Millionlar o‘yinida futbolchilarning boshqa bir jamoaga ijaraga berilishi odat tusini olgan. Shu tariqa o‘sha futbolchiga ko‘proq o‘yin amaliyoti taqdim etish imkoni tug‘iladi.
Bundan kimdir unumli foydalanadi, kimdir esa yo‘q. So‘nggi mavsumlarni asosan ijara asosida boshqa klublarda o‘tkazayotgan Andrey Sidorov ayni payt «Buxoro»da to‘p surmoqda. Yaqinda ushbu hujumchini suhbatga chorlab, unga o‘zimizni qiziqtirgan savollar bilan murojaat etdik. Umuman olganda, yoshlar terma jamoasi safida Osiyo chempioni bo‘lgan futbolchi so‘nggi paytlarda barqarorlikka erisha olmayapti. Bu borada unga ketma-ket olingan jarohatlar pand bermoqda...
- Andrey, 2018 yil boshida Xitoyda o‘tkazilgan musobaqadan so‘ng ayrim jamoadoshlaringiz milliy terma a’zosiga aylanishdi. Sizga bu borada nima yetishmadi, deb o‘ylaysiz?
- Osiyo chempionatida o‘z darajamizdan yuqori o‘yin namoyish etdik. Shuning uchun ham jamoamizning asosiy qismi tez orada milliy termaga taklif etildi. Men ular uchun chin dildan quvondim. Ularning yutug‘i mening ham yutug‘imdir. Vaqti kelib bosh jamoadan o‘rin olishimga ishonaman.
- Ayni vaqtda holatingiz qanday, yashil maydonga qachon qaytish niyatingiz bor?
- Mavsum boshida ijara asosida «Buxoro»ga o‘tdim, ammo muhim bahslarda jamoaga yordam berolmadim. Muhimi, biz hali hech narsa yo‘qotmadik, asosiy o‘yinlar oldinda. Qishki yig‘inlar vaqtida ketma-ket jarohatlar bezovta qilaverdi. Boz ustiga, to‘qnashuv paytida o‘ng yelkam qattiq shikastlandi. Muvaffaqiyatli operasiyani boshdan kechirdim. Hozir hammasi yaxshi, sekin-asta mashg‘ulotlarni boshlayapman. Yaqinda umumiy guruh bilan shug‘ullanishni boshladim. Xudo xohlasa, tez orada maydonga qaytib, muxlislarni xursand qilaman.
- Turli jamoalarda ijarada o‘ynashdan zerikmadingizmi? Bu keyingi faoliyatingizga salbiy ta’sir o‘tkazmaydimi?
- O‘ylaymanki, bunday bo‘lmaydi. Zaxirada o‘tirgandan ko‘ra, ijarada bo‘lsa ham ko‘proq o‘yin amaliyotga ega bo‘lgan yaxshi. Futbol - shaxmat emas, uni o‘tirib o‘ynalmaydi, faqat yugurish kerak. Asosiysi, yana avvalgi sport formamga qaytsam, bas.
- Balki oldin o‘ynagan klublaringizda murabbiylar sizga imkon berishmagandir?
- Bu fikrga qo‘shilmayman. Qariyb barcha jamoalarimda hamma qatori menga ham ishonch bildirishdi. Masalan, o‘tgan yili «Qizilqum» va «Neftchi»da yomon o‘yin namoyish etmadim. Ozmi-ko‘pmi, jamoa g‘alabalariga hissa qo‘shdim. Lekin barchasi mening qo‘limda emas, agar o‘zimga bog‘liq bo‘lganida boshqa gap edi. Baxtiyor Ashurmatov jamoaga kelganida meni ham taklif qildi va bundan juda xursandman.
- Keling, endi Xitoydagi qahramonlikni yana bir bor eslasak. Ravshan Haydarov maydonga tushishingizdan oldin nima degandi?
- Uchrashuvning so‘nggi soniyalari o‘tib borayotgan vaqtda murabbiyimiz katta tavakkalga qo‘l urib, meni maydonga tushirdi. Bu eng oxirgi imkoniyat edi, ortga yo‘l yo‘q. O‘yinni penaltilar seriyasigacha olib borishni istamayotgandik. Chunki raqib finalgacha barcha jamoalarni «lotereya» orqali yutib kelgandi. Ravshan aka menga qanday holatda bo‘lishdan qat’iy nazar zarba yo‘llashimni tayinladi. Doston Hamdamov burchakdan to‘p tepayotganda shunchaki uni darvozaga to‘g‘rilab yubordim. Bu - chinakam omad.
- Vyetnam terma jamoasi uchrashuvni boshqa muddatga qoldirish taklifi bilan chiqqan ekan. Agar o‘yin qaytadan o‘tkazilganda nima bo‘lardi?
- Bahsning qoldirilishi bizning zararimizga ishlardi, chunki o‘yinni nazorat qilib borayotgandik. Mabodo, shunday bo‘lganda ham baribir chempionlik bizga nasib etardi (kuladi).
- 2022 yili bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati formati va jamoalari soni o‘zgarishsiz qoldi. Bu bizga qulaylik beradimi yoki aksincha?
- O‘zbekiston qanday sharoitda bo‘lishiga qaramay, mundialga borishi kerak va shart. Unda ham, bunda ham shu jamoalar bilan kurash olib boramiz. Ektor Kuper yuqori saviyali, jahon darajasidagi murabbiy hisoblanadi. Ishonchim komilki, biz albatta jahon chempionatiga boramiz.
- Lekin bu juda qiyin ish...
- Albatta, oson yumushning o‘zi yo‘q. Muxlislardan tortib futbolchilargacha baravar mehnat qilishsa, natija biz uchun ijobiy hal bo‘ladi.