Mamalakatimizda futbol infratuzilmasini yanada takomillashtirish, bolalar futboliga e’tiborni kuchaytirish, barcha qulayliklarga ega stadionlar qurish, mavjudlarini jahon talablariga javob beradigan darajada mukammal ta’mirlash, shuningdek, futbolni yanada ommalashtirish maqsadida O‘zbekiston futbol assosiasiyasi tomonidan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston futbol assosiasiyasining “Futbolni rivojlantirish departamenti” direktori Djalimov Ongarbay hamda departament bosh mutaxassisi Otabek Kenjayevlar Niderlandiya futbol federasiyasining tajribasi, Sog‘liqni saqlash va sport vazirligi faoliyati, hukumat tomonidan ishlab chiqilayotgan futbolga oid normativ-me’yoriy hujjatlarni o‘rganish maqsadida Niderlandiya Qirolligida xizmat safarida bo‘lib turishibdi.
Mazkur tashrif 2019 yil 21 aprel sanasiga qadar davom etib, tashrif kun tartibida juda ko‘plab masalalarga oydinlik kiritilishi rejalashtirilgan. Xususan, Niderlandiya Sog‘liqni saqlash va sport vazirligining bosh maslahatchisi
Yalanda Barend, “Xillegom” futbol klubi boshqaruvchisi Yan Van Den Xof, mahalliy hokimiyat vakillari, WVHEDW xususiy futbol maktabi direktori Romeo Lensa, Niderlandiya futbol federasiyasining vakili Yoxan Van Geyjn, “Greenfields” kompaniyasining (futbol maydonlari quruvchi tashkilot) boshqaruvchisi Mark GanzeBum, “Ayaks” futbol klubi akademiyasining bosh murabbiylari va soha mutaxassilari bilan uchrashuv belgilangan.
Rejaga asosan dastavval, Niderlandiya Sog‘liqni saqlash va sport vazirligining bosh maslahatchisi Yalanda Barend, mahalliy hokimiyat vakili Gerrit Kleyxig hamda WVHEDW xususiy futbol maktabi direktori Romeo Lensa bilan muzokaralar o‘tkazilib, mamlakat futboliga qaratilayotgan e’tiborda vazirlik va hokimiyatning tutgan o‘rni, shuningdek, mamlakat tomonidan futbolga doir ishlab chiqilgan me’yoriy hujjatlar, yillik ajratilayotgan mablag‘lar, daromad va xarajatlar, sohaga oid hujjatlar to‘g‘risida muzokaralar o‘tkazildi.
Bundan tashqari, tashkilotchilar WVHEDW xususiy futbol maktabi faoliyati, infrastrukturasi, futbolchilarni bosqichma bosqich tayyorlash dasturi, murabbiylar malakasi yuzasidan ma’lumot berib o‘tishdi. Seminar yakunida xususiy futbol maktabi faoliyatiga mahalliy hokimiyat, Sog‘liqni saqlash va sport vazirligi hamda futbol federasiyasi tomonidan qaratilayotgan e’tibor to‘g‘risida ham oydinlik kiritildi. Ma’lumot tariqasida WVHEDW xususiy futbol maktabida 1700 nafar yosh futbolchilar mashg‘ulot olib borishlarini ta’kidlab o‘tish joiz.
Izlanishlar jarayoni bir muncha qiziqarlik va hayratga soluvchi ma’lumotlar boy tarzda o‘tmoqda. Seminarning birinchi kunida tashrif buyurgan mutaxassislarga O‘zbekiston futbol assosiasiyasi nomidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
18 aprel sanasida vakillarimiz Niderlandiya futbol federasiyasiga tashrif buyurishlari rejalashtirilgan bo‘lib, unda federasiyasi mutaxassislari va “Greenfields” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv belgilangan.