Ozarbayjonning Boku shahrida paradzyudo bo‘yicha Gran-pri seriyasiga kiruvchi musobaqa o‘z yakuniga yetdi. Turnirning ikkinchi kun dasturida og‘ir vaznli sportchilar bahs olib borishdi.
Quvonarlisi, ushbu kun dasturida tatamiga chiqqan dzyudochilarimiz 2 ta oltin va 1 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdilar. Yigitlarimizdan eng og‘ir vaznda Shirin Sharipov (+100 kg) hamda qizlarimizdan Nafisa Sheripbayeva (-63 kg) barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, Vasila Aliboyeva (-70 kg) bronza medali uchun kechgan bellashuvda ustun kelib, terma jamoamiz hisobiga yana bir medalni taqdim qildi.
Shu tariqa musobaqada 4 ta oltin va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Ta’kidlash joiz, mazkur musobaqa orqali vakillarimiz Tokio Paralimpiya o‘yinlari uchun ham yirik reyting ochkolarini jamg‘arishga muvaffaq bo‘lishdi.