Eng yaxshi ikkinchi darajali rol ijrochilari
Stadion.uz Yevropaning eng kuchli 5 ta chempionatida ajoyib o‘yin ko‘rsatayotganiga qaramay, soyada qolib ketayotgan 5 ta futbolchiga qisqacha to‘xtalib o‘tadi.
Luiji Sepe (“Parma”)
Bu mavsumda “Parma” darvozasiga har bir o‘yinda o‘rtacha 18,4 bor zarba yo‘llanilmoqda. “Kuchli beshlik” klublari orasida hech qaysi jamoaning darvozasiga bu qadar ko‘p o‘qqa tutilmayapti.
Ayni damda aksariyat muxlisalar Alisson yoki Oblakning o‘yinlaridan zavq olishayotgani rost, biroq “Parma” darvozaboni ko‘rsatayotgan qahramonliklardan ko‘pchilik bexabar qolmoqda. Sepe mavsum davomida o‘z darvozasiga yo‘llangan zarbalarning 76,9 foizini bartaraf etibgina qolmay, 100 ta seyv qilishga ham ulgurdi. Aynan uning mardonavor o‘yinlari sababli “Parma” jamoasi turnir jadvalida “Napoli” va “Milan”dan teparoqqa joylashib oldi.
Rikardo Pereyra (“Lester”)
APLdagi eng yaxshi o‘ng qanot himoyachisi haqida so‘z borsa, barchaning hayoliga birinchi bo‘lib Trend Aleksandr Arnold kelishi aniq. Darhaqiqat, bu mavsumni ingliz ajoyib tarzda o‘tkazmoqda, biroq “Lester” safidagi Rikardo Pereyraning ham fantastik mavsum o‘tkazayotganini unutmaslik lozim. Portugaliya terma jamoasi muqim o‘rin topa olmagan loterial “tulkilar”ning almashtirib bo‘lmas futbolchisga aylanishni uddalaganini alohida qayd etib o‘tish joiz. Davom etayotgan mavsumda Pereyra 3 ta gol va 3 ta assistni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Uning himoyadagi o‘yinlari ham chakki emas. Masalan, qahramonimiz har bir o‘yinda o‘rtacha 4,3 bor to‘p uchun kurashlarda g‘olib chiqmoqda. Eng muhimi esa, Pereyra APL jamoalari orasida birga-bir kurashlarda eng yaxshi statistika egasi sanaladi. Chinakam “jangchi”!
Luis Alberto (“Latsio”)
Rimning “Latsio” klubi chempionlik uchun kurashga kirishganidan xabaringiz bor. “A seriya”ni kuzatib boradigan muxlislar yaxshi bilishadi. Bu mavsumda “Latsio” ning asosiy quroli sifatida Chiro Imobili ko‘zga tashlanmoqda. Italiyalik hujumchining o‘yinlariga gap so‘z bo‘lishi mumkin emas, biroq “burgutlar”ning haqiqiy qahramoni qanchalar yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgan bo‘lsada soyada qolib ketmoqda. Anchadan beri butun boshli jamoaning hujumini boshlab berayotgan arxitektor Albertoga qoyil qolmaslining iloji yo‘q. 27 yoshli ispan o‘z xisobiga 3 ta gol va 11 ta assistni yozib qo‘yishga muvaffaq bo‘libgina qolmay, “Latsio”ning o‘yin tempini ham belgilab bermoqda. Uning muqim bir pozitsiyasi mavjud emas.
Kris Smolling (“Roma”)
Ba’zilar “Liverpul”dagi Gomezni ko‘klarga ko‘tarayotgan bir paytda, Kris Smolling “Roma” safida maydonni “yondirmoqda”. Rimliklarning ishlari u qadar yurishmayotganiga qaramay, Smolling yuqori saviyasini ushlab qolishni uddalamoqda. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, Smolling har bir uchrashuvda o‘rtacha 4,3 ta to‘p uchun havoda bo‘layotgan kurashda g‘olib chiqmoqda. U ijro etgan paslarning 90 foizi aniq manziliga yetib boribgina qolmay, qahramonimiz 3 ta gol va 2 ta assistni amalga oshirishga ham muvaffaq bo‘ldi.
Alfonso Devis (“Bavariya”)
Bu mavsumda “Bavariya”ning bir yo‘la ikki markaziy himoyachisi jarohat olgani bois, Flik Alabani markazga ko‘chirdi va qanotga Alfonso Devisni joylashtirdi. Imkonsizlikdan qilingan tanlov kutilganidan ham yaxshiroq natija berdi. Bunaqasi futbolda juda kam uchraydi. Boz ustiga grand jamoalardagi yoshlar bilan. Devis bir o‘zi butun qanotda hukmronlik o‘rnatishni uddalay oldi. Uning xisobida 4 ta assist va 1 ta gol so‘zimizga isbot bo‘la oladi. U endigina 19 yoshga to‘ldi. Bu yigitchani yaxshilab kuzating. Uni porloq kelajak kutmoqda.
Xose Bordalas (“Xetafe”)
Bugunga kelib barcha ishqibozlar Nagelsman, Rojers, Inzagi va Gasperini haqida to‘lqinlanib so‘zlashmoqda, biroq “Xetafe”ning o‘ziga o‘xshash kamtarin murabbiyi Xose Bordalas bilan “hech kimning ishi yo‘q”. Ayni damda YECHL yo‘llanmalasi uchun kurash olib borayotgan jamoa bosh murabbiyini alohida qayd etib o‘tish joiz. Xose matbuot anjumanlarida jamoaning asosiy maqsadi elitada jon saqlab qolish ekanligini takrorlayotgan bo‘lsada, uning jamoasi “Atletiko Madrid”ni musobaqa jadvalida quvib o‘tishni uddaladi. Yaqindagina “Valensiya”ni yirik (3:0) xisobda dog‘da qoldirgan klub o‘z maqsadi sari dadil odilmoqda. Agar, “Xetafe” mavsum so‘nggida kuchli uch jamoadan biri bo‘lishni uddalasa, Xose Bordalas klubda uzoq qolmasligini aniq.