimiz ham zabt etilgan dovon bilan cheklanib qolmoqchi emas. Albatta, bu yog‘iga «Ayaks»ga ham oson bo‘lmaydi - «Yuventus» ko‘pni ko‘rgan, as jamoa. Doimo yuksak marrani ko‘zlaydi. Qolaversa, «Real»ning omadsizligi turinliklarni «Ayaks»ga yanada jiddiyroq e’tibor qaratishga majbur etadi. Muhimi, Tadich va uning yosh jamoadoshlari chiroyli va sermazmun o‘yin ko‘rsatishsa, bas.
Bu yoqda «Manchester Siti» va «Bavariya» yetakchiligidagi nomdorlar Dushanning ko‘ngliga yo‘l qidirishmoqda. Serbiyalik yigit yana Angliyani tanlaydimi yoki ko‘plab vatandoshlariga panoh bergan Bundesliga grandiga yo‘l oladimi, bunisi hozircha noma’lum.
Rossiyada o‘ynashi mumkin edi
Dushan Tadich Rossiyadan siz-u biz o‘ylaganchalik olis emas. Oxirgi 10 yil davomida uni bu mamlakatning ikki jamoasi - 2010 yilda SSKA, 3 yildan keyin esa «Dinamo» o‘z safiga qo‘shib olishga urinib ko‘rgandi. Mish-mishlarga ko‘ra, «Dinamo» o‘shanda «Tvente» sharafini himoya qilayotgan serbiyalik yarim himoyachi uchun 13 mln. yevro taklif qilgandi. Tadich ham 2010 yilda Rossiya chempionati xususida iliq fikrlar bildirgan: «Tez orada RPL qit’aning eng kuchli chempionatlaridan biriga aylanadi! SSKAda to‘p suradigan do‘stim Zoran Toshichning aytishicha, bo‘lajak JCH-2018 turniriga tayyorgarlik jarayoni ichki musobaqaga ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi. Avvallari kasbdoshlarim Rossiyaga faqat mo‘may daromad ilinjida yo‘l olishardi. Endi chempionat yil sayin kuchayib bormoqda».
Ehtimol, Tadich RPL maqtovini biroz oshirib yuborgandir. Lekin nima bo‘lganda ham, o‘shanda futbolchi o‘zining shaxsiy fikrini samimiy tarzda izhor etgandi.
Sokin va salobatli
Dushan bilan tez-tez muloqotda bo‘lib turadigan kishilar fikriga ko‘ra, futbolchi yashil maydonda o‘zini qanday tutsa, xayotda ham shunday. Guardian jurnalisti Jeykob Steynberg Tadichdan intervyu olgan va miriqib suhbatlashgandi. Kasbdoshimiz o‘z hayotida Dushan kabi optimist kimsaga duch kelmaganligini e’tirof etgandi. Aytishicha, futbolchi o‘zining vazmin tabiati va xotirjamligi bilan suhbatdoshini lol qoldiradi. Go‘yoki, bu yorug‘ olamda uning kayfiyatini xufton qilishi mumkin bo‘lgan narsaning o‘zi yo‘qdek. Hatto G‘arbiy Yevropa vakillari uning ismini noto‘g‘ri talaffuz qilishlari ham Tadichni ranjitmaydi. Muhimi, eslab qolishlari, unutmasliklari. Madriddagi yorqin tomoshadan keyin «Qirollik klubi» muxlislari «Ayaks»ning serbiyalik yarim himoyachisi nomini uning o‘zidan ham yaxshiroq bilib olishgani aniq. Qiziq, bu an’ana Italiyada ham davom etarmikan?!