Kirish Ro'yxatdan o'tish
30/11 00:45 Kalyari 1-0 Verona
30/11 01:00 Brayton 1-1 Sautgempton
30/11 01:00 Malyorka 2-1 Valensiya
30/11 18:00 Barselona - Las-Palmas
30/11 19:00 Komo - Monsa
30/11 20:00 Brentford - Lester
30/11 20:00 Kristal Pelas - Nyukasl
30/11 20:00 Nottingem Forest - Ipsvich
30/11 20:00 Vulverhempton - Bornmut
30/11 20:15 Alaves - Leganes
30/11 22:00 Milan - Empoli
30/11 22:30 Vest Xem - Arsenal
30/11 22:30 Espanyol - Selta
01/12 00:45 Bolonya - Venetsiya
01/12 01:00 Valyadolid - Atletiko

Topqirligingga tasanno, «Ayaks»!

Topqirligingga tasanno, «Ayaks»!

Baho:
+ | -

Muddatidan avval «yil kashfiyoti»dek sharafli unvonni naqd qilgan nomdor klub yana bir ibratli tadbiri bilan hammani lol qoldirdi.

Ya’ni, atigi 30 soniya davom etadigan rolik yordamida klub qaroridan «tepa sochlari tikka» bo‘lgan darg‘azab muxlislarni asossiz kuduratdan forig‘ etdi.

Avvalgi yoz faslining so‘nggi kunlarida «Ayaks» o‘z sport direktori Mark Overmars ishtirokidagi rolik bilan maqtangandi. Unda transfer darchasining qizg‘in pallasida horg‘in Mark stol chetidagi telefonga istar-istamas yaqinlashgani va «Barselona», «Manchester Siti», «Tottenxem», «Borussiya D», «Roma» «PSJ» kabi grandlardan kelgan qo‘ng‘iroq hamda «SMS»larni javobsiz qoldirgani va mamnun holda uyga yo‘l olgani tasvirlangandi. Mazkur rolik orqali jamoa joriy mavsumdagi rejalarini o‘ta nafis uslubda bayon etgandi: tarkibni to‘laligicha saqlab qolish va YECHLda munosib ishtirok etish.

Reja kutilganidan ham ziyoda tarz­da uddalanganligiga barchamiz guvoh bo‘ldik: «Ayaks» yarim finalga yetib keldi. Bu yo‘lda qanchalik jiddiy raqiblar qarshiligini sindira olganidan xulosa chiqaradigan bo‘lsak, uning finalga chiqishi hech kimni ajablantirmasa kerak. Mo‘’jiza maqomidagi muvaffaqiyatning qayd etilishida «Ayaks» nufuzli turnirning «pley-off» bosqichida kutilmagan mehmon bo‘lganligi alohida o‘rin tutadi - unga yetarli e’tibor bermagan grandlar g‘aflatda qolishdi. Klub mutasaddilarining mukammal strategiyasi o‘zini oqladi. Avvalgi mavsumda boshqa jamoalarga o‘tib ketishi mumkin bo‘lgan futbolchilar Amsterdamni tark etishmadi va endi bir necha barobar ko‘proq daromad keltirishlariga shubha yo‘q. Lekin mavsum yakunlangach jamoa bir qator yetakchilaridan judo bo‘lishi ham aniq. Xususan, Frenki de Yongni «Barselona»ga sotib ulgurishdi, qolganlar uning ortidan «uchirma» bo‘lishadi. Shu bois, hozirda Mark Overmars yetakchiligidagi mutaxassislar o‘ta tig‘iz pallani boshdan kechirishmoqda: butun diqqat-e’tibor «Ayaks»ni yorqin kelajak bilan ta’minlashga qaratilgan. Bu borada 3ta transfer amalga oshirildi.

Avvaliga amsterdamliklar 12,5 mln. yevro evaziga «Standard» klubi va Ruminiya terma jamoasi yarim himoyachisi Rezvan Marinni o‘z saflariga qo‘shib olishdi. Futbolchi bir oydan keyin 23 yoshga to‘ladi. Darvoqe, bundan ikki yil avval Mircha Luchesku bu futbolchini «Zenit»ga olmoqchi bo‘lgandi. Biroq piterliklar bosh murabbiy xohishini ro‘yobga chiqarish uchun 3 mln. yevrodan ortiq bera olmasliklarini ma’lum qilishgandi.

«Ayaks»ning ikkinchi xaridi «Xerenven»ning 18 yoshli markaziy himoyachisi Kik Piri bo‘ldi. Jamoa bu transferga 5 mln. sarfladi. Marin de Yong o‘rnini, Kik Piri esa «Ayaks»ni tark etishi kutilayotgan Mateys de Ligt o‘rnini to‘ldirishi taxmin qilinmoqda.

Jamoaning uchinchi xaridi bo‘lmish 19 yoshli darvozabon Kel Sherpenning transferi qiziqarli tarixga ega. Yaqin kelajakda u «Ayaks»ning joriy mavsumdagi parvoziga ulkan hissa qo‘shgan Andre Onana o‘rnini egallaydi.

