Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Mojaro: "PSJ"ning "buzuq inomarka"si

Mojaro: "PSJ"ning "buzuq inomarka"si

Baho:
+ | -

Bir tanishim inomarkalarga juda qiziqardi. Yaqinda bir inomarka sotib oldi. Juda chiroyli, statistikalarini ko‘rsangiz, hayron qolasiz. U ham qiziqib xarid qildi. Talaygina pulga. Ammo oradan ma’lum vaqt o‘tgach, boyagi mashina hunar ko‘rsata boshladi. Goh u yog‘i buziladi, goh bu yog‘i. Epini qilolmadi. Mashinasi bir muddat turgach, sotishga qaror qildi. Endi bu yog‘i yana bir mojaro. O‘zi qimmatga sotib olgan emasmi, arzon sotishga ko‘zi qiymaydi. Ammo nailoj, zarariga bo‘lsa ham sotib, puliga "Neksiya" oldi, qolganini ishlatdi. Hozir ana shu arzonroq mashinasini muammosiz minib yuribdi. Anglagandirsiz, bugun futboldagi buzuq inomarka — Neymar haqida fikrlashamiz.

222 mln yevroga arzirmidi?

"PSJ" Neymarni 222 mln yevroga xarid qilganida hech kim "E, arzimaydi-ku bu, "PSJ" ahmoqlik qildi", demadi. To‘g‘ri, narx qimmatligi haqida gapirildi, ammo Neymarning xarid qilinishini ko‘pchilik Parij klubi uchun yutuq deb hisobladi. Jumladan, biz ham. 

Ushbu xaridning ijobiy tomonlari ko‘rina boshladi: "PSJ"ning aksiyalari narxi oshdi, futbolka savdosi, turli shartnomalar. Shu bilan birga, dastlab Neymar Fransiyada mo‘’jiza ko‘rsata boshladi. Raqiblarini turli fintlar bilan bolalarcha aldab ketganida "PSJ" muxlislari olqishlashar, Al-Xelaifi esa "Malades, uka, yashavor!" deb maqtardi. Lekin...

Injiqliklar, erkaliklar, jarohatlar...

Neymar "PSJ"ga kelgan zahoti gegemonlikka intildi. Bir tomondan bu tabiiy edi, chunki "Barselona"da ajoyib o‘yin ko‘rsatayotgan, La Ligada yetakchilardan biri bo‘lgan, dunyoning eng qimmat o‘yinchisiga aylangan va "PSJ" rahbariyati tomonidan alohida hurmat ko‘rsatilgan futbolchi bunga intilishi tayin edi. Lekin har bir joyning o‘z bo‘risi bor, deganlaridek, "PSJ" hujumchisi Kavani Neymarga osonlikcha bo‘y berishni istamadi. Murabbiy esa bu mojarolarni tinch yo‘l bilan hal qilishga qiynaldi. Kavani penaltini o‘zim tepaman dedi, Neymar men yetakchi bo‘laman, dedi, xullas, jamoada ichki muhit buzildi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, "PSJ" murabbiyi va rahbariyati Neymarning jamoada yagona gegemon bo‘lishiga sharoit yaratib berishmadi. Ya’ni Kavani va boshqa futbolchilarga "Neymar jamoada yetakchi, u nima desa, shu bo‘ladi!" deyishmadi. Bu to‘g‘ri edi, albatta. Chunki endigina jamoaga qo‘shilgan va hali kelajagi noma’lum bo‘lgan futbolchini deb butun jamoani izza qilish noto‘g‘ri edi. Neymar esa buni hazm qila olmadi. Shu tomonlama Ronaldu unga o‘rnak bo‘ladi. Chunki Turin klubi futbolchilari ham dastlab uni uncha sig‘dirishmadi, ammo Ronaldu "Yuventus"dagi yangi jamoadoshlari bilan til topishib ketdi. O‘z-o‘zidan yetakchilik Krishtianuga o‘tdi. Agar Neymar ham "PSJ" futbolchilari bilan do‘stona munosabatda bo‘lganida, o‘zining ustunligini kibri ham talablari bilan emas, o‘yini bilan ko‘rsatganida ehtimol, jamoada yetakchilik uning qo‘liga o‘tishi tayin edi. Lekin...

Raqibga nisbatan hurmatsizlik

Sen raqibingdan qanchalik ustun bo‘lsa, uni hurmat qilishing shart. Bu yillar sinovidan o‘tgan maqol. Neymarda esa ana shu jihat sezilmasdi. Imkon qadar raqiblarining ustidan kulishga, "Ko‘rib qo‘y, seni yosh bolalarcha aldab ketaman, ko‘rdingmi?" degandek turli qiliqlar ko‘rsatishga uringan futbolchi raqiblari tomonidan juda sovuq qarshi olindi. Bu esa jarohatlarga olib keldi.

Neymar — "PSJ" futbolchisi. Ayni damda "PSJ" va braziliyalik futbolchini shu jumla bog‘lab turadi, xolos. Neymar na YECHLda gollari bilan yordam berdi, na milliy chempionatda biror nimani qoyillatdi. Shu bilan birga, Mbappe degan yosh sehrgar paydo bo‘ldiki, Neymarning bilinar-bilinmas ahamiyati umuman ko‘rinmay qoldi. Qolaversa, Neymar o‘zi ketishni istagan jamoaga yana qaytishni xohlamoqda. "Barselona" esa Neymar ketayotgan mahal uni olib qolishga juda uringan, buni istagan edi. Endi esa Neymarning qaytishiga u qadar ishtiyoqmand emas. Qolaversa, Grizmann xarididan keyin bu ishtiyoq yanada susaygani tabiiy.

"PSJ" Neymarni sotishi kerak. Sotishga rozi ham. Lekin transfer mavsumi yakunlanay deb turgan bir paytda talabgorlar sanoqli. Bori ham "PSJ" istagandek to‘liq pul bermoqchi emas, o‘z futbolchisini tiqishtiryapti...

Neymar voqeasi shuni ko‘rsatadiki, qanchalik iqtidorli, mahoratli bo‘lmang, xarakteringiz salbiy bo‘lsa, hech kimga keragingiz bo‘lmaydi. "Olim bo‘lish oson, odam bo‘lish qiyin", deyishadi-ku! 

Nizomjon ISLOMOV

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 07:45, 08.08.2019.
O'qildi: 9234 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.