Alfredo Morelos - «Glazgo Reynjers»ning yangi yetakchisi. «Liverpul»ning tirik afsonasi Stiven Jerrard «Reynjers» qaddini ko‘tarish uchun izlanishdan sira to‘xtamayapti.
Ammo «Seltik» Shotlandiya chempionati oliy divizionida hamon chinakam raqobatni sezayotgani yo‘q. Azaliy raqiblar o‘rtasidagi katta farq o‘z yo‘liga, ammo «Reynjers»ning yana ravon yo‘lga tushib olganini alohida aytish kerak, baribir. Ha, Jerrard jamoasiga ba’zan barqarorlik to‘liq shakllanmagani biroz pand bermoqda. Shunday bo‘lsada, jamoaning turnir jadvalidagi mavqei chakki emas. Har holda, glazgoliklar chempionatni munosib yakunlash (katta ehtimolki, 2-o‘rinda) imkoniyatiga egalar.
Bugungi «Reynjers»da bosh ijrochi-goleador roli 22 yoshli Alfredo Morelos zimmasida. Istiqbolli hujumchi Premyer-liganing 32ta turida 17ta gol urish barobarida yana 4tasiga assistentlik qildi. Xullas, gollar soni bo‘yicha qisqa faoliyatidagi shaxsiy rekordini o‘rnatgan Morelos bosh to‘purarga atalgan sovrin uchun asosiy da’vogar bo‘lib turibdi. Biroq Alfredo asosiy o‘yin, ya’ni «Seltik»ka qarshi kechgan va jamoasining 1:2 hisobidagi mag‘lubiyati bilan tugagan derbida maydondan chetlatildi. Diqqat qiling, bu goleador futbolchi uchun joriy mavsumdagi 5-qizil kartochka hisoblanadi. To‘g‘ri, yosh hujumchiga ko‘rsatilgan birinchi «qizil» keyinroq bekor qilingandi, biroq 4 marta haydalish ham ko‘p-da, albatta.
• Oxirgi qizil kartochkadan so‘ng Stiven Jerrardning Morelosga nisbatan muhabbatiyu hurmatidan asar ham qolmadi, shekilli. «Biz uni klub ichida alohida muhokama qilamiz va albatta, tegishli jazo chorasi belgilaymiz. Alfredo olg‘a intilishi kerak, buning uchun avvalo, tabiatini o‘zgartirmasa bo‘lmaydi. Ha, raqib futbolchilari uni izdan chiqarishga urinishdi, ammo yetuklikni ko‘zlagan o‘yinchi barchasiga chidashi shart. Aks holda, hech ham uzoqqa borolmaydi. Axir raqibning jig‘iga tegish holati futbolda tez-tez uchraydi. Bunga qadar barchasidan ko‘z yumib, Alfredoni qo‘llab-quvvatlab keldim, ammo buyog‘iga uni himoya qilolmayman», - dedi ingliz mutaxassisi «Seltik»ka qarshi kechgan o‘sha alamli uchrashuvdan so‘ng.
• Morelos joriy mavsum «Aberdin» bilan o‘yinlarda 3 marta qizil kartochka oldi, shuningdek, «Ufa» (ELda) hamda «Seltik»ka qarshi bahslarda ham jamoasini og‘ir ahvolda qoldirdi. «Reynjers» shu o‘yinlarning atigi 1tasida g‘alaba qozondi, xolos. Demakki, Alfredo kartochkalarining jamoa natijalariga salbiy ta’siri katta. Darvoqe, Morelosning maydondan chetlatilgani hisob nuqtai nazaridan bilinmagan o‘sha yagona uchrashuv fevral oyida «Aberdin»ga qarshi kechgan. Hujumchi o‘shanda 57-daqiqadayoq maydondan chiqib ketgan, ammo bunga qadar raqib darvozasini 2 marta ishg‘ol etib, 4:2 hisobiga zamin yaratgandi.
• «Reynjers» Shotlandiya Premyer-ligasi doirasidagi 32ta o‘yinda 63 ochko to‘pladi. Shundan 39tasi Morelos gol urgan o‘yinlarda qo‘lga kiritilgan. Boshqacha talqin qilsak, kolumbiyalik yosh hujumchi gol urgan uchrashuvlarda «Reynjers» biror marta mag‘lubiyatga uchragani yo‘q (12ta g‘alaba va 3ta durang).
• Qahramonimiz Shotlandiya kubogida ham o‘zini ko‘rsatdi. Misol uchun, u «Kilmarnok» bilan bahs (5:0)da «poker»ga erishdi. Ikkinchi tomondan, «Aberdin»ga qarshi kechgan o‘yinlarni omadsiz o‘tkazdi - gol urolmagani yetmaganidek, 2 marta sariq kartochka oldi. Liga kubogiga kelsak, Morelos bu turnirda birgina «Danfermlayn» darvozasini ishg‘ol qildi. U shuningdek, YEL guruh bosqichi doirasida «Rapid»ga qarshi kechgan uchrashuvda «dubl»ga erishdi.
