Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton 2-0 Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

Kuchli beshlik: kimdir yetti maqsadga, kimdir esa yo‘q

Kuchli beshlik: kimdir yetti maqsadga, kimdir esa yo‘q

Baho:
+ | -
Bo'lim: YEVROPA
Rukn: Yangiliklar

Ha, VAQT izmiga bo‘ysungan holda top-chempionatlar ham marra sari tobora yaqinlashmoqda. Ayrim masalalar hal bo‘lib ulgurdi, lekin intrigaga yuksak harorat bag‘ishlayotgan jihatlar ham yo‘q emas.

Jumladan, APLda bosh sovrin masalasi so‘nggi turga olib qo‘yildi.

ANGLIYA. TO‘RTLIK ANIQ, CHEMPION ESA...

37-tur natijalaridan keyin APLning yetakchi kvarteti ta’qibchilar yeta olmaydigan marraga ko‘tarilib oldi. Jumladan, g‘oliblikka da’vogarlik qilayotgan juftlik ochko yo‘qotmaslik vazifasini uddalashdi va o‘z muxlislarini «parda» tushiriladigan kunda xursand qilishga va’da berishdi. YECHL yo‘llanmalarining sohiblari esa deyarli ma’lum bo‘ldi.

Uzoq vaqt davomida uchinchi pog‘onani band etib kelgan «Tottenxem» Bornmutda o‘z o‘yinchilarining «xo‘roz»lik xislati tufayli alamli mag‘lubiyatni (0:1) tan oldi. Avvaliga Son Xyon Min raqibning ikki nafar o‘yinchisi bilan janjallashgani uchun hakamning qizil kartochkasiga munosib ko‘rildi. Tanaffusdan keyin esa zaxiradan maydonga tushirilgan Xuan Foyt Natan Akening tizzasiga tepgani uchun o‘yindan chetlatildi.

Oqibatda Pochettino shogirdlari bellashuvni 9 kishi bo‘lib yakunlashdi. Bunday vaziyatda safardan mag‘lubiyatsiz qaytishning o‘zi qahramonlik bo‘lardi. Biroq qo‘shimcha vaqtning ilk daqiqasida «Bornmut» raqib darvozasini zabt etdi. Golni Ake (tepkiga javob) amalga oshirgani e’tiborga loyiq.

Shu kuni «Nyukasl» mehmoni bo‘lgan «Liverpul» mezbonlarning jiddiy qarshiligiga qaramasdan kerakli natijaga erisha oldi. O‘ta murosasiz o‘tgan bahsda Klopp shogirdlari chinakam qat’iyat ko‘rsatishdi. Biroq mezbonlar ham o‘z an’analariga xos tarzda to‘p surib, so‘nggi soniyalarga qadar raqib murabbiyi va muxlislarini hayajonda ushlab turishdi.

Ammo Origining g‘alaba to‘pidan keyin javob qaytarishga ulgurishmadi. «Qizillar» uchun eng achinarli holat 73-daqiqada yuz berdi - jamoasini oldinga olib chiqishga uringan tinib-tinchimas Muhammad Saloh raqib himoyachisi va darvozabon bilan to‘qnashish oqibatida jarohat olib, maydonni tark etdi. Lekin misrlik to‘purar o‘yindan so‘ng avtobusga mustaqil ravishda yurib chiqish orqali muxlislari ko‘nglida umid uyg‘otdi.

«Tottenxem»ning eng yaqin ta’qibchisi bo‘lmish «Chelsi» Londonda «Uotford» darvozasiga javobsiz 3ta gol urib, «shporlar» o‘rnini egalladi. Izzattalab mehmonlar tanaffusga qadar tengma-teng to‘p surishgan bo‘lsada, ikkinchi bo‘limda «ko‘klar» YECHL yo‘llanmasini naqd qilishdi.

Aynan shu nufuzli yo‘llanma uchun kurashayotgan «Arsenal» va «MYU» esa «Tottenxem»ning omadsizligidan unumli foydalana olmadilar. «Brayton» bilan o‘z maydonida durangga (1:1) imzo chekkan «to‘pchilar» endi faqat YEL g‘olibi sifatida YECHLda to‘p surishlari mumkin. So‘nggi o‘rindagi «Xaddersfild»ni yenga olmagan (1:1) «MYU» esa keyingi mavsum YEL bilan kifoyalanishga majbur.

