Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashabbusi bilan yurtimizda yoshlarni erta davrdan boshlab ularning fiziologik va psixologik imkoniyatlaridan kelib chiqib sport turlariga yo‘naltirish, sportchilarni tanlab olish va baholash bo‘yicha ishonchli tizimni joriy etish, qolaversa, sportni fan sifatida o‘rganish tizimini yaratishga imkon beruvchi Sport reabilitasiya markazi faoliyati yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Vazirlik tomonidan bu borada rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribalari tahlil qilinib, sohaga xorijiy investisiyalarni jalb etish imkoniyatlari o‘rganildi.
Shu yilning fevral oyida ishchi tashrif bilan Xitoyda bo‘lgan vazirlik delegasiyasiO‘zbekistonda Sport reabilitasiya markazini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazib, xitoylik mutaxassislar tomonidan yurtimizda mavjud sharoit va imkoniyatlar o‘rganildi. Ikkala tomon ushbu markazni tashkil etish bo‘yicha hamkorlikda loyiha ishlab chiqishdi.
Kecha, 26 aprel kuni Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga Xitoy Xalq Respublikasining “AVIC INTL” kompaniyasi direktori o‘rinbosari Qin Vei boshchiligidagi delegasiya bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Sport reabilitasiya markazini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Xorijiy loyiha injenering kompaniyasi vakillari Sport reabilitasiya markazi vazifalari va imkoniyatlari haqida vazirlik mas’ullariga taqdimot o‘tkazishdi.
Xalqaro talablarga javob beradigan ushbu markazning tashkil etilishi yoshlarni erta davrdan boshlab ularning fiziologik va psixologik imkoniyatlaridan kelib chiqib sport turlariga yo‘naltirish, sportchilarni tanlab olish va baholash bo‘yicha ishonchli tizim yaratish imkonini beradi. Bu esa o‘z navbatida sportdagi natijalarimizning sezilarli darajada yaxshilashga xizmat qiladi.
Bundan tashqari Markazda jarohat olgan sportchilarimizning qayta tiklanishlari uchun jahon talablariga javob beradigan sharoitlar yaratiladi.
Tadbirda shuningdek, markaz joylashadigan hudud masalasi ham muhokama qilinib, taklif etilgan inshootlar orasidan Chirchiq shahrida joylashgan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hududi ancha qulay ekanligi ta’kidlandi.
Respublikaning to‘rtta hududida Markaz filiallarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev mehmonlarga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirar ekan, shunday dedi:
“Shu kabi markaz faoliyati bilan yurtingizga qilgan xizmat safarimiz davomida tanishib, o‘zimizda ham shunday zamonaviy markaz faoliyatini tashkil qilishni rejalashtirgan edik. Qisqa davrda ushbu yo‘nalishdagi ishlarimizda amaliy harakatlar boshlangani ham o‘zaro ishonchli hamkorlikning yaqqol ifodasi deb bilamiz. Yangi markaz faoliyatini tez va samarali yo‘lga qo‘yish uchun barcha imkoniyatni ishga solamiz”.
Markaz tashkil etilishi bir necha bosqichda amalga oshirilib, dastlab sport reabilitasiya, jismoniy tayyorgarlik, ommaviy salomatlikni nazorat qilish, yosh iqtidorlarni seleksiya qilish markazlari va o‘quv platformasi auditoriyasi yaratiladi.
Keyingi bosqichlarda esa sportni fan sohasida rivojlantirishga qaratilgan bir qancha laboratoriyalar va ixtisoslashgan markazlarni tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, markazda sportchilarning jismoniy va ruhiy holatini doimiy monitoring qiladigan tizim yo‘lga qo‘yilib, ularni musobaqalarga tez va sifatli tayyorlashga yordam ko‘rsatiladi.
Ma’lumot uchun, “AVIC INTL” kompaniyasi 1979 yilda tashkil etilib, dunyodagi eng yirik 500 ta kompaniyalardan biri hisoblanadi. 65 ta davlatda 148 vakolatxonasi bo‘lgan kompaniyaning bir yillik mablag‘ aylanmasi 25 mlrd AQSH dollarini tashkil etadi.