Sport arbitraj sudining (CAS ADD) Dopingga qarshi kurash bo‘limi O‘zbekiston vakili Ruslan Nuriddinovni 2012 yilgi London Olimpiadasida og‘ir atletika bo‘yicha musobaqalarda antidoping qoidalarini buzganlikda aybdor deb topdi. Bu haqda Worldnews.uz xabar bermoqda.
Xalqaro og‘ir atletika federasiyasi (IWF) dekabr oyida Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) tomonidan sportchilarning doping namunalari qayta tekshirilganidan so‘ng Nuriddinov chetlashtirilgani to‘g‘risida xabar qildi. Xabarda ta’kidlanishicha, Nuriddinovning tahlil namunasida degidroxlormetiltestosteron aniqlangan.
Aprel oyida XOQ ishni CAS’ning dopingga qarshi kurashish bo‘limiga ko‘rib chiqish uchun topshirdi. Ishni ko‘rib chiqqan mutaxassis sportchi antidoping qoidalarini buzgan, degan xulosa keldi hamda uning Londondagi o‘yinlarda qayd etgan natijasini bekor qildi. Qayd etilishicha, ish keyingi surishtiruvni amalga oshirish uchun IWF’ga beriladi.
Nuriddinov London Olimpiadasida 105 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Rio-de-Janeyrodagi o‘yinlarda u oltin medalni qo‘lga kiritdi.