• Morelos o‘tgan yili yozda «Bordo» va Kiyev «Dinamo»si nazariga tushgandi. Yanvar oyidagi transferlar bozorida esa «Nissa» kolumbiyalik yigit uchun «Reynjers»ga 9 million yevro taklif qildi, ammo glazgoliklar ko‘nishmadi. Ular yosh va istiqbolli to‘purar transferidan ancha ko‘p olishni ko‘zlashmoqda. Germaniyaning transfermarkt.de (!!!) sayti esa hozircha narxni oshirayotgani yo‘q - 3 million yevro. Darvoqe, Morelos va klub o‘rtasidagi shartnoma 2023 yilning yozigacha mo‘ljallangan.
• Tahlilchilar Morelosning o‘yiniga baho berishar ekan, uning tajovuzkor harakatga moyilligini ham tilga olishyapti. Umumiy xolosaga ko‘ra, ortiqcha qiziqqonlik uning o‘sishi va yuqori saviyaga chiqishiga xalaqit berishi mumkin. «Ha, har bir futbolchi maydonda o‘zini himoya qilishi kerak, ammo Alfredoning xatti-harakati g‘azabga yo‘g‘rilgan. Bu yosh hujumchining yagona kamchiligi va katta minus. Ko‘ryapmizki, Morelos o‘yinning har qanday lahzasida quyushqondan chiqib ketishi mumkin. Oqibatda ko‘z o‘ngida qizil kartochka ko‘tarib turgan hakamni ko‘radi. Ochig‘i, bu ahmoqlik. Agar mana shu kamchiligi yo‘qotsa, transferi bemalol 15-20 million funtga tortardi, zero, iqtidori bor, xarakteri esa...» - «Reynjers»ning sobiq futbolchisi Charli Adam kolumbiyalik hujumchini shu ma’noda o‘zgarishga undamoqda.
• Morelos mahsuldorlik bobida o‘zining eng yaxshi mavsumini o‘tkazmoqda, garchi chempionat doirasidagi 4ta o‘yinni majburan ertaroq yakunlagan bo‘lsada. U avvalgi mavsum «Reynjers» safida 35 marta maydonga tushib, «Gol Q pas» tizimi bo‘yicha 20 ball to‘plagandi (14ta gol va 6ta samarali uzatma). Finlyandiyaning XIK klubida esa ikki mavsumda 11ta va 16ta gol hosil qilgan. • Qiziq «qizil»ga oshufta futbolchining o‘zi shaxsiy statistikasini maydondagi tajovuzkorligi buzayotganiga qanday qaraydi? «Tabiatan o‘ta qiziqqon va ehtirosliman. Ayniqsa, maydonda. Hamisha kuchli ko‘rinishni yoqtiraman. Deylik, har qanday vaziyatda ham, to‘pni kuch bilan yo‘naltirishni xush ko‘raman. Umuman, havodagi yakkakurashlar, to‘qnashuvlar - jonu dilim. Yana raqib himoyasini butunlay buzib yuborishni istayman. Meni hech kim cho‘chitolmaydi, axir xarakterim shunaqa. Boshqacha o‘ynolmayman, har doim jamoam uchun borimni beraman. Oddiy aytganda, o‘z jamoam uchun oxirigacha kurashaman. To‘g‘risi, hech qachon o‘zimni o‘zgartirolmasam kerak». Ko‘rinib turibdiki, Morelos ko‘p qizil kartochka olayotganida o‘zini uncha aybdor sanayotgani yo‘q.
• Morelosning aytishicha, u oilasi uchungina futbolni tanlagan va faqat yaqinlari uchun o‘ynaydi. Alfredo bir safar onasi va otasi uning o‘yinini tomosha qila turib, har doim ko‘z yoshi to‘kishlarini aytgandi. Umuman, u yaqinlariga g‘amxo‘rlik qilishni qarz, deb biladi. Futbolchining ichki kechinmalari ayniqsa, singlisi vafotidan keyin mutlaqo o‘zgargan. U shundan buyon yaqinlarini o‘zgacha qadrlaydi, ularni himoya qilishda hech narsadan tap tortmaydi. Ehztimolki, maydondagi xatti-harakati shu niyatiga chambarchas bog‘liqdir...
Ma’lumot uchun
Alfredo Xose MORELOS Aviles
Klubi |
«Glazgo Reynjers» |
O‘yinchilik raqamii |
20 |
Terma jamoasi |
Kolumbiya |
Terma jamoadagi Raqami |
7 |
Tug‘ilgan sanasi |
1996 yil iyun (22 yosh) |
Tug‘ilgan manzili |
Sereti (Kolumbiya) |
Pozisiya bo‘yicha |
Hujumchi |
«Ishchi» oyog‘i |
Chap |
Shartnomasi muddati |
2023 yil 31 may |
Bo‘yi |
177 sm. |
Vazni |
79 kg. |
Jamoa |
Turnir |
O‘ |
Gol |
«Pas» |
Daqiqa |
Sar. kar. |
qiz. kar. |
Shotlandiya |
27 |
17 |
4 |
2094 |
8 |
4 |
|
O‘rtoqlik o‘yinlari |
2 |
0 |
0 |
49 |
0 |
0 |
|
Shotlandiya kubogi-2018|2019 |
3 |
4 |
0 |
270 |
2 |
0 |
|
13 |
4 |
2 |
1101 |
3 |
1 |
||
Shotlandiya Liga kubogi-2018 |
2 |
1 |
0 |
129 |
1 |
0
|