ISPANIYA. «KON»da FAQAT BITTA YO‘LLANMA

La Liganing yakunlovchi ikki turida YECHLning to‘rtinchi yo‘llanmasi uchun ayovsiz kurash kechadigan bo‘ldi. Boisi, «Sevilya» kutilmaganda o‘z maydonida «Leganes»ning 3ta javobsiz goli tufayli 3 ochkodan mahrum bo‘ldi, «Xetafe» o‘z uyida «Jirona»dan (2:0), «Valensiya» esa safarda «Ueska»dan (6:2) ustun kelishdi.

Oqibatda 4-o‘rin sohibi nafaqat to‘plar nisbati, balki ochkolar bo‘yicha ham o‘z mavqeini mustahkamlab oldi. Endi sevilyalik hamda valensiyalik muxlislar nafaqat suyukli jamoalari, balki «Xetafe»ni qabul qiladigan chempionni ham qo‘llab-quvvatlashlari talab etiladi.

Chunki keyingi turda «Xetafe» «Kamp-Nou»da mehmon bo‘ladi. Nima bo‘lganda ham, Ispaniya chempionatidagi intrigani mana shu jamoalar ishtirokidagi bellashuvlar ta’minlaydigan bo‘ldi.

GERMANIYA. BREMENdan «BAVARIYA»ga OROMBAXSH EPKIN

Bundesliganing hisobot turidan keyin myunxenlik muxlislar biroz yengil tin olishgani aniq. Chunki chempion anchadan beri o‘z ta’qibchisidan uzoqlasha olmayotgandi. Nihoyat, «Bavariya» «Alyans-Arena»da «Gannover»ni osonlikcha (3:1) mahv etdi, Robert Levandovski o‘z gollari sonini 22taga yetkazib oldi. 4 may oqshomida aksariyat muxlislar nigohlarini Bremenga qaratishdi.

Bu yerda mahalliy «Verder» Dortmundning «Borussiya»sini qabul qilib, jangovar (2:2) durangga imzo chekdi. Qizig‘i shundaki, mehmonlar faqat g‘alaba uchun maydonga tushganliklarini faolliklari bilan isbotlashgan va tanaffusga ikki to‘p ustunligida yo‘l olishgandi. Ammo muhim 3 ochkoni beradigan hisobni saqlab qola olishmadi, 5 daqiqa ichida 2ta gol o‘tkazib yuborishdi.

E’tiborlisi, dortmundliklarni muhim ochkolardan mahrum etgan golni Klaudio Pisarro amalga oshirdi. O‘z vaqtida «Bavariya» sharafini himoya qilgan 40 yoshli futbolchi shu tariqa Myunxenga orombaxsh shabadani sovg‘a qilgan bo‘lsa, ajabmas.

Uchinchi o‘rinda borayotgan «RB Leypsig» ham Maynsda ochko yo‘qotgani (3:3) bois, «Borussiya D» bilan o‘rtadagi farq o‘zgarishsiz qoldi. Endi dortmundliklar va ularning tarafdorlari keyingi turda aynan «Leypsig» tomonida bo‘lishlariga shubha yo‘q - 11 may oqshomida Leypsigga tashrif buyuradigan peshqadam g‘alabaga erisha olmasa, intriga saqlanib qoladi. Aks holda... «Bavariya» qatorasiga yettinchi marta «kumush tovoq» sohibiga aylanadi.

ITALIYA. «ATALANTA» O‘ZINI KO‘RSATMOQDA

Yodingizda bo‘lsa, ikkinchi davra startida ko‘pchilik mutaxassislar «A» seriya grandlarini «Atalanta»ga jiddiy e’tibor qaratishga da’vat etishgan, bu jamoa esa vaqti-vaqti bilan shov-shuvli natijalar ko‘rsatishda davom etayotgandi.