Sherpen ikki debyutant jamoadoshidan nafaqat o‘ta baland bo‘yi (204 sm.), balki «Ayaks» sha’niga yo‘llagan betavfiq iboralari bilan farq qiladi.

Bir paytlari u «Tvitter» orqali «Feyenoord»ning ashaddiy muxlisi ekanligini ma’lum qilib, Amsterdam jamoasini kurakda turmaydigan iboralar bilan haqorat qilganligini «Ayaks» muxlislari ijtimoiy tarmoqlardan qidirib topishdi. Natijada Kel hali maydonga tushishga ulgurmay turib kuchli norozilikka duch keldi. Mojaro kun sayin jiddiy ko‘rinish olib, muxlislar klub mutassaddilaridan darvozabon transferini bekor qilinishini talab qila boshladilar.

Rahbariyat Onananing munosib nomzodidan osonlikcha voz kecha olmasligi aniq, ammo jamoaga sadoqati bilan dong taratgan muxlislarning haqli e’tirozlari bilan hisoblashmaslikning iloji yo‘q. Sherpenning qilmishini oqlash uchun esa atigi bittagina omil bor - ijtimoiy tarmoqni bo‘lmag‘ur e’tiroflar bilan to‘ldirgan paytida Kel 11 yoshli bolakay edi. U hozir ham yosh bola. Lekin biroz ulg‘aygan. Xullas, «Ayaks» mutasaddilari murakkab vaziyatdan «portlash»larsiz chiqib ketish yo‘lini axtarishdi va ajoyib topqirlikni namoyish etishdi.

Nima qilishni bilmay qolsang - rolik yarat! Zarurat tufayli dunyoga kelgan videolavhada Edvin van der Sar ( «Ayaks» bosh direktori) va Mark Overmars (sport direktori)dek talabchan ustozlar Kel Sherpendek boqibeg‘am shogirdlarini partaga o‘tqazib, bor-yo‘g‘i bittagina iborani holdan toyib qolguncha qog‘ozga tushirishga majbur etishmoqda: «Ayaks» - Gollandiyaning tengsiz klubi!» Darvozabon qarshisida ulkan qog‘oz uyumi bitta varaq to‘lsa, ikkinchisini to‘ldirishga kirishadi... Lavha oxirida van der Sar o‘ta jiddiylik bilan stolga mushtlab, buyuradi: «Yana 100 varaq!» Mazkur harakati bilan Edvin Sherpen bolaligidagi gunohini yuva boshlaganiga ishora qilgandi. Lavha ostidagi titrda quyidagi so‘zlar bitilgan: «Kel, Gollandiyaning teng­siz klubiga xush kelibsan!»

Ushbu videoqutlov orqali «Ayaks» o‘z maqsadi yo‘lidagi nishonning qoq markaziga urdi: endi Sherpenni muxlislar yoshlikdagi beboshligi bilan emas, balki biroz qo‘pol va g‘ayritabiiy yo‘l bilan bo‘lsada jamoa nufuzini anglab yetgan mohir posbon sifatida qabul qiladilar. O‘z vaqtida Bart Simp­son doskaga yuzlab epik iboralarni bitgan, Garri Potter esa maxsus pero bilan hech qachon yolg‘on so‘zlamasligini yozgandi. Kel Sherpen ham o‘z «ijodi» bilan ular yonidan joy oldi. Qaysi jamoa Gollandiyaning eng sara klubi ekanligini futbolchi bir umr unutmasligiga aslo shubha yo‘q.

Jamoatchilik fikrini inobatga olish borasida «Ayaks»ga tenglasha oladigan jamoaning yo‘qligi ham ayni haqiqat. Boshqa jamoalar muxlislar munosabatiga bepisandlik bilan qarashadi, ayrim mojaroli jihatlarga e’tibor berishmaydi. «Ayaks» esa jamoa bilan muxlislar o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kelishmovchilikka barham berdi. Tabiiyki, ishqibozlar biror-bir sababsiz e’tiroz bildirishmaydi va tegishli choralar ko‘rishni talab qilishadi. Ammo ko‘p hollarda arzlarini eshitishgani bilan kifoyalanishadi. «Ayaks» esa takabburlikni bir chetga surib, muxlislar tomonidan fosh etilgan Kelning aybini inkor etish yoki xabarlar dasturidagi bir qator raddiya bilan javob qaytarishni istamadi. U klubning bosh va sport direktorlari, shuningdek, tadbirning asosiy sababchisi bo‘lmish debyutantni bir yerga jamladi. Shu tariqa yuqorida zikr etilgan tom ma’nodagi betakror rolik dunyoga keldi. Topqirligingga tasanno, «Ayaks»!

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 14:39, 08.05.2019.
O'qildi: 6821 marta.
Fikrlar: 5 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.