Rimda «Lasio»ni ishonchli tarzda (3:1) mahv etgan «Atalanta» sovrindor uchlikka yaqinlashib oldi. Mezbonlar esa hatto YEL hududidan ham chiqib ketishdi. Qizig‘i shundaki, 3-daqiqada oldinga chiqib olgan jamoa keyinchalik uch marta o‘z darvozasidan to‘p olib chiqdi. Sapata esa to‘purarlar bahsida Pentekka yetib oldi.

Udinega safar qilgan «Inter» mahalliy «Udineze» bilan sulh (0:0) imzolashga majbur bo‘ldi.

O‘z maydonida «Bolonya»dan 3 ochkoni tortib olgan «Milan» 6-o‘rin bilan kifoyalanishga majbur. Chunki «Roma» Genuyada «Jenoa» bilan ochkolarni bo‘lishib oldi (1:1). Aniqrog‘i, omad tufayli mag‘lubiyatdan qutulib qoldi - qo‘shimcha vaqtning ilk daqiqasida muvozanatni tiklagan maydon egalari so‘nggi soniyalarda penaltini golga aylantira olishmadi.

Muddatidan avval Skudettoni naqd qilgan «Yuventus» Turin derbisida «Torino» bilan jangovar durangga (1:1) rozi bo‘ldi. Vaholanki, chempion 84-daqiqaga qadar hisobda ortda qolayotgandi. Ronalduning boshi «Keksa sinyora»ni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.

Turning oxirgi qarama-qarshiligida «Napoli» «Kalyari» ustidan o‘ta qiyin g‘alabaga (2:1) erishib, kumush medallarni naqd qildi. Avvaliga maydon egalari Mertensning 85-daqiqadagi goli bilan muvozanatni tiklashdi, qo‘shimcha vaqtning so‘nggi daqiqasida esa penalti evaziga o‘yin taqdirini o‘z foydalariga hal etishdi.

FRANSIYA. «PSJ»ning «QORA» HAFTASI

Navbatdagi chempionlikdan keyin poytaxt klubi mavsum yakunini xotirjamlik bilan kutishga haqli edi. Ammo so‘nggi paytlarda jamoa noxush voqealar girdobida qoldi. «Nissa»ga qarshi 35-tur bellashuvi arafasida Fransiya futbol federasiyasi Kilian Mbappeni 3ta o‘yinga diskvalifikasiya qildi.

Yosh iqtidor sohibi mamlakat kubogi uchun kechgan final uchrashuvidagi fe’l-atvori uchun shunday jazoga loyiq ko‘rildi. Bundan tashqari, intizom qo‘mitasi o‘sha uchrashuvda muxlisga qo‘l ko‘targan Neymarga qarshi ish boshladi. Braziliyalik hujumchi ham mavsumni barvaqt yakunlashga yaqin turibdi.

«Nissa»ga qarshi uy uchrashuvini chempion muvaffaqiyatli o‘tkaza olmadi. Vaholanki, jamoa 2 marta penalti tepish huquqini qo‘lga kiritgan. Ammo Neymar 60-daqiqadagi aniq zarbasi bilan mehmonlar vakili Ganago goliga javob qaytargan bo‘lsa, qo‘shimcha vaqtda Kavani 11 metrli jarima zarbasidan unumli foydalana olmadi. Tabiiyki, parijlik muxlislarni durang natija qoniqtirmasdi.

Boshqa uchrashuvlar xususida to‘xtaladigan bo‘lsak, sovrindorlar safiga intilayotgan «Sent-Etyen» Monakodan muhim 3 ochkoni tortib olishga erishdi (3:2) va yetakchi to‘rtlikdagi mavqeini mustahkamlab oldi. Knyazlik klubi esa aksincha, autsayderlardan uzoqlasha olmadi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarda borayotgan «Lion» - «Lill» qarama-qarshiligi chinakam jangovar durang (2:2) bilan nihoyasiga yetdi.

Turnir jadvalidagi yana bir qo‘shnilar - «Reyms» va «Nim» klublari o‘rtasidagi bellashuv kutilmaganda mehmonlarning yirik (3:0) g‘alabalari bilan yakun topdi. Shu tariqa yevrokuboklar hududi uchun kurash yanada keskinlashdi.

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 11:55, 11.05.2019.
O'qildi: 2630 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.